Yig‘ilishda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Qumqo‘rg‘on tuman bosh mutaxassisi Sh.Mamadiyev, “Shoh Mashrab” jome masjidi imomi H.Zayniyev, tuman imomlari, noiblar, otinoyilar va mahalla faollari qatnashdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Shuningdek, 2025 yil davomida diniy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha taqdimotlar qilindi va 2026 yilda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan aniq reja va ko‘rsatmalar belgilab berildi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar tomonidan sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, imomlar va boshqa mas’ullar o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV