2024–2025 o‘quv yilida diniy ta’lim muassasalarini muvaffaqiyatli tamomlab, viloyatimiz masjidlarida xizmat vazifasiga tayinlangan soha xodimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir yosh imomlar va imom-noiblarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda zarur tavsiyalar berish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Alisher domla Naimov hamda viloyat vakilligi xodimlari ishtirok etdilar. Suhbat davomida masjidlarda faoliyat yuritayotgan yosh imomlar va imom-noiblarning ish boshlaganlaridan buyon amalga oshirgan faoliyati, jamoa bilan ishlash tajribasi hamda muommolari tinglandi.
Muloqot chog‘ida Ubaydulloh domla Abdullayev yosh imomlarning xizmat faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularning tashabbuslari, mas’uliyati va jamoatchilik bilan olib borayotgan ishlariga alohida to‘xtaldilar. Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasining hamda Farg‘ona viloyati vakilligi rahbariyati, tashkiliy tuzilmasi va asosiy vazifalari, shuningdek, ish uslubi va talablari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Tadbirda imomlik yuksak ma’naviy mas’uliyat va sharafli xizmat ekani ta’kidlandi. Imom-xatiblar va imom-noiblar jamiyatda har tomonlama ibrat bo‘lishi, o‘z odobi, so‘zi va amali bilan insonlarni ezgulikka chorlashi lozimligi qayd etildi. Ayniqsa, yoshlar bilan ishlash, oilalar mustahkamligi, diniy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini zamon talablari asosida olib borish muhim vazifalardan ekani uqtirildi.
Uchrashuv yakunida yosh soha xodimlariga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab, doimiy izlanish, bilim va malakasini oshirib borish zarurligi ta’kidlandi. Bunday uchrashuvlar yosh imomlarning kasbiy o‘sishi, mas’uliyati va jamiyat oldidagi burchini yanada chuqur anglab yetishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugun, 13 mart kuni juma namozini Toshkent viloyati Qibray tumani “Baytqo‘rg‘on” jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga muborak oyning oxirgi dahasini g‘animat bilish, bu damlardan unumli foydalanib qolish borasida go‘zal suhbat qilib berdilar.
Alloh taolo oxirgi o‘n kunlikni o‘ziga xos fazilat va lutfu ehsoni bilan sharafli qilganki, bunga boshqa kun va oylarda yetishishning iloji yo‘q. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham boshqa oylarda qilmagan ba’zi amallarni shu oyda qilganlar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu oxirgi o‘n kunlikda ibodatlarga yanada jiddu jahd bilan kirishish, vaqtni g‘animat bilish, Qadr kechasini izlash kabi amallarni sanab o‘tar ekan, ayniqsa, Qadr kechasida qilingan solih amal boshqa ming oyda qilingan amaldan yaxshiroq bo‘lishini oyati karima bilan keltirib o‘tdilar. Zero, Alloh taolo Qadr surasining 3-oyatida “Qadr kechasi ming oydan ham yaxshiroqdir” deb marhamat qilgan.
Ma’ruzada jamiyatdagi birlik, inoqlik, o‘zaro yordam va muhabbat asosida qarindoshlarga yaxshilik qilish yotishi ta’kidlandi. O‘zaro arazlashganlar bo‘lsa yarashishga chaqirildi.
Shuningdek, bu yilgi Ramazon oyi o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda o‘tayotgani, buning asosiy sababi – Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan keng ko‘lamli xayriya va ijtimoiy ko‘mak tadbirlarining amalga oshirilayotgani ekani e’tirof etildi.
Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu g‘animat damlardan unumli foydalanib, O‘zining roziligiga erishadigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati