Ma’naviy ozuqa olishning, chin inson bo‘lib yetishishning asosiy yo‘li — kitob mutolaasidir. Inson kamoloti manbai ham kitobdir. Darhaqiqat, kitob — insonning dunyoqarashini kengaytirib, nutqini o‘stiruvchi, xotirasi va fikrlash qobiliyatini mustahkamlovchi ma’naviy sarchashmadir. Ana shunday bebaho asarlardan biri — Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan tasnif etilgan “Ey bandalarim... Bir qudsiy hadis sharhi” nomli kitobdir.
Joriy yilning 19 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi tomonidan mazkur asarning taqdimoti o‘tkazilib, tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Tadbirni Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi, ustoz Habibulloh domla Zokirov ochib berib, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Ey bandalarim... Bir qudsiy hadis sharhi” kitoblari bugungi kun va kelajak uchun o‘ta dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. U kishi asarning xalqimiz, imomlar, noiblar va otinoyilar uchun manfaatli bo‘lishini Yaratgandan so‘radilar.
Kitob muqaddimasida har bir o‘quvchi Ustoz Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining marhum ota-onalari haqlariga duo qilish iltimosi keltirilgani ham ayni muddaodir. Chunki ota-ona xizmatini inkor etib bo‘lmaydi — olim farzandning har bir yutug‘ida ularning mehri va duosi turgan bo‘ladi.
Shuningdek, hazratning “Yoshlarga nasihatim” kitoblari o‘zbek va rus tillarida chop etilayotgani ham muborak xabar sifatida qayd etildi. U kishi tomonidan yozilgan “Islomda Vatan tushunchasi”, “Fitna – ko‘z ilg‘amas xatar”, “Haj — buyuk ibodat”, “Umra — ulug‘ amal” kabi asarlar ham har birimiz uchun muhim qo‘llanma ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida vakillik o‘rinbosari Sulton Jangirov, Abdurauf domla Yorbekov, Oqoltin tumani bosh imom-xatibi Mansurjon Ismailov, Boyovut tumani bosh imom-xatibi Fayzulloh domla Eshbekov kitob haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, Xovos va Mirzaobod tumanlari bosh imom-xatiblari ham asarning ahamiyati, imomlar, noiblar va barcha diniy soha xodimlari uchun muhim manba ekanini qayd etib o‘tdilar.
Guliston shahar bosh otinoyisi Mavluda Yo‘ldosheva ham asarning o‘ziga xos jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir so‘ngida xayrli duolar qilindi va taqdimot ko‘tarinki ruhda o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Sirdaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati