frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Halollikning qudrati

30.01.2026   32590   2 min.
Halollikning qudrati

Bir safar aeroportdan mehmonxonaga taksi oldim. Mashina toza, haydovchi xushmuomala edi. O‘zini Ahmad deb tanishtirib, qo‘limga kartochka berdi: “Vaqtingiz xayrli o‘tsin. Mening vazifam – sizni manzilingizga eng tez, eng xavfsiz, eng kam xarajat va eng muhimi – halol xizmat ila yetkazish”.

Yo‘lda menga yana turli qulayliklarni taklif etdi.

— Hamma mijozlar bilan shunday iltifotlimisiz? – degan savolimga biroz tin olib dedi:

— Rostini aytsam, bu tarzda ishlashni ikki yil oldin boshlaganman. Undan oldin ko‘pchilik haydovchilar qatori edim. Vaqti-vaqti bilan haqni oshirib yuborish, mijozga yolg‘on gapirish, nolish va shikoyat qilish oddiy hol edi. Mashina ham, qalb ham toza emas edi.

— Keyin nima bo‘ldi?

Bir kuni mashinam radiosidan “tanlash kuchi” haqida eshitib qoldim. Hayotimdagi ko‘p narsa tanlovimga bog‘liq ekan. Ishimni yuzaki, nolib emas, vijdon bilan, halol bajarsam, mijozlarim ko‘p, ko‘nglim xotirjam bo‘ladi. Oson yo‘lni tanlasam — pul bo‘lishi mumkin, lekin baraka bo‘lmaydi. Shunda o‘zimga so‘z berdim: endi ishimni halol qilaman. Yo‘lni aylantirib haqni oshirmayman. Vaqtni o‘g‘irlamayman. Mijozga u istaganday xizmat qilaman.

Natijasini Alloh ko‘rsatdi. Birinchi yilning o‘zida daromadim ikki barobar ortdi. Bu yil esa to‘rt barobarga yetdi. Eng muhimi, qalbim xotirjam. Endi mijozlar o‘zlari menga qo‘ng‘iroq qilib, oldindan band qilishadi. Chunki odamlar halol xizmatni zumda anglaydi va qadrlaydi.

Bu so‘zlar meni o‘yga toldirdi. Shunda angladim: halollik — katta shior emas, kundalik eng oddiy odat va qo‘yiladigan eng to‘g‘ri qadam ekan. Aynan shu fazilat insonga baraka va xotirjamlik olib kelar ekan.

Abdulhay XUSHVAQTOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ozarbayjonning tabarruk qadamjolari ziyorat qilindi

16.09.2026   20162   1 min.
Ozarbayjonning tabarruk qadamjolari ziyorat qilindi

Ozarbayjon safari davomida Turkiy davlatlar muftiylari va anjuman ishtirokchilari Boku, Fuzuliy, Ag‘dam, Shusha singari shaharlardagi muborak qadamjolarni ziyorat qilishdi. Xususan, Boku shahridagi Sayyid Yahyo Bakuviy ziyoratgohi va "Shahidlar xiyoboni"da bo‘ldilar.

Tashkilotchilar iltimosiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ag‘dam shahridagi tarixiy “Juma” masjidida turli davlatlardan kelgan muftiylar, ulamolar va martabali mehmonlarga peshin namozida imomlik qilib berdilar.

 Ziyoratlar asnosida ulamolar tomonidan Qur’oni karim oyatlari o‘qilib, qardosh ellar tinchligi, barqarorligi va birdamligini so‘rab xayrli duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari