frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qur’ondan ta’sirlangan a’robiy

12.02.2026   16117   3 min.
Qur’ondan ta’sirlangan a’robiy

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Abul Fazl Abbos ibn Faraj Riyoshiy Basriy hikoya qiladi: “Asma’iy (asl ismi Abdulmalik ibn Qariyb ibn Abdulmalik ibn Ali Asma’iy Abu Sa’iyd Basriy bo‘lib, 216 hijriy sanada, to‘qson yoshga yaqinlashib vafot etgan deyiladi)ni bunday deyayotganini eshitdim:

“Bir kuni Basradagi masjiddan chiqib, shahar ko‘chalarida ketib borayotsam, ro‘paramdan tuya minib, beliga qilich osib, qo‘liga kamon ushlab olgan a’robiy chiqib qoldi. Yaqinlashib, menga salom berdi. Mendan: “Qayerdansan?” deb so‘radi. “Asma’ urug‘idanman” deb javob berdim. U: “Asma’iymisan?” dedi. Men: “Ha, shunday” dedim. U: “Qayerdan kelyapsan?” deb so‘radi. Men: “Rahmonning Kalomi tilovat qilinadigan joydan”, deb javob berdim. U mendan: “Rahmonning odamlar tilovat qiladigan Kalomi bormi?” deb so‘radi. Men: “Ha, bor” deb javob berdim. “Menga o‘shandan tilovat qilib ber!” dedi u. Men unga: “Tuyangdan tush!” dedim. U tuyasidan tushdi. “Zariyat” surasining boshidan tilovat qila boshladim. Alloh taoloning:

وَفِي السَّمَاء رِزْقُكُمْ وَمَا تُوعَدُونَ

“Va osmonda rizqingiz hamda sizga va’da qilinayotgan narsalar (bor) oyatiga yetganimda, a’robiy mendan “Ey Asma’iy, bu Rahmonning Kalomi-mi?” deb so‘radi. Men: “Ha, shunday. Muhammadni haq ila xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib yuborgan Zotga qasamki, bu Uning Kalomi! U Zot buni Muhammadga nozil qilgandir”, dedim. A’robiy menga: “Shu kifoya qiladi” dedi.

Keyin tuyasining oldiga borib, uni so‘ydi. Go‘shtini bo‘laklarga bo‘lib, menga: “Bu yoqqa kelib, bu go‘shtlarni tarqatishga yordamlashib yubor!” dedi. Keyin bo‘lingan go‘shtdan o‘tgan-ketgan kishilarga tarqatib chiqdik. So‘ngra qilichini va kamonini qo‘liga olib, ularni sindirdi. Siniqlarni qum ostiga yashirdi.

Keyin sahro ichkarisiga qarab yurib ketdi. Ketar ekan,  “Va osmonda rizqingiz hamda sizga va’da qilinayotgan narsalar (bor) oyatini o‘qib borar edi. Bu holatni ko‘rgach, o‘zimni malomat qila boshladim. “Nega a’robiy ta’sirlanganda, qalbiga yetib borganda, sen ta’sirlanmading?!” dedim.

Keyingi yili Hajga borganimda, Makkaga kirdim. Ka’bani tavof qilib turganimda, kimdir past, muloyim ovozda meni chaqirdi. O‘girilib qarasam, o‘sha a’robiy turibdi. Menga salom berdi. Qo‘limdan tutdi-da, Maqomi Ibrohimning orqasiga boshlab bordi. Keyin meni o‘sha yerga o‘tqizib qo‘yib, “Menga Rahmonning Kalomini tilovat qilib ber!” dedi. Men yana “Zariyat” surasini boshidan boshlab o‘qidim. Alloh taoloning:

وَفِي السَّمَاء رِزْقُكُمْ وَمَا تُوعَدُونَ

“Va osmonda rizqingiz hamda sizga va’da qilinayotgan narsalar (bor) oyatiga yetganimda, a’robiy qichqirib yubordi va: “Robbimiz bizga va’da qilgan narsani haqiqatda topdik, ko‘rdik” dedi. Keyin mendan: “Bundan boshqa Kalomi ham bor-mi?” deb so‘radi. Men: “Ha, Alloh taolo bu oyatning davomida:

فَوَرَبِّ السَّمَاء وَالْأَرْضِ إِنَّهُ لَحَقٌّ مِّثْلَ مَا أَنَّكُمْ تَنطِقُونَ

“Osmonu yerning Robbisi ila qasamki, albatta, u (gap) misoli siz nutq qilayotganingizdek haqiqatdir” deb marhamat qilgan” dedim. Shunda a’robiy shunaqa qattiq qichqirdiki, “Subhanalloh! Buyuk Allohni kim g‘azablantirdiki, hatto U Zot Kalomini qasam ila ta’kidlayapti. Bandalar Uning Kalomini tasdiqlamaydilar-mi? Uning Kalomiga ishonmaydilar-mi? U Zot Kalomi haqligini ta’kidlash uchun qasam ila gapiryapti” deb uch marta takrorladi. Uchinchi marta gapirdiyu, o‘sha onda joni uzildi”.

Ahmad ibn Ibrohim Sa’labiyning
"Qur’on oshiqlari" kitoblaridan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

14.09.2026   3564   1 min.
Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.

Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.

Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:

«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».

Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari