Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda qator vazirlik va idoralar hamkorligida 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan joriy yilning 10-15-noyabr kunlari respublikaning barcha hududida "Bag‘rikenglik haftaligi" o‘tkaziladi.
Haftalikni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – mamlakatimizda millatlararo totuvlik, dinlararo hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat va birdamlik fazilatlarini targ‘ib etishdan iborat.
Haftalik doirasida viloyatlar va Toshkent shahridagi nufuzli tomosha maydonlari, so‘lim hiyobonlar va bog‘larda turli madaniy, ilmiy-amaliy va ma’rifiy tadbirlar, "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" shiori ostida konsert dasturlari, foto ko‘rgazmalar, qardosh xalqlar yozuvchi-shoir va rassomlarining badiiy asarlari taqdimoti, turli ekskursiyalar, sport o‘yinlari, intellektual va boshqa turdagi musobaqalar o‘tkaziladi.
Barcha yurtdoshlarimizni bag‘rikenglik, hamjihatlik va totuvlik bayramini birgalikda nishonlashga chorlaymiz!
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati