Ramazoni sharif Qur’oni karimni yaxshi ko‘radi, Qur’oni karim ham uni sevadi, ular bir-biri bilan yaqin do‘stdirlar. Alloh taolo aytadi: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir” (Baqara surasi, 185-oyat).
Ramazon oyida Qur’oni karimning barchasi dunyo osmoniga nozil qilingan va bu oy ushbu Kitob unda nozil qilinishi bilan sharafli bo‘lgan. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda Jabroiyl alayhissalom bilan birga Qur’ondan dars qilardilar, uni tinglab, tilovat qilib, oyatlarni tadabbur qilardilar. Uning yaxshiliklari uzra yashab, qalb ko‘zlarini uning bo‘stonlari aro sayr qilardilar va muhabbat kaftlarini uning xazinalari aro erkin qo‘yardilar.
Qur’on o‘qiydigan ro‘zador ro‘za tutgan vaqtida Qur’oni karim va Ramazon o‘rtasini ulfat qiladi va buyuk Kitob birla ushbu oyni o‘tkazadi. Bu ulug‘ Kitob haqida uni nozil qilgan Zot bunday marhamat qiladi: “Biz senga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir” (Sod surasi, 29-oyat). “Qur’onni tadabbur ila o‘ylab ko‘rmaslarmi? Yoki qalblarida qulf bormi?” (Muhammad surasi, 24-oyat). “Qur’onni tadabbur etib ko‘rmaydilarmi?! Agar u Allohdan boshqaning huzuridan bo‘lganda, undan ko‘p ixtiloflar topar edilar” (Niso surasi, 82-oyat).
Ramazonda Qur’on tilovat qilishda o‘ziga xos ilhomlanish va boshqa alomatlar bor. Uning tilovati saxovatlarni yangilab, nafaslarni nafis atirlar ila xushbo‘ylantiradi. Yana Ramazon oyida Qur’on tilovati uning nozil bo‘lishi, o‘zaro dars qilinishi va o‘tgan solihlarning unga bo‘lgan ehtimomlari xotiralarini qayta jonlantiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qur’onni o‘qinglar, Chunki u Qiyomat kuni sohiblariga shafoatchi bo‘ladi”. Boshqa bir hadisda: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’ondan ta’lim olgan va undan ta’lim berganlaringizdir”, deyiladi. U zot sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ikki zahro(nur sochuvchini) o‘qinglar: Baqara va Oli Imron surasi. Chunki ikkisi Qiyomat kunida yo ikki bulut, yo ikki soyabon yoki saf-saf qushlardan ikki firqa bo‘lib kelib, sohiblariga soya qiladi”. Nabiy alayhissalom yana marhamat qilib aytadilar: “Qur’onga mohir bo‘lib o‘qiydigan kishi mukarram, o‘ta yaxshi farishtalar bilan birga bo‘ladi. O‘qiganda qiynaladiganga ikki ajr bordir”.
Shoir aytadi:
Qur’onim, tingladim seni g‘ofil kech kirganda,
Sayr aylatding koinot aro qalbim titratib.
Sen-la fath etdik dunyoni subh nurin sochganda,
Borliq uzra uchdik har yerga ajr to‘ldirib.
Solih zotlar Ramazon kelganda boshqa ishlarini to‘xtatib, faqatgina Qur’on bilan mashg‘ul bo‘lishardi. Imom Molik rahimahulloh haqlarida quyidagi xabar kelgan: U zot Ramazon kelsa faqatgina Qur’on bilan mashg‘ul bo‘lar, dars berish, fatvo aytish va insonlar bilan o‘tirishni tark qilar edilar hamda: “Bu Qur’oni karim oyidir”, der edilar.
Ramazon kunlari o‘tgan solihlarning uylaridan arining ovoziga o‘xshash shovqin eshitilib turar, bu uylar saodatga to‘lib, undan nur taralardi. Ular Qur’onni tartil (dona-dona) qilib o‘qishar, uning ajoyibotlari uzra to‘xtashar, nasihatlaridan yig‘lab, bashoratlaridan quvonishar va uning buyruqlariga bo‘ysunib, qaytariqlaridan qaytishar edi.
Kunlarning birida Ibn Mas’ud roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Niso surasining avvalidan o‘qib berdilar. “Har bir ummatdan bir guvoh keltirib, seni ularning hammasiga guvoh etib keltirgan chog‘imizda hol qandoq bo‘lur?!” (Niso surasi, 41-oyat) oyatiga yetganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kifoya qiladi”, dedilar. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: “Qarasam, u zotning ko‘zlari yosh to‘kardi”.
Ko‘z yoshlar yanoq ila birlashgan dam,
Rost-u yolg‘on yig‘laganlar ajralar.
Chin yoshlar sohibin eritar alam,
Chunki undan taqvo atri taralar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhuning qiroatlarini tingladilar, so‘ngra bunday dedilar: “Tunda qiroatingni tinglayotganimni ko‘rganingda edi! Darhaqiqat, senga Dovud alayhissalom ahlining nay (xush ovoz)laridan bir nay berilgan ekan”. Shunda Abu Muso roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, agar siz meni tinglayotganingizni bilganimda siz uchun yanada ziynatlagan bo‘lar edim!”, dedilar.
Buning ma’nosi, ovozimni yanada go‘zalroq qilib, u ila Qur’oni karimning ta’siri, ajoyibligi va go‘zalligini yanada oshirgan bo‘lar edim, deganidir.
Hazrat Umar roziyallohu anhu sahobalar bir joyga to‘planib qolsa: “Ey, Abu Muso, bizga Robbimizni eslating”, der edilar. Shunda Abu Muso roziyallohu anhu o‘zlarining xush ovozlari ila qiroat qilar, sahobalar esa yig‘lab tinglar edilar.
Qur’onning muhim vazifalaridan biri insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashdir. U qalblarga shifo, ilm, madaniyat va ma’rifatdir. Qur’on hayot, ruh, najot kaliti, saodat, ajr va mukofotdir. Unda rabboniy ta’limotlar, ilohiy dasturlar va abadiy hikmatlar mavjud.
Shunday ekan, Ramazonda ham, undan boshqa oylarda ham Qur’on bilan birga yashab, uning ulug‘ligini anglab, u ila hayotimizni saodat, nur va mazmun ila to‘ldiraylik!
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Ro‘zadorlar uchun darslar" kitobidan
Hayot yo‘llarida yurar ekanmiz, turli xarakterdagi insonlarga duch kelamiz. Ayniqsa, katta yo‘llar, tig‘iz harakat va mashina ruli ortidagi muhit haydovchidan nafaqat chaqqonlikni, balki mustahkam asab va yuksak sabr-toqatni ham talab qiladi.
Yo‘ldagi sinov va birgina hadis
Oltmish yoshlarga borib qolgan, biroz jahldor bo‘lsa-da, dilkash, ko‘ngli askiyaga moyil qadrdon tanishlarimdan biri haydovchilik kasbi ortidan umr o‘tkazib kelmoqda. Ko‘pchilikning og‘irini yengil qilib kelayotgan bu insonning ismi Sobir. Ammo ismiga monand sabri sal kamroq.
Kunlarning birida uning mashinasida ketarkanman, kutilmaganda yo‘ldagi boshqa haydovchining beparvoligi sabab Sobir aka so‘kinib yubordi. G‘azabi biroz bosilgach, unga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning g‘azabning yomon oqibatlari haqidagi muborak hadislaridan birini sekingina eslatib o‘tdim. O‘sha paytda u kishi hech qanday munosabat bildirmadi: ehtimol, hali jahldan to‘liq tushmagandir. Manzilga yetib, odatdagiday samimiy xayrlashdik.
Oradan vaqt o‘tib ko‘rishganimizda Sobir aka o‘tgan voqeani iliqlik bilan esladi. Haydovchiga aytgan so‘zlaridan keyin qattiq ezilganini, men eslatgan hadis uning uchun katta ibrat bo‘lganini yashirmadi. Hozir ham g‘azabi toshganda o‘sha suhbat esiga tushib, o‘zini darhol qo‘lga olishini aytadi. O‘zidan ancha yoshi kichik insonni omma oldida “ustoz” deb izzatlashi, aytilgan birgina nasihatdan yetarli xulosa chiqara olgani uning naqadar sof va oliyjanob qalb egasi ekanini ko‘rsatadi.
Hissiyot jilovidagi haqiqatlar
“G‘azab umri kalta aqlsizlikdir”. Buyuk allomalar bejiz bunday demaganlar. Hayotimizda tilga va qo‘lga erk bermaslik, hissiyotlarni jilovlay olmaslik oqibatida qanchadan-qancha oilalar buzilib ketgani, yaqin qarindosh-urug‘lar va qadrdon do‘stlarning orasi uzilib qolgani achchiq haqiqatdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Rasululloh, menga bir nasihat qiling”, degan sahobalarga U zot qisqa va lo‘nda qilib: “G‘azablanma”, deb javob berganlar.
Bu bejiz emas, chunki g‘azab insonning aql-idrokini o‘g‘irlaydi, obro‘siga putur yetkazadi va keyinchalik tuzatib bo‘lmas xatolarga yetaklaydi.
Har qanday vaziyatda ham insonligimizni, aql va tafakkur sohibi ekanligimizni unutmasligimiz lozim. Qachonki, jahlimiz chiqsa, aqlimiz qochmasligi kerak. So‘nggi pushaymondan ko‘ra, lahzalik jahlni ichga yutib, sokinlikni saqlash har doim yaxshiroq natija beradi. Unutmang, tinchlik va xotirjamlik – eng buyuk boylikdir.
Muallif: Anvar Ermamatov, "Zarafshon" nashri.