frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Yangiliklar

Al-Azhar va O‘zbekiston o‘rtasida yangi ilmiy loyihalar boshlanadi

10.12.2025   13515   1 min.
Al-Azhar va O‘zbekiston o‘rtasida yangi ilmiy loyihalar boshlanadi

Misrdagi islom olamining nufuzli ilmiy-diniy markazi — Al-Azhar rahbariyati O‘zbekiston bilan ilmiy va ma’rifiy sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Bosh imom shayx Ahmad at-Tayyib O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuvda ikki tomonlama ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi.


Uchrashuvda ta’lim va ilm-fan sohasidagi qator qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi. Jumladan, quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi:

  • ulamolar va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
  • o‘zbek talabalarining Al-Azharda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash;
  • qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;
  • konferensiyalar, master-klasslar va o‘quv seminarlarini tashkil etish.
     

O‘zbekiston tomoni uchrashuv davomida mamlakatda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ekstremizm va radikal g‘oyalarning oldini olish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, yoshlar bilan ishlashda ma’rifatning o‘rni haqida ma’lumot berdi.


Shayx Ahmad at-Tayyib O‘zbekiston bilan hamkorlikni tarixan muhim aloqa sifatida baholab, ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy va ta’limiy munosabatlarni yanada chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladi.


Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida:

  • qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
  • akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
  • talabalar va mutaxassislar uchun qo‘shimcha grantlar ajratish;
  • ma’rifiy tadbirlarini muntazam o‘tkazish bo‘yicha kelishib olganini bildirdi.

Tayyorlagan: Otabek Matnazarov

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda jahon xattotlar tanlovi 26 avgustda e’lon qilinadi

25.08.2026   8277   2 min.
O‘zbekistonda jahon xattotlar tanlovi 26 avgustda e’lon qilinadi

O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.

«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.

Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.

Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.

Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.

Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.

O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.

Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.

Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.

Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari