Ruh o‘lmaydi… balki qaytadi
Inson qanday qilib uyqusida aqlga sig‘mas manzaralarni ko‘radi?
Qanday qilib kuladi, yig‘laydi, qo‘rqadi, og‘riqni his qiladi… holbuki u uxlab yotadi?
Hech xayolingizdan o‘tganmi:
Nabiy alayhissalom Isro va Me’roj kechasida payg‘ambarlar bilan qanday uchrashdilar… ular esa olamdan o‘tgan edilar?
Bu sirning barchasi o‘sha ajoyib maxluqda, ya’ni ruha.
Doktor Mustafo Mahmud aytadi:
Kecha ulug‘ shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rahimahullohning ruh haqidagi ajoyib darsini eshitdim…
Bu – faqat Alloh bilgan ilohiy sir, u bunday deydi:
Ayrimlar savol beradi:
Qanday qilib Payg‘ambar Muhammad alayhissalom Baytul-Maqdisda barcha payg‘ambarlar bilan uchrashdilar, holbuki ular vafot etgan edilar?
Javob juda oddiy:
Bu – Allohning qudrati!
Chegarasi yo‘q, idrok qilib bo‘lmas qudrat.
Qanday qilib bedor holdagi ruhimiz bilan tushdagi ruhimiz farq qilsa…
Uyquda ko‘zlarimiz yopiq bo‘ladi, lekin biz to‘liq bir olamni yashaymiz!
Ko‘ramiz, eshitamiz, quvonamiz, qo‘rqamiz, og‘riq sezamiz, ba’zan qo‘rqib uyg‘onib:
Alhamdulillah… bu faqat tush ekan! deymiz.
Ba’zan esa chiroyli tushdan tabassum bilan uyg‘onib, uning xotirjamligi butun kun davomida biz bilan qoladi.
Ruhlarimiz chiqib ketadi, sayr qiladi…
Haqiqatda tanimagan insonlar bilan uchrashadi, bedor holda his qilmaydigan olamlarga kiradi.
Barzaxdagi ruhlarimiz… va Qiyomatdachi?
Ruhlarimiz barzax olamida ham boshqacha bo‘ladi,
Qiyomat kuni esa… Eng yuksak darajalarga ko‘tariladi,
ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan, inson qalbiga ham kelmagan narsalarni ko‘radi.
Bu – Allohning qudrati, u bilan habibimiz Mustafo alayhissalom payg‘ambarlarni tushda emas, hushyor holda ko‘rdilar.
Meni doim taassurotga soladigan ibora bor: biror kishi vafot etganda muazzin: “Falonchi falon o‘g‘li Allohning rahmatiga ko‘chdi” deydi.
Qanday taskinli so‘z… U o‘lmadi… balki ko‘chdi!
Allohning rahmatiga, mehriga, mutlaq adolatiga ko‘chdi.
Foniy tanaga mahbus bo‘lgan ruhi endi boshqa olamga yo‘l oldi, bizning dunyomizga hech o‘xshamaydigan olamga.
Ruh o‘lmaydi… balki qaytadi.
Ruh yo‘q bo‘lmaydi, azizlar…balki ko‘chadi, yuksaladi, ko‘tariladi, o‘zining asl vataniga qaytadi.
Bu yer hech qachon bizning doimiy maskanimiz bo‘lmagan, bu – foniy dunyo, boqiy emas, dam olish uchun emas, imtihon uchun yaratilgan yer.
Alloh taolo aytadi: “O‘limni ham, hayotni ham yaratgan – sizlarning qaysingiz yaxshiroq amal qilishingizni sinash uchun”.
Duo: Yo Alloh! Ruhlarimizni yengil, xotirjam va pok qil, Seni rozi qilgan holda, imon va ofiyat bilan Senga ko‘tarilishini nasib et.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Istig‘for insonning Alloh taolodan gunohlarini kechirishini so‘rashi va uning rahmatiga yuzlanishidir. Islom ta’limotida istig‘for nafaqat gunohlarning kechirilishiga, balki inson hayotida baraka, xotirjamlik va yaxshiliklar ko‘payishiga sabab bo‘luvchi amal sifatida ta’kidlangan.
Bir kishi Tobe’inlarning buyuk olimlaridan Hasan Basriy huzurlariga kelib: Ey imom! osmondan yomg‘ir yog‘mayapti, dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang (istig‘for ayting), – dedilar.
Keyin boshqa bir kishi kelib: Xotinim farzand ko‘rmayapti, – dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang, – dedilar.
Yana bir kishi kelib: hayot qiyinchiliklaridan, qashshoqlikdan shikoyat qilaman, – dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang, – dedilar.
Shunda majlisdagi kishilardan biri: Ajab ekan, ey imom! Kim qanday hojat bilan kelmasin, hammasiga istig‘for aytishni buyuryapsiz, – dedi.
Hasan Basriy bunday javob berdilar: Alloh taoloning ushbu so‘zini o‘qimadingizmi?
“Bas, Parvardigoringizdan mag‘firat so‘ranglar. Albatta, U o‘ta Mag‘firatlidir. Shunda U sizlarga osmondan ketma-ket yomg‘ir yog‘diradi. Mol-dunyo va farzandlar bilan madad beradi, sizlar uchun bog‘lar va anhorlar ato etadi” (Nuh surasi, 10–12-oyatlar).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi
Humoyuddin Xusniddin o‘g‘lining tarjimasi.