frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

"HAYOTIY MAYOQLAR"

11.02.2026   18146   37 min.

«Agar ogohsan sen – shohsan sen.

Agar shohsan sen – ogohsan sen!»

 

 

QADRLI va TABARRUK HOJIBOBO va HOJIONALAR!

MUHTARAM HOJIAKALAR!

AZIZ va QIMMATLI HRIBЕPOYON OTALAR!

HURMATLI va MUNIS HRIDARYO ONALAR!

 

Bugungi yurtimizning tinchligida SIZLARNING ham xizmatlaringiz BЕQIYOS KATTA!

SIZLARNING o‘z oilangiz tarbiyasidagi mashaqqatli va sharafli, og‘ir va savobli, sermahsul va olijanob faoliyatlaringiz

har qanday tahsinu mukofotlarga loyiq va munosib!!!

 

Xalqimizning milliy ma’naviyati, oilalarimizda amal qilinadigan tartib-qoidalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga egaligini hammamiz juda ham yaxshi bilamiz. Ular oila mustahkamligini ta’minlashda ulkan va kuchli poydevor vazifasini o‘tashligini ham juda puxta egallaganmiz.

Diyorimizda milliy qadriyatlar va muborak dinimizning ezgu ta’limotlari asosida oilaga doir qonun-qoidalar yanada mukammal qayta ishlandi. Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma’naviyatiga davlatimiz rahbari Muhtaram Prezidentimiz «Jaholatga qarshi ma’rifat» qimmatbaho g‘oyani qo‘shimcha sifatida bizlarga yengilmas kuch qilib berdilar.

Bu vazifa nafaqat biror vazifador yoki biror sohadagi mas’ullarga belgilangan, balki har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN buyuk vazifa, deb bilmog‘imiz lozim!

 

Muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini o‘nib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish vazifasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Hozirgi davrda, axborot texnologiyalari o‘ta tezkorlik bilan rivojlanayotgan bir paytda, nanotexnologiya zo‘r shiddatlik bilan avjiga chiqayotgan zamonda, har xil ommaviy axborot vositalari xilma-xil, to‘g‘ri-noto‘g‘ri ma’lumotlarni kechayu kunduz tarqatayotgan bir onda, farzandlarimiz o‘z-o‘zlari bilan yolg‘iz qolib 25 soat vaqtlarini telefon, kompyuter bilan mashg‘ul bo‘lib, bolalarimiz ular bilan “band” bo‘lib qolganlarida mazkur vazifalar jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimiz, dono xalqimizning har bir fuqarosiga qushga havo, baliqqa suv zarurligiday zarur bo‘lsa kerak...

 

 

AZIZ VA QADRLI

MЕHRIBON OTA-ONALAR!

 

Dono xalqimiz «yaxshini sharofati, yomonni kasofati» deb bejizga aytmagan...

 

Ana shu “allakimlarning” turli xil yo‘llar bilan berayotgan “tarbiya”lari

dono xalqimiz dunyoqarashi va millatimiz mentalitetiga ham,

Qur’oni karim oyatlari va

Payg‘ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflariga ham,

dinimiz ko‘rsatmalari va shariatimiz hukmlariga ham,

ulamolarimiz fatvolari va davlatimiz qonunlariga ham,

sharqona odoblarimiz va mazhabimiz me’yorlariga ham,

jamiyatshunoslik aloqalari va odamgarchilik munosabatlariga ham,

insoniy tuyg‘ular va ruhshunoslik sir-asrorlariga ham,

yurtimiz urf-odatlari va o‘zbekchilik qoidalariga ham,

madaniyatimiz axloqlari va insoniy aqlga ham,

axloqiy norma va dono xalqimiz maqollariga ham,

milliy an’analarimiz va diniy qadriyatlarimizga ham,

xalqimiz ongi va musulmonchiligimiz asoslariga ham,

hamda Islom dinimiz tushunchalariga ham

zid ekanligini

unutmaylik!!!

 

Sizu bizlar eng to‘g‘ri yo‘ldan, o‘z ota-onalarimiz ne-ne mashaqqatlar chekib o‘rgatgan yo‘ldan, ota-bobolarimizdan buyuk va beqiyos meros bo‘lib kelayotgan yo‘ldan shakardan shirin farzandlarimizni, ne umidlar bilan o‘stirayotgan, qancha orzu-havaslar bilan katta qilayotgan bolalarimizni “allakimlardir” yana yo‘limizdan ozdirib, adashtirib qo‘yishmasin...

Natijada farzandlarimizning o‘zlari ham, oilamiz ham, qavm-qarindoshlarimizu qo‘ni-qo‘shnilarimiz ham, do‘stlarimizu yaqinlarimiz ham, atrofdagilarimiz ham sarson bo‘lib, ularning kasofatlari yashab turgan mahallamizga, ishlab turgan ishxonamiz va butun el-yurtimizga ham yetmasin...

Toki hali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarimizning beg‘ubor olamiga, g‘o‘r ma’naviyatiga “allakimlar” jiddiy zarar yetkazib qo‘yishmaslaridan oldin, o‘z farzandlarimizni o‘zimiz tarbiyalaylik!

Janob hazrat Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z hadis-shariflarida marxamat qiladilar: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!» Bu xususda shoirlarimizning ibratli so‘zlari bor:

«Birinchi g‘ishtni qiyshiq qo‘yarkan me’mor,

Osmonga yetsa ham, qiyshiqdir devor».

 

Oilada erning mavqei balandligi, xotin ham o‘z haq-huquqlariga egaligi, farzandlarning ota-onani hurmat qilishlarini olaylik.

...Ko‘p yillar davomida ota-bobolarimiz qalbiga singib ketgan ushbu milliy va diniy qadriyatlarni bugun yanada sayqallash kerakligini zamon talab etmoqda. Ayniqsa, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonda bema’ni xurujlar ko‘payib, ularning inson va jamiyat hayotiga salbiy ta’sirlari misli ko‘rilmagan darajada kuchayib bormoqda. Shuning uchun barchamiz ko‘zimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan bunday hamlalarga qarshi kurashmog‘imiz lozim.

 

Dinu xalqimiz uchun ertayu-kech xizmat qilayotgan muhtaram Prezidentimizning “Jaholatga qarshi ma’rifat” oltindan qimmat g‘oyalarini barpo etish maqsadida har birimiz oilamiz a’zolarini

HIDOYATga chorlashda,

xonadonimizni ISLOM NURI bilan munavvar qilishda,

har bir mo‘min va MO‘MINALARga ma’rifat ulashishda

SIZLARNING hissalaringiz juda ham ko‘p va sarbaland bo‘lishida hech qanday shubhamiz yo‘q!

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasining shu uchta gazeta va jurnallaridan serma’no, sermahsul, mazmunli va unumli foydalanib,

har bir ota, har bir ona o‘z farzandiga

odob-axloq namunalarini,

kindik qoni to‘kilgan mislsiz Vataniga – vatanparvarlik his-tuyg‘ularini,

bobo-buviga – ehtirom-hurmatni,

ota-onaga – mehr va itoatkorlikni,

oila a’zolariga – rahmdillik va mehribonlikni,

o‘z juft haloliga – haqiqiy muhabbat va sodiqlikni,

qo‘ni-qo‘shnilarga – oqibat va chiroyli munosabatni,

qavm-qarindoshlarga – saxovat-muruvvatni,

sinfdosh-kasbdoshlarga – chin do‘stlik va yordam berishni,

atrofdagi barcha odamlarga – insonparvarlik va samimiylikni,

hayvon-parranda-hasharotlarga – rahm-shafqatni

uqtirib, yuqtirib, tushuntirib, singdirishimiz –

ham burchimiz, ham qarzimiz, ham farzimizdir!

XUDONI OLDIDA ham, BANDASINI OLDIDA ham, YURT-XALQIMIZ OLDIDA ham!!!

 

Bularni hammasini o‘z farzandlarimizga o‘rgatish uchun bizlarga hech qanday diniy ta’lim ham, biror-bir maxsus oliy ma’lumot ham, tegishli sertifikat ham, hech kanday qizil diplom ham kerak emas! Aslo! Mutlaqo kerak emas!

Yoshlarimizda bu jihatlarini biz uyg‘otishimiz (!) kerak xolos. Zero shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor, ularning xamirturushlarida bor! Zero shu fazilatlarning hammasi bolalarimizning DNK larida mavjud!

Chunki bu xususiyatlarning barchasi bizlarning ota-onalarimizdan avloddan-avlodga, qondan-qonga tarbiya (!) orqali o‘tib kelayapdi! “Buning qonida bor-da o‘zi!” deb yoki “olma pishsa, tagiga tushadi” deb bejizdan-bejiz aytmaydi dono xalqimiz!

 

Qancha ko‘p oilaga “ISLOM NURI” gazetasi, “HIDOYAT” va “MO‘MINALAR” jurnallari kirib borsa, shuncha ko‘p odam Qur’oni karim tafsiri, Hadisi sharif sharhi, aqida, fiqh masalalaridan bahramand bo‘lishlari hamda boshqalarning “darslari”ga aldanib, yot g‘oyalar va botil iddaolarga berilmasdan, muqaddas dinimiz ko‘rsatgan yo‘llardan yurishlari – xar birimizning ulkan yutug‘imizdir!

 

Chunki shu uchta nashrimizda ham:

ü ulug‘ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan duru gavhar rivoyatlari va noyob hikmatlari,

ü buyuk ota-bobolarimizdan eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari va betakror hikoyalari,

ü mehribon ota-onalarimizdan o‘rganib kelayotgan gavhar o‘gitlari va mislsiz so‘zlari,

ü elimiz tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta’lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari,

ü jannatmakon yurtimiz – muqaddas Vatanimiz ta’lim maskanlarida taralayotgan durdan a’lo fanlar va beqiyos bilimlar

uzluksiz va davomli yoritib boriladi.

 

Shuning uchun ham bizning

“ISLOM NURI” gazetamiz,

“HIDOYAT” va

“MO‘MINALAR jurnallarimizdagi ma’lumotlar

ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishiga

hamda tarbiya sohasiga daxldor

har bir inson uchun,

har bir (!) MЕHRI BЕPOYON OTA UCHUN,

har bir (!) MЕHRI DARYO ONA UCHUN

BЕQIYOS ENSIKLOPЕDIK MANBA bo‘lib xizmat qiladi.

 

"Jaholatga qarshi ma’rifat" bebaho g‘oyani "HIDOYAT" jurnali, "ISLOM NURI" gazetasi va "MO‘MINALAR" jurnallari obunasi orqali ham ancha ta’sirli va unumli amalga oshirishimiz mumkinligini hammamiz juda yaxshi bilamiz.

Buning uchun nafaqat o‘zimiz obuna bo‘lishimiz, balki atrofdagilarimizni ham obunaga targ‘ib etishimiz – ham farzimiz, ham qarzimiz, ham burchimiz bo‘lishi darkor!

 

Iloho o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham

Mehribon Parvardigorimiz O‘zi buyurgan,

Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan,

o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan,

xalqimiz xursand bo‘ladigan,

ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

 

Ibrohimjon domla Inomov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   62791   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari