Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Noyabr, 2026   |   26 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:39
Quyosh
07:00
Peshin
12:12
Asr
15:31
Shom
17:16
Xufton
18:31
Bismillah
06 Noyabr, 2026, 26 Jumadul avval, 1448

Qabrda savol-javob qanday bo‘ladi?

06.11.2025   6539   7 min.
Qabrda savol-javob qanday bo‘ladi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon mo‘min qabrida o‘tirg‘izilsa, unga kelinadi. So‘ngra "Ashhadu alla ilaaha illallohu va anna Muhammadan Rasulullohi", deb shahodat keltiradi. Ana o‘sha Allohning «Alloh iymon keltirganlarni bu dunyo hayotida ham, oxiratda ham sobit so‘z ila sobitqadam qilur», deganidir» (Ibrohim surasi, 27-oyat), dedilar».

Sharh: «Qachon mo‘min qabrida o‘tirg‘izilsa» –  bu ish u dafn qilinib, ustiga tuproq tortilganidan keyin bo‘ladi. Uni qabrida o‘tirg‘izib, so‘roq qilish boshlanadi.
«Unga kelinadi», ya’ni uning oldiga so‘roq qilinishi uchun kelinadi. Bu ishni bajargani Munkar va Nakir ismli ikkita qoramtir ko‘k rangdagi farishtalar keladilar. Ularning ko‘rinishi farishtaga ham, odamga ham o‘xshamaydi. Savol-javob qanday bo‘lishi kelgusi hadisda bayon qilinadi. Mo‘min-musulmon kishi iymoni va solih amallari tufayli kalimai shahodatni aytishga muyassar bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni Karimda ham xabar bergan ekan.
Alloh taolo bizlarni ham ana shunday sobit kalima egasi bo‘lgan bandalaridan qilsin.

عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ الْعَبْدَ إِذَا وُضِعَ فِي قَبْرِهِ وَتَوَلَّى عَنْهُ أَصْحَابُهُ وَإِنَّهُ لَيَسْمَعُ قَرْعَ نِعَالِهِمْ، أَتَاهُ مَلَكَانِ فَيُقْعِدَانِهِ فَيَقُولَانِ: مَا كُنْتَ تَقُولُ فِي هَذَا الرَّجُلِ؟ - لِمُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ -، فَأَمَّا الْمُؤْمِنُ فَيَقُولُ: أَشْهَدُ أَنَّهُ عَبْدُ اللهِ وَرَسُولُهُ، فَيُقَالُ لَهُ: انْظُرْ إِلَى مَقْعَدِكَ مِنَ النَّارِ، قَدْ أَبْدَلَكَ اللهُ بِهِ مَقْعَدًا مِنَ الْجَنَّةِ، فَيَرَاهُمَا جَمِيعًا، وَأَمَّا الْكَافِرُ أَوِالْمُنَافِقُ فَيُقَالُ لَهُ: مَا كُنْتَ تَقُولُ فِي هَذَا الرَّجُلِ؟ فَيَقُولُ: لَا أَدْرِي، كُنْتُ أَقُولُ مَا يَقُولُ النَّاسُ، فَيُقَالُ: لَا دَرَيْتَ وَلَا تَلَيْتَ، وَيُضْرَبُ بِمَطَارِقَ مِنْ حَدِيدٍ ضَرْبَةً، فَيَصِيحُ صَيْحَةً يَسْمَعُهَا مَنْ يَلِيهِ غَيْرَ الثَّقَلَيْنِ. رَوَاهُمَا الْخَمْسَةُ.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, banda qachon qabriga qo‘yilsa-yu, undan sohiblari qaytib ketsa, u ularning kavushlarining taqillaganini eshitib turganida oldiga ikki farishta kelib, uni o‘tirg‘izishadi va:
«Bu odam – Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqida nima der eding?» deyishadi. Mo‘min bo‘lsa:
«Shahodat beramanki, albatta, u Allohning bandasi va Rasulidir», deydi.
Unga: «Do‘zaxdagi o‘rningga nazar sol, batahqiq, Alloh senga uni jannatdagi o‘ringa almashtirib berdi», deyiladi. U ikkovini ham ko‘radi.

Kofir yoki munofiqqa esa:
«Bu odam haqida nima der eding?» deyiladi.
«Bilmadim, odamlar aytadigan narsani aytar edim», deydi. Bas, unga:
«Bilmading ham, (bilganlarga) ergashmading ham», deyiladi va temirdan bo‘lgan gurzi bilan bir uriladi. O‘shanda u shunaqangi qichqiradiki, insu jindan boshqa hamma eshitadi», dedilar» (Beshovlari rivoyat qilganlar).

Sharh: Ushbu hadisda Ahli Sunna val jamoa aqiydasi bo‘yicha Qur’on va sunnat bilan sobit bo‘lgan aqiydaviy masala – qabr savoli va azobi haq ekanligi va uning qay yo‘sinda bo‘lishi haqida so‘z bormoqda. Bu hadisni diqqat bilan o‘rganishimiz va undagi har bir masalani aqiyda ma’nosida singdirib olishimiz hamda har lahzada undagi holatni eslab turishimiz lozim.
O‘lmaydigan kim bor? Hamma ham o‘ladi. O‘lim har bandaning boshida bor.
O‘lim nima?
Inson o‘lganidan keyin nima bo‘ladi?
Uning holi ne kechadi?
O‘lim kishining yuragi urishdan to‘xtab, qon aylanmay, qimirlamay qolishidan iborat xolosmi?
Yoki boshqa narsalar ham bormi?
Inson o‘lganidan keyin hamma ish bitadimi?
Qabrida chirib, tuproqqa qo‘shilib ketaveradimi?
Unday bo‘lsa, uni boshqa hayvonlar, qurt-qumursqalardan nima farqi bor?
Yoki inson bu dunyoda turli hayvon va qurtu qumursqalardan farqli bo‘lib, aql bilan yashaganligi uchun o‘lganidan keyin ham unga boshqacha, insonga to‘g‘ri keladigan munosabat bo‘lishi kerakmi?
Islom aqiydasi bo‘yicha, bu dunyo inson uchun sinov maydoni, xolos. Asosiy hayot diyoriga o‘tishdan oldin imtihon topshirib, u yoqdagi hayotga o‘zining naqadar haqli ekanligini isbot qilish fursati, xolos.
Ana o‘sha boqiy dunyodagi martabasi uchun inson ushbu foniy dunyoda harakat qiladi.
Islomda insonning o‘lishi – bu dunyodan u dunyoga o‘tgani, foniy dunyodan boqiy dunyoga ko‘chishi, xolos.
Yangi, boqiy dunyoda uni farishtalar kutib olib, o‘z o‘rniga joylashtiradilar. Qanday joyga munosib ekanligini o‘ziga bildirish uchun so‘roq-savol qiladilar, qo‘lidagi nomai a’molini ko‘radilar. So‘ng unga joy ko‘rsatadilar. Ana shu ishlar qabrdan boshlanadi. Ushbu biz o‘rganayotgan hadisi sharifda aynan qabrda nimalar kechishi haqida so‘z ketmoqda. Keling, bir-bir o‘rganib chiqaylik:

1. Qabrdagi yangi ko‘milgan kishi o‘zini ko‘mib ketayotgan odamlarning oyoq tovushlarini eshitishi. Bu haqiqat hozirgi zamon ilmi orqali ham tasdiqlandi.
2. Qabr savolining ko‘mib, qaytayotgan kishilar qabrdan uzoqlashmay turiboq boshlanishi.
3. Qabr savolining ikki farishta tomonidan olib borilishi.
4. Qabrdagi kishini o‘tirg‘izib olib, so‘roq qilinishi.
5. Beriladigan savollardan biri Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam haqlarida bo‘lishi.
6. Bu dunyoda mo‘min-musulmon bo‘lib, iymoni va amali joyida bo‘lgan kishi qabr savoli vaqtida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haqlaridagi savolga dadil va aniq javob berishi.
7. Mo‘min-musulmon kishining dadil va aniq javobidan keyin haligi ikki farishta agar u mo‘min-musulmon bo‘lmaganida, do‘zaxdagi uning joyi qaysi bo‘lishini ko‘rsatishi.
So‘ngra mo‘min-musulmonligi tufayli unga jannatdan beriladigan joyni ko‘rsatishlari. Alloh barchamizni ana o‘shanday baxtli kishilardan qilsin.
8. Kofir va munofiqlar ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haqlarida so‘roq qilinishlari. «U dunyoda bu odam haqida nima der eding?» deb so‘ralishi.
9. Kofir «Bilmasam», deb javob berishi.
Tilida musulmonman, deb yurgan odam esa «Odamlar nima desa, o‘shani aytar edim», deyishi.
Demak, Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqlarida odamlar nima desa, o‘shani aytib yurish kifoya qilmas ekan. Kishining qalbida u zot sollallohu alayhi vasallam haqlarida mustahkam e’tiqod bo‘lishi, zoti shariflarini aniq bilish lozim ekan.
10. Kofir va munofiq savolga javob bera olmaganidan keyin unga qattiq so‘z aytilib, boshiga temir gurzi bilan urib, azob berish boshlanishi.
Qabr azobi mana shu bo‘ladi. Qabr azobining bayonotlari boshqa hadislarda ham keladi.
11. Qabrida temir gurzidan kaltak yegan kofir va munofiqning dod-voyini odam va jinlardan boshqa hamma mavjudot eshitishi.
Bu dunyo hayotida ushbu narsalarga to‘liq iymon keltirib, qabrga kirganda yaxshi holda bo‘lishga loyiq ishlarni qilishga o‘tish lozim.

«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

MAZHAB USHLASH FITNAGA SABAB BO‘LADIMI?

06.11.2026   1202   2 min.
MAZHAB USHLASH FITNAGA SABAB BO‘LADIMI?

Da’vo: Mazhab ushlash fitnaga sabab bo‘ladi.

Raddiya: Bu fikr tashqi jihatdan birlikka chaqiriqdek ko‘rinsa-da, ilmiy jihatdan masalaga soddalashtirilgan va tarixiy tajribaga zid yondashuvdir.

Avvalo, mazhab degani Qur’on va sunnatdan mustaqil din emas. Mazhab – Qur’on va sunnatni tushunish metodologiyasi. Xususan, Abu Hanifa asos solgan hanafiy maktabi Qur’on va sunnat matnlarini usuliy qoidalar asosida istinbot qilish tizimidir.

Demak, mazhab tafarruq emas, balki tartibli fiqhiy tafakkur shaklidir.

Ikkinchidan, tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, musulmon jamiyatlarida to‘rtta fiqhiy maktabning mavjudligi fitna emas, balki ilmiy xilma-xillik sifatida qabul qilingan. Fitna asosan mazhablar mavjudligidan emas, balki jaholat va mutaassiblikdan kelib chiqqan. Ilmiy maktabning o‘zi emas, balki uni noto‘g‘ri tushunish muammo tug‘diradi.

Uchinchidan, “mazhabsizlik birlik keltiradi” degan g‘oya amaliyotda aksini ko‘rsatdi. Har kim matnni o‘z fahmiga ko‘ra talqin qila boshlaganda, yagona mezon yo‘qoladi va natijada ko‘plab mustaqil, bir-birini inkor qiluvchi qarashlar paydo bo‘ladi. Bu esa birlashuv emas, balki parokandalikni kuchaytiradi. Usulsiz ijtihod fitnaga yaqinroq.

Aqidaviy va fiqhiy muvozanat nuqtayi nazaridan Abu Mansur Moturidiy an’anasi shuni ko‘rsatadiki, dinni tushunishda ilmiy mezon zarur. Mezonsiz “to‘g‘ridan to‘g‘ri Qur’on va sunnatga ergashish” shiori amalda subyektiv talqinlarga yo‘l ochadi. Tarixda aynan shunday yondashuvlar bir-birini “Ahli sunna emas” deb chiqarishgacha olib borgan.

Shuni ham unutmaslik kerakki, sahobalar davridayoq fiqhiy ixtilof mavjud edi. Lekin bu ixtilof ummatni bo‘lmagan. Chunki u usul asosida edi. Mazhablar ana shu sahoba va tobeinlar merosining tizimlashtirilgan shaklidir.

Xulosa qilib aytganda, mazhabning o‘zi fitna emas. Fitna – ilmiy mezonsizlik, jaholat va takfiriy ruhiyatdir. Mazhab esa asrlar davomida ummatni tartibga solgan, fiqhiy birlikni saqlagan institutdir. Shuning uchun “mazhab ushlash fitna” degan umumiy hukm ilmiy asosga ega emas va tarixiy tajribaga zid xulosadir.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA