frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Kim bir kun ro‘za tutsa...

12.02.2026   15085   6 min.
Kim bir kun ro‘za tutsa...

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qildilar: «Alloh: “Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za (bundan) mustasno. Chunki u Men uchundir va uning mukofotini O‘zim beraman”, dedi.

Ro‘za qalqondir. Birortangiz ro‘za tutgan kuni fahsh so‘z aytmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa: “Men ro‘zador odamman”, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zidan kelgan hid Allohning nazdida mushkning bo‘yidan yaxshiroqdir. Ro‘zadorni shod etadigan ikki xursandchilik bor: iftor qilganida xursand bo‘ladi va Rabbiga yo‘liqqanida (ro‘za tutgani uchun) xursand bo‘ladi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Matnning asosiy qismi hadisi qudsiy bo‘lib, unda Alloh taoloning ro‘zani O‘ziga nisbat berishi uning sharafi va fazilatini anglatadi.

“Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir”. Ibn Abdulbar rahimahulloh aytadi: «Buning ma’nosi shuki, ro‘za boshqa amallar kabi zohirda namoyon bo‘lmaydi, balki u bandaning qalbidagi niyat bo‘lib, uni faqat Alloh taolo biladi. Hatto farishtalar ham undan xabardor bo‘lmaydi. Shuning uchun uning mukofotini “O‘zim beraman”, degan».

Alloh taolo ro‘zani O‘ziga nisbat berishiga olimlar bir necha sabablarni keltirishgan.

Birinchisi, ro‘za – riyodan eng yiroq ibodat. Chunki u faqat Alloh bilan banda o‘rtasida yashirin bo‘ladi. Boshqa ibodatlar esa odamlarga ko‘rinadi va ularga riyo aralashish ehtimoli katta. Riyo aralashgan amalni Alloh taolo qabul qilmaydi.

Ikkinchisi, ro‘za faqat Alloh uchun qilinadigan ibodatdir. Mushrik va kofirlar namoz, qurbonlik yoki nazr kabi amallar bilan o‘z ma’budlariga ibodat qilishgan. Ammo ular o‘z ilohlari uchun ochlik va chanqoqlik bilan ro‘za tutib ibodat qilishmagan.

“Uning mukofotini O‘zim berurman”, ya’ni ro‘zaning savob miqdorini faqat Alloh biladi. Boshqa amallar o‘ndan yetti yuz barobargacha ko‘paytirilsa, ro‘za bundan ham ortiq mukofotlanadi. Alloh taolo: “Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilur”, deb marhamat qilgan (Zumar surasi, 10-oyat). Ro‘za – sabr ibodatidir. Shu sababli u cheksiz savobga loyiq.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bir oylik ro‘za sabrdir, har oydan uch kun tutib yurish bir yillik ro‘zaga tengdir”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

“Ro‘za qalqondir”, ya’ni dunyo va oxiratda himoyadir. Usmon ibn Abul Os roziyallohu anhu aytadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Ro‘za xuddi sizlardan biringiz jangda foydalanadigan qalqon kabidir”, deganlarini eshitdim» (Imom Ahmad va Imom Nasoiy rivoyati).

Nabiy alayhissalom marhamat qiladilar: “Namoz hujjat (dalil)dir, ro‘za esa (mustahkam) qalqondir...” (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati).

Ro‘zaning dunyodagi himoyasi – zinodan tiyib, to‘sib turadi. Hadisi sharifda: “Kimning uylanishga imkoni bo‘lsa, uylansin. Chunki u ko‘zni eng tiyuvchi va farjni eng saqlovchidir. Kim imkon topmasa, ro‘za tutsin, chunki bu uning uchun bichilish kabidir” (Muttafaqun alayh).

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, menga o‘zimni bichishga ruxsat bering”, dedi. U zot: “Mening ummatim uchun bichilish – kunduzi soim (ro‘za), kechasi qoim bo‘lish”, dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Nabiy alayhissalom: “Ro‘za qalqondir va do‘zaxdan mustahkam himoyadir”, deganlar (Imom Ahmad va Imom Bayhaqiy rivoyati).

Boshqa hadislarda bunday marhamat qilinadi: “Kim Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish kuzlik (yillik masofaga) uzoqlashtiradi” (Muttafaqun alayh).

“Kim Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, Alloh do‘zaxni undan yuz yil yo‘l masofasicha uzoqlashtiradi” (Imom Nasoiy rivoyati).

“Kim Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, Alloh uning bilan do‘zax o‘rtasida osmon bilan yer orasicha chuqur xandaq hosil qiladi” (Imom Termiziy rivoyati).

Shuningdek, ro‘za insonni yomon xulqlardan to‘suvchi qalqondir: «Birortangiz ro‘za tutgan kuni fahsh so‘z aytmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa: “Men ro‘zador odamman”, desin». Shu orqali mo‘min banda ham tili, ham qo‘li bilan o‘zgalarga ozor yetkazishdan saqlanadi. Bir oy shu ko‘rsatmaga amal qilgan kishining xulqi shak-shubhasiz yaxshi tomonga o‘zgaradi.

“Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zidan kelgan hid Allohning nazdida mushkning bo‘yidan yaxshiroqdir”. Mo‘minlar qiyomat kuni tahoratning asaridan tanilib, yuzlari va qo‘l-oyoqlari nur sochib keladilar. Ro‘zadorlar esa tahorat asaridan tashqari mushkdan-da yoqimliroq hid bilan keladilar. Shunday qilib, ularda har ikki fazilat jam bo‘ladi.

 “Ro‘zadorni shod etadigan ikki xursandchilik bor: iftor qilganida xursand bo‘ladi va Robbiga yo‘liqqanida (ro‘za tutgani uchun) xursand bo‘ladi”. Iftor paytidagi xursandchilik dunyoda bo‘ladi. Chunki u ibodatni to‘liq ado etdi, savobga erishishni umid qiladi. Rabbiga yo‘liqqan paytdagi quvonchi esa, ro‘zasiga beriladigan mukofot sababidandir.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qiyomat kuni ro‘za va Qur’on banda uchun shafoat qiladi. Ro‘za aytadi: “Ey Robbim! Men uni kunduzlari ovqat va shahvatlardan tiyib qo‘ydim, bas, uning uchun shafoatimni qabul qil”. Qur’on esa: “Men uni kechalari uyqudan to‘sib qo‘ydim, bas, uning uchun shafoatimni qabul qil”, deydi. Shunda ularning shafoati qabul qilinadi», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).


Muhammadyahyohon XO‘JAYEV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi mutaxassisi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

14.09.2026   2692   1 min.
Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.

Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.

Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:

«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».

Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari