Murid uchun zarur shartlardan biri Alloh oldidagi burchini bajarishda yo‘l qo‘ygan xatolari uchun ko‘nglini hayo olovi bilan doimiy yoqishidir.
Fuzayl ibn Iyoz deydilar: “Baxtsizlikning besh alomati bor: bag‘ritoshlik, ko‘z yoshi to‘kmaslik, behayolik, dunyoga harislik, uzun va bitmas orzular ummonida suzish”.
Donolar demishlar: “Insonni Allohdan qo‘rquv va hayo tark etgan bo‘lsa unda boshqa hech qanday yaxshilik qolmaydi”.
Bandaning Allohdan qay darajada hayo qilishi uning iymoni va dunyoga bo‘lgan muhabbati miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.
Ulug‘lar demishlarki: “Hayo va uns (xotirjamlik) ko‘ngil eshigini qoqib ko‘radi. Agar unda zuhd (dunyo sevgisidan voz kechish) va vara’ (parhezgorlik)ni topishsa qo‘nim topadilar, aks holda tark etadilar”.
Alloh marhamat qiladi: “Batahqiq, (xotin) unga intildi. U ham, agar Robbining burhon-hujjatini ko‘rmaganida, (xotinga) intilar edi” (Yusuf surasi, 24-oyat).
Burhon-hujjat haqida aytilganki: “Zulayho libosi bilan xona burchagida turgan but ustini yopib qo‘ydi. Buni ko‘rib Yusuf alayhissalom undan: “Nima qilyapsan?”– deb so‘raganlarida ayol: “Buning oldida gunoh qilishga uyalaman”, – deb javob berdi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Mening Allohim hayo qilishligim uchun bu jonsiz butdan ko‘ra munosibroq emasmi?!” – dedilar".
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati