Rajab oyi hijriy –qamariy yil hisobining 7 oyi hisoblanadi. Rajab oyining nomlanishidagi “rajab” so'zi nima ma'noni anglatadi?
“Rajab” so'zi arabcha so'z bo'lib, u o'zbek tilidagi “qo'rqmoq”, “ulug'lamoq” kabi so'zlarning ma'nolarini ifodalaydi.
Ma'lumki, hijriy-qamariy yil hisobida to'rtta shahrul-haram oy bo'lib, shulardan biri Rajab oyidir. Rajab oyi shahrul-haram ya'ni Alloh taolo insonlar orasida urush-nizo, janjallarni harom qilgan oydir.
Qadimda Rajab oyi kelsa, bu oyning hurmatidan insonlar o'zaro ixtiloflarni, urush-janjallarni to'xtatganlar. Bu esa Rajab oyi insonlarga xotirjamlik-tinchlik baxsh etadigan oy ekanligiga dalolat qiladi. Halqimiz Rajab oyini hurmatlab bu oyda tug'ilgan bolalarga Rajab deb ismlar qo'yishadi.
Mana xalqimizning “To'rt inog'a” deb ataydigan oylarning to'rtinchisi bo'lgan “Jumadul-oxir” oyi ham oxirlab qoldi. Bu yil 13 Yanvar' shanba kunidan Rajab oyi boshlanadi.
Rajab oyi ko'rinsa, uni barokatli bo'lishini Alloh taolodan so'rab duo qilamiz. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon yangi chiqqan oyni ko'rsalar shunday duo qilardilar:
"اللَّهُمَّ أَهِلَّهُ عَلَيْنَا بِالْيُمْنِ وَالْإِيمَانِ وَالسَّلَامَةِ وَالْإِسْلَامِ وَالتَّوْفِيقِ لِمَا تُحِبُّ وَتَرْضَى رَبُّنَا وَرَبُّكَ اللَّهُ اللَّهُ أَكْبَر "
“Allohu akbar, Allohumma ahillahu alayna bil-yumni val-iymani, vas-salaamati val-tavfiqi, limaa tuhibbu va tarzo robbuna va robbukalloh ”.
"Allohu Akbar(Alloh buyuk), Ey, Allohim! Bu oyni bizlarga baraka va imon, salomatlik va Islom va O'zing yaxshi ko'radigan, rozi bo'ladigan narsaga muyassar etish bilan chiqar. Ey, hilol, mening ham, sening ham Robbing Allohdir!" ( Imom Termiziy va Dorimiy rivoyati).
Alloh taolo kirib kelayotgan Rajab oyini barakali oylardan qilsin!
Ruhiddin Akbarov,
O'MIning Qashqadaryo viloyatidagi vakillik xodimi
Shogird ustozi bilan suhbat qilib o‘tirgan edi. Shogird ustozidan so‘radi:
– Ustoz, dunyodan o‘tganingizdan keyin odamlar sizni qanday xotirlashini xohlar edingiz?
Ustoz bir muddat sukut saqlab, so‘ng savolga javob berdi:
– Bizni odamlar qay tariqa eslashlari muhim emas. Balki qabrda va Allohning huzurida qanday kutib olinishimiz muhim. Deylik, oradan bir asr o‘tib, bolalarimiz, balki nabiralarimiz ham olamdan o‘tib ketar. Biz hozir qiynalib, umrimizni, topgan mablag‘imizni sarflab qurdirgan uylarimiz buzilib ketar yo ularda boshqalar yashar. Shuning uchun o‘lgach, bizni kim nima deb eslashiga emas, abadiy safarga hozirlik ko‘rishimiz kerak.
Ha, azizlar! Bu dunyoda yashar ekanmiz, kim uchun yaxshi ota-ona, kim uchun yaxshi umr yo‘ldosh, kim uchun yaxshi farzand bo‘lishga harakat qilamiz. Jamiyatda esa o‘zimizdan yaxshi nom qoldirishga urinamiz. Lekin bu ishlar zamirida Alloh taoloning amir va qaytariqlariga amal qilish yotganini ba’zan unutib qo‘yamiz. Yelib-yugurishlarimiz faqat odamlar uchungina bo‘lib qoladi.
Aslida mo‘min odam har bir amalini xolis Alloh uchun qilib, imkon qadar boshqalardan yashirishi lozim. Aks holda qilgan amalining savobidan mahrum bo‘ladi. Eng yomoni ba’zilar mana shunday nojoiz ishni qilib, kamiga suratga ham oldirib tarqatmoqda.
Tustariy rahimahullohdan so‘rashdi: “Nafsga eng og‘ir narsa nima?”. Aytdiki: “Ixlos – nafsga eng og‘ir narsa. Chunki ixlosda nafs uchun nasiba bo‘lmaydi”. Ixlosning alomati shuki, amal qiluvchiga uning amalidan odamlar xabardor bo‘ldimi-yo‘qmi – unga farqi bo‘lmaydi.
Endi o‘zimizni bir taftish qilaylik-chi, kunlik ishlarimiz, amallarimiz shu mezonga mos kelarmikan?..
Akbarshoh Rasulov