23 mart kuni musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi boshlanadi. Tong otishidan quyosh botishigacha bo'lgan ro'za yashash manziliga qarab 12 dan 18 soatgacha davom etadi. Islom arkonlariga ko'ra, ro'zador kishi kunduzi ovqatlanish, ichish, chekish va jinsiy yaqinlikdan saqlanishi lozim.
Nega Ramazon har yili har xil kunda boshlanadi?
Har yili Ramazon avvalgiga qaraganda 10-12 kun oldin boshlanadi. Chunki Islom taqvimi hijriy qamariy taqvimga asoslangan va oylar 29 yoki 30 kundan iborat. Bu yil Makkada ro'zaning birinchi kuni 23 mart, payshanba kuni bo'ladi.
Qamariy yil quyosh yilidan 11 kunga qisqa bo'lgani uchun Ramazon oyi 2030 yilda ikki marta, avvaliga 5 yanvarda, keyin esa 25 dekabrda boshlanadi.
Keyingi safar Ramazon 33 yildan keyin, 2056 yilda 23 martda boshlanadi.
Dunyo bo'ylab ro'za tutish vaqtlari
Ro'za tutish soatlarining miqdori butun dunyo bo'ylab farq qiladi.
Chili yoki Yangi Zelandiya kabi dunyoning eng janubiy mamlakatlarida yashovchi musulmonlar bu yil o'rtacha 12 soat, Islandiya yoki Grenlandiya kabi shimoliy mamlakatlarda yashovchilar esa 17 soatdan ortiq ro'za tutishadi.
Shimoliy yarimsharda yashovchi musulmonlar uchun bu yil ro'za tutish soatlari biroz qisqaradi va 2031 yilgacha, ya'ni Ramazon eng qisqa kunni qamrab olgunga qadar kamayib boradi. Ekvatordan janubda yashovchi musulmonlar uchun esa buning aksi bo'ladi.
20 apreldan 22 avgustgacha quyosh botmaydigan Norvegiyaning Longyir kabi shimoliy shaharlarda Makka, Saudiya Arabistoni yoki eng yaqin musulmon mamlakati vaqti bo'yicha ro'za tutiladi.
Quyida dunyo shaharlarida ro'za tutish soatlarining o'rtacha miqdori keltirilgan. Haqiqiy miqdori hisoblash usullariga qarab o'zgarib turadi.
Qaysi shaharlarda ro'za tutish vaqti eng uzun?
– Nuuk, Grenlandiya: 17 soat
– Reykyavik, Islandiya: 17 soat
– Helsinki, Finlyandiya: 17 soat
– Stokholm, Shvetsiya: 17 soat
– Glazgo, Shotlandiya: 17 soat
– Amsterdam, Niderlandiya: 16 soat
– Varshava, Polsha: 16 soat
– London, Buyuk Britaniya: 16 soat
– Ostona, Qozog'iston: 16 soat
– Bryussel, Bel'giya: 16 soat
– Parij, Frantsiya: 15 soat
– Tsyurix, Shveytsariya: 15 soat
– Buxarest, Ruminiya: 15 soat
- Ottava, Kanada: 15 soat
– Sofiya, Bolgariya: 15 soat
– Rim, Italiya: 15 soat
– Madrid, Ispaniya: 15 soat
– Sarayevo, Bosniya va Gertsegovina: 15 soat
– Lissabon, Portugaliya: 14 soat
– Afina, Gretsiya: 14 soat
– Pekin, Hitoy: 14 soat
– Vashington, AQSh: 14 soat
– Pxenyan, Shimoliy Koreya: 14 soat
– Anqara, Turkiya: 14 soat
– Rabot, Marokash: 14 soat
– Tokio, Yaponiya: 14 soat
– Islomobod, Pokiston: 14 soat
– Kobul, Afg'oniston: 14 soat
– Tehron, Eron: 14 soat
– Bag'dod, Iroq: 14 soat
– Bayrut, Livan: 14 soat
– Damashq, Suriya: 14 soat
– Qohira, Misr: 14 soat
– Quddus: 14 soat
– Kuvayt, Kuvayt: 14 soat
– G'azo, Falastin: 14 soat
– Dehli, Hindiston: 14 soat
– Honkong: 14 soat
– Dakka, Bangladesh: 14 soat
– Maskat, Ummon: 14 soat
– Ar-Riyoz, Saudiya Arabistoni: 14 soat
– Doha, Qatar: 14 soat
– Dubay, BAA: 14 soat
– Adan, Yaman: 14 soat
– Addis-Abeba, Efiopiya: 13 soat
– Dakar, Senegal: 13 soat
– Abuja, Nigeriya: 13 soat
– Kolombo, Shri-Lanka: 13 soat
– Bangkok, Tailand: 13 soat
– Hartum, Sudan: 13 soat
– Kuala-Lumpur, Malayziya: 13 soat
– Singapur: 13 soat
– Nayrobi, Keniya: 13 soat
– Luanda, Angola: 13 soat
– Jakarta, Indoneziya: 13 soat
– Brazilia, Braziliya: 13 soat
– Harare, Zimbabve: 13 soat
– Yohannesburg, Janubiy Afrika: 13 soat
– Buenos-Ayres, Argentina: 12 soat
– Syudad del Este, Paragvay: 12 soat
– Keyptaun, Janubiy Afrika: 12 soat
– Montevideo, Urugvay: 12 soat
– Kanberra, Avstraliya: 12 soat
– Puerto Mont, Chili: 12 soat
– Krayscherch, Yangi Zelandiya: 12 soat
Alloh taolo bizga bir sadaqamizni yetti yuz barobar ko‘paytirib berishini va’da qildi. Shunday ekan, nega endi muhtojlarga ehson qilishga ikkilanamiz?!
Rivoyatlarda kelishicha, Muhallabiy degan bir vazir o‘tgan bo‘lib, avvalboshda kambag‘al bo‘lgan ekan. Dunyo matohlaridan biror narsasi bo‘lmagan ham ekan. Shu holida u safar qiladi. Borgan joyida ham yeyishga biror narsa topa olmaydi. Go‘sht yeyishni qattiq ishtaha qilsa-da, go‘shtga yetgulik pul topa olmaydi va:
Ayo, xarid qilsam o‘lim sotilurmu,
Bul maiyshat xayrsiz bo‘ldi manga,
Vooh, bu hayotdin o‘lim totli bo‘lurmu,
Bu xushsiz hayotdin kelib mani xalos etsa…
U kishining hamsafari bo‘lib, ismi Abu Abdulloh So‘fiy edi. U baytni eshitib, bir dirhamga go‘sht sotib olib, pishirib Muhallabiyning qo‘liga tutqazadi. Keyin esa ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ajralib ketishadi.
Kunlar o‘tib Muhallabiy Bag‘dodda vazir darajasiga ko‘tariladi. Bu yoqda Abu Abdulloh So‘fiyning sharoiti og‘irlashib, qiynalib qoladi. U vazirning huzuriga boradi va bir parcha qog‘oz berib, uni soqchidan kirgizib yuboradi. Qog‘ozda quyidagilar yozilgan edi:
Ayo vaziringga yetkaz, unga jonimni fido ayladim,
Yigit hech zamon gapin yoddan chiqarmas.
Yodingdamu yo‘qchilikdan qiynalib aytgan gaping,
“Ayo, xarid qilsam o‘lim sotilurmu” deganing…
Vazir Muhallabiy xatni o‘qigach, o‘tgan kunlari yodiga tushib, go‘sht yegisi kelganida go‘sht olib pishirib bergan hamsafarini eslaydi. Ko‘zlari yoshga to‘lib, Allohning ne’matlari ichida yayrab yashayotganini, qanday qilib bu martabalarga erishib, xalifaning vaziri bo‘lib qolgani haqida tafakkur qiladi. Keyin esa: “Bu xatni yozgan kishiga yetti yuz dirham berib yuboringlar”, deb buyuradi va xat ostiga javob tariqasida mana bu oyatni yozib qo‘yadi:
«Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchi kishilarning (savobining) misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi...»[1] (ya’ni, qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda).
Bu orqali vazir hamsafariga “Menga bir dirham evaziga olib bergan go‘shting haqqini Alloh taolo yetmish barobar ko‘paytirib berdi”, demoqchi edi.
Shoir aytadi:
Yaxshilik o‘gurganning mukofoti yo‘qolmagay hech,
Xoliqu xalq orasindagi sunnat zoil o‘lmagay hech.
Hech bir kishidan minnatdorchilik kutmang!
Hakimlardan biri aytadi: “Kim qilgan yaxshiligi uchun minnatdorchilik, rahmat kutsa, shubhasiz, u oxirat savobini dunyoda olishga shoshilibdi”.
Yaxshilik qilish maqtovga arzirli xarajatdir
Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: “Har narsada isrof bor, illoki husni xulqni qo‘lga kiritishda, yaxshilik qilishda, odamgarchilikni yuzaga chiqarishda isrof yo‘q”.
Bir hakim zotning gapini doimo yodingizda tuting: “Yaxshilik qiluvchi kishi hech chohga tushmaydi. Mabodo tushgan taqdirda ham, bir tirgak topadi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 261-oyat.