Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Bomdod namozidan keyin oyog‘ini yiqqan holida turib, gapirmasdan oldin o‘n marta «Laa ilaha illallohu, vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu, yuhyi va yumiytu va huva ’ala kulli shayin qodiyr» desa, unga o‘n hasanot yozilur, uning o‘n xatosi o‘chirilur, uning o‘n darajasi ko‘tarilur. O‘sha kuni u barcha yoqimsiz narsalardan himoyada bo‘lur va shaytondan saqlanur. O‘sha kuni uni gunoh ham tutmas, magar Alloh taologa shirk keltirmagan bo‘lsa», dedilar.
Duoning ma’nosi: "Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning O‘zi yolg‘izdir, Uning sherigi yo‘qdir, mulk va hamd Ungadir, tiriltirur va o‘ldirur, va U hamma narsaga qodirdir".
Deyarli ko‘pchilik mashoyixlar va o‘tgan azizlar ushbu rivoyatda kelgan duoni o‘zlariga kundalik vazifa qilib olganlar. Har bir kishi bunga amal qilmog‘i lozim. Chunki bomdod namozidan keyin o‘rnidan turmay, oyoqlari yig‘ilgan holda, dunyoviy gaplarni gapirmay turib bu duoni o‘qigan odamga ko‘pgina yaxshiliklar va’da qilinmoqda:
1. Unga o‘n hasanot yozilur.
2. Uning o‘n xatosi o‘chirilur.
3. Uning o‘n darajasi ko‘tarilur.
4. O‘sha kuni u barcha yoqimsiz narsadan himoyada bo‘lur.
5. Shaytondan saqlanur.
6. O‘sha kuni uni gunoh ham tutmas, magar Alloh taologa shirk keltirmagan bo‘lsa. Agar Alloh taologa shirk keltirgan bo‘lsa, ishi chatoq bo‘ladi.
Bu hadisi sharifga amal qilishni yo‘lga qo‘yish kerak.
«Hadis va hayot» kitobining 35-juzidan
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati