frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

O‘zbekiston xalqiga Ramazon tabrigi

19.02.2026   32550   4 min.
O‘zbekiston xalqiga Ramazon tabrigi

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, butun xalqimizni yurtimizga mehr-oqibat, xayru saxovat va shukronalik timsoli bo‘lgan muqaddas Ramazon oyining kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Albatta, ushbu qutlug‘ ayyomda barchamizni Ramazoni sharifga mana shunday sog‘-omon, birlik va hamjihatlikda yetkazgani uchun Parvardigori olamga cheksiz shukronalar aytamiz.

El-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan, insonni ezgu va savob ishlarga da’vat etadigan ushbu oyni munosib tarzda o‘tkazish maqsadida bu yil ham mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalla va uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksa, nogiron va yordamga muhtoj shaxslarning holidan xabar olish, qo‘shnilar, yaqin qarindoshlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ibodat va iftor marosimlarini tartibli o‘tkazishga xonadon va mahalla ahllari, jamoatchilik vakillari tarafidan alohida ahamiyat berilmoqda.

Bularning barchasi bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishi tabiiy, albatta.

Ramazon oyining ulug‘ fazilatlari, axloqiy-ma’naviy ahamiyati aynan ana shunday olijanob ishlarda yaqqol namoyon bo‘ladi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Bu haqda so‘z yuritganda, keyingi yillarda inson qadrini, har bir fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy adolat O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, shu asosda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz xalqimiz hayotini tubdan o‘zgartirayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Joriy yilni mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilganimiz va bu borada tegishli amaliy ishlarni boshlab yuborganimiz zamirida ham ana shunday buyuk intilishlar mujassamdir.

Jamiyatni yuksaltirish asosi mahalladir. Chunki mahallada o‘sish va o‘zgarish bo‘lsa, butun jamiyat rivojlanadi. Mahallalarimizning yutug‘i va farovonligi pirovard natijada butun jamiyatning yutug‘i va farovonligi sifatida namoyon bo‘ladi.

Aziz do‘stlar!

Qutlug‘ zaminimiz uzra Alloh taoloning marhamati yog‘ilib turgan mana shunday saodatli kunlarda ajdodlar xotirasini, ularning
ezgu ishlari, xayrli amallarini eslash va davom ettirish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda islom dini va madaniyati ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning muqaddas qadamjolarini obod qilish, ilmiy merosini tiklash va o‘rganish, xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz o‘rtasida targ‘ib etish bo‘yicha ko‘pgina ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.

Ulug‘ ajdodlarimizning shonli an’analariga sadoqat bilan yashab kelayotgan xalqimizning azmu shijoati bilan noyob me’moriy loyihalar asosida Toshkent shahrida – Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda esa buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy majmuasini bunyod etish ishlari yakuniga yetkazilganini faxr bilan aytib o‘tmoqchiman.

Ramazoni sharif kunlarida muhtaram ulamolarimiz, ilm-fan va ijod ahli, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ana shu tabarruk maskanlarda buyuk aziz-avliyo va allomalarimiz xotirasiga ehson dasturxonlari yozib, bu muqaddas ziyoratgohlar eshiklarini xalqimiz uchun keng ochishni reja qilganmiz va bu ishlarni albatta amalga oshiramiz.

Afsuski, hozirgi vaqtda jahonning turli mintaqalarida urush va janjallar davom etmoqda. Pok niyatlar qabul bo‘ladigan ushbu muborak ayyomda nizo va adovatlar barham topib, tinchlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik aloqalari qaror topishini chin dildan istab qolamiz.

Fursatdan foydalanib, uzoq va yaqin mamlakatlardagi vatandoshlarimizga, butun musulmon ummatiga ham samimiy tabrik va tilaklarimizni yo‘llaymiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

Sizlarni ezgulik, mehr-muruvvat va baraka oyi – mohi Ramazonning boshlanishi bilan yana bir bor tabriklayman.

Ushbu shukuhli kunlarda barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.

Ro‘za kunlarida qilinadigan barcha ibodatlar, ezgu niyat va amallar ijobat bo‘lsin!

Xalqimizni, Vatanimizni Yaratganning o‘zi panohida asrasin!

Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Gunohi kabira qilganning imoni

17.09.2026   12077   16 min.
Gunohi kabira qilganning imoni

Musulmon kishi katta-yu kichik gunohlar qilishdan xoli emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xatokordir. Xatokorlarning yaxshisi tavba qiluvchilaridir”, deganlar. Odam hayoti davomida har turli gunoh qilib qo‘yishi mumkin. Shunda tezda tavba qilib, chin dildan Allohga yolvorsa, gunohi kechiriladi.


Hozirgi kunda eng dolzarb bo‘lgan muammolardan biri shuki, ayrim toifalar gunoh qilgan mo‘min-musulmon kishini kofirga chiqarib, uning qoni, joni va moli(ga tajovuz)ni halol sanamoqda. Hatto davlatlarni kufrda ayblamoqda. Achinarlisi shundaki, bundaylar orasida “jihod” shiori ostida o‘zga yurtlarga ketib, mamlakatimiz musulmonlarini kufrda ayblayotgan hamyurtlarimiz ham bor. Bunday toifalar bugun chiqib qolgani yo‘q. Tarixda musulmonlar orasiga tafriqa (bo‘linish) solib, ularni kofirlikda ayblagan toifalar ko‘p bo‘lgan. Masalan, xavorijlar shulardan biri hisoblanadi. Ular Ali roziyallohu anhuning qo‘shinidan ajrab chiqib, shunday nom olgan. Bu toifa gunohi kabira qilgan musulmonni kofirlikda, murtadlikda ayblaydi. Hozirgi buzg‘unchilar aynan o‘sha xavorijlarning davomchilaridir.


Quyida gunohi kabira qilgan kishining hukmi haqida ahli sunna val jamoaning e’tiqodi qanday ekani va adashgan toifalarga bergan raddiyalari borasida so‘z yuritiladi.


Gunohi kabirani halol sanamay, undan qaytargan Zotga bepisand bo‘lmay, uni qasddan qilgan kishi qalbida tasdiq borligi uchun imondan chiqmaydi. Imondan faqatgina unga kirgan tomondan chiqadi. Gunohkor kishi tavbasiz vafot etsa, uning hukmi Alloh taoloning xohish-irodasida bo‘ladi. Xohlasa, uni kechiradi va fazli, karami yoki undagi imon va toatlarning barakasi sababli yoki ba’zi axyorlarning (do‘st-birodar) shafoati sababli jannatga kiritadi. Xohlasa, kichik yo katta bo‘lsin, gunohi miqdoricha azoblaydi. So‘ngra baribir oxir-oqibati jannat bo‘ladi, do‘zaxda abadiy qolmaydi.


Abu Hanifa rahmatullohi alayhi: “Men kichik va katta gunoh egalari uchun umidda bo‘laman va ikkisidan ham xavfsirayman. Kichik gunoh egasiga umid borligini, katta gunoh egasiga esa xavf borligini aytaman”[1], der edi.


Gunohi kabira egasi la’natlanmaydi. Chunki imoni u bilan birga bo‘lib, u kamaymagandir. Kim gunohi kabira uchun tavba qilsa, boshqa katta gunohdan qat’iy tiyilishi bilan tavbasi to‘g‘ri bo‘ladi. U tavba sababli iqob qilinmaydi (azoblanmaydi). Shuningdek, gunohi kabira uchun tavba qilishi bilan gunohi sag‘iralarning (kichik gunohlar) tavbasidan behojat bo‘lmaydi. U gunohi sag‘ira uchun ham tavba qilishi kerak. Ahli sunna nazdida gunohi sag‘iralar sababli iqob qilinishi joiz sanaladi.


Shu o‘rinda xavorij, mo‘tazila, murji’a kabi adashgan firqalarning da’volari va ularga ahli sunnaning javoblari qanday ekaniga to‘xtalsak. Bu hozirgi buzg‘unchilarga ham tegishli bo‘ladi. Chunki ularning ildizlari aynan xavorij va mo‘tazila kabi firqalarga borib taqaladi.


Xavorijlar: “Kim kichik yoki katta gunoh bilan isyon qilsa, u kofirdir. U do‘zaxda abadiy qoladi. Chunki Alloh taolo: ﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا “Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegaralaridan oshib o‘tsa, U Zot uni abadiy qolishi uchun do‘zaxga kiritadi”[2], degan. Gunohlarning barchasi isyonga borib taqaladi. Alloh taolo: ﴿وَاتَّقُوا النَّارَ الَّتِي أُعِدَّتْ لِلْكَافِرِينَ “Kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan qo‘rqing”[3], degan. Do‘zax kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan bo‘lgach, gunoh sababli vaid qilingan (azob va’dasi berilgan) har bir kishi kofirdir. Bu ikki oyatning jamlanishidan osiyning kofir ekani, uning hukmi esa do‘zaxda abadiy qolish ekani sobit bo‘ldi”, degan.


Bu da’vo noto‘g‘ri. Chunki oyatlar gunohkor kishining kofir emasligiga dalolat bo‘ladi. Alloh taolo: ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى “Ey imon keltirganlar, sizga o‘ldirilganlar uchun qasos farz qilindi”[4] deydi. Ya’ni, U Zot qasddan odam o‘ldirganning gunohi kabira qilganini bila turib, uni “mo‘min” deb atadi. Oyatning davomida ﴿فَمَنْ عُفِيَ لَهُ مِنْ أَخِيهِ شَيْءٌ “Kimga o‘z birodaridan bir narsa afv qilinsa”[5] deb, o‘ldirgan va o‘ldirilgan kishilar o‘zaro birodar ekanini zikr qilyapti. Birodarlik esa, “Albatta, mo‘minlar birodardirlar”[6] kalomiga ko‘ra, imonga oid hodisadir. Demak, bir jonni qasddan o‘ldirgan kishi gunohkor bo‘ladi, lekin kofir bo‘lmaydi.


Boshqa bir oyatda Alloh taolo: ﴿وَإِنْ طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا “Agar mo‘minlardan ikki toifa urishsa”[7], degan. Oyatda ikki toifadan biri bog‘iy (isyonkor) bo‘la turib, ikkisi uchun ham “mo‘min” so‘zi qo‘llangan. Bog‘iylik esa islomda og‘ir gunoh sanaladi. Demak, u gunohkor bo‘ladi, lekin imondan chiqmaydi.


Xavorijlar dalil sifatida keltirgan ﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا “Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegaralaridan oshib o‘tsa, U Zot uni abadiy qolishi uchun do‘zaxga kiritadi”[8] oyati kofirlar haqidadir. Chunki U Zot: “Uning chegaralaridan oshib o‘tsa”, deyapti. “Chegaralar” so‘zi ko‘plikda kelgan. Mo‘min Allohning barcha chegaralaridan oshib o‘tmaydi. Isyon esa inkor qilish yoki takzib (yolg‘onga chiqarish) jihatdan emas, fe’l jihatdan amrga qarama-qarshi bo‘lishdir. O‘z-o‘zidan ayonki, buni “takzib” yo “inkor” deb bo‘lmaydi. Chunki unda tasdiq bor. Modomiki shunday ekan, u zaruratan mo‘min hisoblanadi.


Mo‘tazila firqasi: “Gunohi kabira qilgan kishi fosiqdir, mo‘min ham, kofir ham emas. U o‘sha gunohi sababli imondan chiqadi, lekin kufrga kirmaydi. U ikki manzil orasida bo‘ladi. Hukmi shuki, tavbasiz vafot etsa, do‘zaxda abadiy qoladi. Toatlari foyda bermaydi. Uning afv va mag‘firat qilinishi joiz bo‘lmaydi. Chunki Alloh taolo: ﴿وَأَمَّا الَّذِينَ فَسَقُوا فَمَأْوَاهُمُ النَّارُ “Ammo fosiqlik qilganlar esa, bas, ularning joylari do‘zaxdir”[9] va ﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا “Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur”[10], deydi”, degan.


“Fisq” lug‘atda chiqmoqdir. Kim Allohning amrlaridan biriga bo‘ysunishdan chiqsa, u fosiq bo‘ladi.


Mo‘taziliylar keltirgan oyatda mutlaq fosiq nazarda tutilgan. U bunday davom etadi: ﴿وَقِيلَ لَهُمْ ذُوقُوا عَذَابَ النَّارِ الَّذِي كُنْتُمْ بِهِ تُكَذِّبُونَ “U (fosiq)larga: “O‘zingiz yolg‘onga chiqargan do‘zaxning azobini toting” deyilur”[11]. Kim do‘zaxni yolg‘onga chiqarsa, kofir hisoblanadi. Alloh taolo boshqa bir oyatda: ﴿أَفَمَنْ كَانَ مُؤْمِنًا كَمَنْ كَانَ فَاسِقًا لَا يَسْتَوُونَ “Axir, mo‘min bo‘lgan odam fosiq bo‘lgan odamdek bo‘lurmi?! Teng bo‘lmaslar”[12] deb, mutlaq fosiqni mo‘min bilan taqqoslagan. Mutlaq fosiq kofirdir. Mo‘min kishi mutlaq fosiq emas, balki ma’siyat (gunoh) qilgani sababli fosiq bo‘ladi, lekin imoni va toatlari sababli itoat qiluvchi hisoblanadi.


Qasddan odam o‘ldirgan kishiga nassda (aniq, ochiq hujjatlar – oyat va hadislarda) kelgan do‘zaxda abadiy qolish jazosi – o‘sha ishini halol sanab qilgani uchundir. O‘sha ishni halol sanash kofirlik bo‘ladi. Ammo kim bu ishni halol sanamay qilsa, uning hukmi Alloh taoloning ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى “Ey imon keltirganlar, sizga o‘ldirilganlar uchun qasos farz qilindi”[13] degan so‘zlariga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, o‘ldirgan kishi bu ishni halol sanamay qilgani uchun kofir sanalmaydi. U gunohi kabira qilgan bo‘ladi. Abadiy do‘zaxda qolmaydi. Undan qasos olinadi. Oyati karimaga binoan, odam o‘ldirgan shaxsni qasos uchun, albatta, o‘ldirish shart emas, balki o‘ldirilganning yaqinlari kechib yuborsa, o‘ldirmay qo‘yib yuborsa, o‘rniga xun olsa ham bo‘ladi. Bunda xunni yaxshilik bilan so‘rash lozim, aybdor tomon ham yaxshilik bilan ado etishi zarur.


Yuqorida mo‘tazilalarning “Gunohi kabira qilgan kishi tavbasiz vafot etsa, do‘zaxda abadiy qoladi. Toatlari foyda bermaydi. Uning afv va mag‘firat qilinishi joiz bo‘lmaydi” degan so‘zlari ham keltirildi. Bu da’vo ham mutlaqo noto‘g‘ri. Chunki Alloh taolo: ﴿وَإِنَّ رَبَّكَ لَذُو مَغْفِرَةٍ لِلنَّاسِ عَلَى ظُلْمِهِمْ “Albatta, Rabbingiz odamlarning zulmiga qaramay, ular uchun mag‘firatlidir”[14], degan. Bu tavbadan oldin ham mag‘firatning joizligiga dalil bo‘ladi. Boshqa bir oyatda Alloh taolo: ﴿إِنَّ اللَّهَ لَا يَغْفِرُ أَنْ يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَنْ يَشَاءُ “Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqa gunohni (O‘zi) xohlagan kishilar uchun kechiradi”[15], degan. Oyatda zikr qilingan mag‘firat mashi’atga (Allohning xohish-irodasiga) bog‘langan, tavbaga emas. Shirkdan boshqa gunohni kechirish tavbaga bog‘langanda, shirk va undan boshqa gunoh orasida farq qolmasdi. U Zot xohlagan bandasining shirkdan boshqa gunohini O‘z fazli bilan kechirib yuborishi mumkin. Chunki ﴿وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ “Undan (ya’ni shirkdan) boshqa gunohni kechiradi” degan so‘zlari shirkdan boshqa gunohni tavbasiz ham kechirishini ifodalaydi.


Alloh taolo afvli va mag‘firatli Zotdir. Afv va mag‘firat azoblash joiz bo‘lgan narsaga tatbiq etiladi. Azoblash joiz bo‘lmagan narsada azoblashni tark qilish afv va mag‘firat emas.


Murji’alar: “Kufr bilan birga toat foyda bermagani kabi imon bilan birga gunoh ham zarar bermaydi. Musulmon kishi gunohi kabiralardan birortasi sababli iqob qilinmaydi. Alloh taolo: ﴿إِنَّا قَدْ أُوحِيَ إِلَيْنَا أَنَّ الْعَذَابَ عَلَى مَنْ كَذَّبَ وَتَوَلَّى “Albatta, bizga vahiy qilindiki, “Yolg‘onga chiqarganlarga va yuz o‘girib ketganlarga, shubhasiz, azob bo‘lur”[16], degan. Bu “kim Alloh taoloni yolg‘onga chiqarmasa, Uning dinidan yuz o‘girmasa, u azoblanmaydi”, degan gap”, deydi.


Ularning da’vosi noto‘g‘ri ekani ko‘rinib turibdi. Inson zarracha gunohi uchun ham javob berishi oyatlarda aniq bayon etilgan (masalan, Zalzala surasining oxirgi oyati). Alloh taolo: ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا عَسَى رَبُّكُمْ أَنْ يُكَفِّرَ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ “Ey imon keltirganlar, Allohga xolis tavba qilingiz! Shoyad Rabbingiz gunohlaringizni yuvsa”[17] va ﴿وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا “Allohga barchangiz tavba qilingiz”[18], deb buyurgan. Gunohi bo‘lmagan kishiga tavbani buyurib bo‘lmaydi. Gunoh inson uchun zarar bo‘lmaganda, tavbaga amr qilishda mantiq qolmasdi.


Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, gunohi kabira qilgan kishi imondan chiqmaydi. U gunohkor mo‘min bo‘ladi. Chin dildan tavba qilsa, Alloh taolo kechiradi. Tavba qilmasdan vafot etsa, keyingi taqdiri Alloh taoloning izmida bo‘ladi. Xohlasa, fazl-marhamati bilan kechiradi. Xohlasa, adolati bilan gunohiga yarasha azoblaydi. U oxir-oqibat jannatga kiradi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim “La ilaha illalloh” desa, jannatga kiradi”, deganlar.


Ko‘plab oyatlarda solih amallar qilgan kishi jannatga kirishi aytilgan. Xususan, Alloh taolo: ﴿إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ كَانَتْ لَهُمْ جَنَّاتُ الْفِرْدَوْسِ نُزُلًا خَالِدِينَ فِيهَا “Albatta, imon keltirgan va solih amallar qilganlarga Firdavs jannati manzil bo‘lgandir. Unda abadiy qolurlar”[19] deb marhamat qilgan. Gunohi kabira egasi esa mo‘mindir. U solih amallar qilgan. U va’da qilingan jannatga kirishga haqli hisoblanadi.


Aql yuritadigan bo‘lsak, banda toatlarning eng afzali va yaxshiliklarning oliy darajasi bo‘lgan imonni keltirdi. U qilgan yomonlik inkorning oliy darajasi bo‘lmish kufrga yetib bormadi. U do‘zaxda abadiy qolganda va eng afzal yaxshiligi bo‘lgan imonning savobini va yomonlikning yuqori darajasidan past bo‘lgan gunohi kabirani qilishi bilan o‘zi keltirgan solih amallarining savobini botil qilganda, albatta, yomonliklarning iqobi ko‘paytirilgan va yaxshiliklarning savobi kamaytirilgan bo‘lardi. Bu esa yaxshilikka o‘n barobar (undan ham ortiq) mukofot va yomonlikka o‘z mislicha jazo berish haqidagi ilohiy va’daga xilof kelardi. Vaholanki, Alloh taolo va’daga xilof qilmaydi.


Ravshan ELMURODOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

ilmiy xodimi

 

 


[1] Abul Muin Nasafiy. Tabsiratul adilla fiy usulid din. – J.1. – Qohira: Al-maktabatul Azhariyya lit turos, 2011. – B.1037.

[2] Niso surasi, 14-oyat.

[3] Oli Imron surasi, 131-oyat.

[4] Baqara surasi, 178-oyat.

[5] Baqara surasi, 178-oyat.

[6] Hujurot surasi, 10-oyat.

[7] Hujurot surasi, 9-oyat.

[8] Niso surasi, 14-oyat.

[9] Sajda surasi, 20-oyat.

[10] Niso surasi, 93-oyat.

[11] Sajda surasi, 20-oyat.

[12] Sajda surasi, 18-oyat.

[13] Baqara surasi, 178-oyat.

[14] Ra’d surasi, 6-oyat.

[15] Niso surasi, 48, 116-oyatlar.

[16] Toha surasi, 48-oyat.

[17] Tahrim surasi, 8-oyat.

[18] Nur surasi, 31-oyat.

[19] Kahf surasi, 107-108-oyatlar.

Ibratli hikoyalar