Shayx Abdul Fattoh Abu G'udda (1336-1417)
Abdulfattoh ibn Muhammad ibn Bashir ibn Hasan Abu G'udda Halab (Suriyaning shimoli)da tug'ilgan. Olimning nasabi Holid ibn Validga borib etadi. Shayxning xonadonlarida ushbu nasab shajarasi hamon saqlanib kelinadi.
Otasi Muhammad taqvosi, Qur'on qiroati bilan tanilgan shaxslardan edi, ota kasb – to'qima gazlamalar savdosi bilan shug'ullanardi. Bobosi Bashir ham Halabdagi to'qima gazlama savdogari edi. Onalari esa Fotima Muzaktaliy olima, fozila ayollardan edi.
Shayx boshlang'ich ma'lumotni tug'ilgan shahrida oldi va oliy ma'lumot olish uchun Misrning "Al-Azhar" universitetiga o'qishga kirdi. XIV asrning tengsiz ulamosi Zohid Kavsariydan (1296-1371) juda ko'p ilmiy manfaatlar oldi.
Shuningdek, Shayx Muhammad Abu Zahra (1898-1974) faqih olim; Shayx Muhammad Huzar al-Husayn (1876-1958) tafsir va fiqh sohasida o'z asrining allomasi, xususan Molikiy mazhabi va qiyosiy fiqhda bilimdon bo'lgan; Shayx Yusuf Dujaviy (1893-1963) faqih, alloma; Shayx Abdulmajid Darroz; Shayx Ahmad Muhammad Shokir (1893-1963) muhaddis; Shayx Mahmud ibn Muhammad Shaltut (1893-1963) mufassir, faqih va Azhar shayxi; Shayx Mustafo Sabriy (1869-1954); Shayx Abdulhalim Mahmud (1907-1978) mufassir, mutasavvif, adib; Shayx Iyso Manun (1889-1956) faqih; Shayx Abdulvahhob Hallof (1888-1956) muhaddis, faqih, meros ilmi kabi fanlar bo'yicha mutaxassis va boshqa etuk ulamolardan ilm oldi.
Shayx Abdul Fattoh hadis ilmi bo'yicha mutaxassis edi. Ko'plab klassik asarlarga izohlar yozgan. Damashq universitetining shariat fakul'tetida mudarris bo'lib faoliyat yuritdi. U erda uch yil "usul al-fiqh", "hanafiy fiqhi", "mazhablar orasidagi qiyosiy fiqh"dan dars berdi. Undan keyin Ibn Hazmning mahalliy fiqhi entsiklopediyasini tuzishda ham ishtirok etdi. U ikki jildda nashr etildi.
Bundan tashqari, 1385-1408 yillar davomida Ar-Riyoz (Saudiya Arabistoni)dagi Muhammad ibn Saud universitetining hadis fakul'teti va boshqa fakul'tetlarida ma'ruzalar o'qidi. Bir muddat Qirol Saud universitetida (Ar-Riyoz) ham dars berdi.
Shayx Abdul Fattoh Ar-Riyozda vafot etdi. Baqi qabristoniga dafn etilgan.
Muftiy Ibrohim Desai rahimahullohning "Hadis ilmiga kirish" kitobidan olindi.
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov