Oysha onamiz roziyallohu anho bunday so'zlab berdi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qiyomat kuni hisob-kitob qilinadigan kishi borki, halok bo'ladi”, dedilar. “Ey Allohning rasuli, Alloh taolo: “Ammo kimning o'ng tomonidan berilsa, u albatta engilgina hisob-kitob qilinadi”, demaganmi?” dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “U namoyish qilish, xolos. Qiyomat kuni kimning hisob-kitobi taftish qilinsa, azoblanmay qolmaydi”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarga tushunarsiz shar'iy masalani sharhlab berar edilar. Shuning uchun sahobalar biror noaniq narsa uchrasa, Payg'ambarimiz alayhissalomga murojaat qilar edilar.
Ushbu hadisda Abdulloh ibn Abu Mulayka Oysha roziyallohu anhoning eshitmagan, bilmagan narsasi haqida Nabiy alayhissalomdan so'rab olganini xabar qilmoqda. Bu onamizning ziyrakligidan darak. Axir, Nabiy alayhissalom yonida bo'laturib ham bilimini mustahkamlab olmasinmi?! .
Ana shunday holatlardan birini Oysha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladi. Kunlarning birida Payg'ambarimiz alayhissalom: “Qiyomat kuni hisob-kitob qilinadigan kishi borki, halok bo'ladi”, dedilar. Buni Oysha onamiz eshitib Nabiy alayhissalomning ushbu so'zlari bilan Alloh taoloning: “Ammo kimning o'ng tomonidan berilsa, u albatta engilgina hisob-kitob qilinadi” (Inshiqoq surasi, 8) oyatini taqqosladi. Boisi, hadis lafzi hisob-kitob qilinuvchining azoblanishini umumlashtirmoqda. Oyat lafzi esa, ayrimlarning azoblanishiga dalolat qilmoqda.
Payg'ambarimiz alayhissalom oyatga izoh berib: “Oyat amal daftarini namoyish etishdagi holatni bayon qilmoqda. Kimning amali muhokama qilinsa, halok bo'ladi”, demoqdalar.
Nabiy alayhissalomning oyatdan haqiqiy ma'noni bayon etish uchun bergan javoblarida engil hisob, ya'ni amal daftarini namoyish etish va ko'rsatish boshqa, amallarning taftish etilishi boshqa ekani ayon bo'lmoqda. U zot alayhissalom oyatdagi “engilgina hisob-kitob qilinadi”dan murod “Alloh taolo bandaga gunohlarini zikr qiladi. So'ngra dunyoda ularni berkitgani, oxiratda ham kechirib yuborishini bildiradi”, deb izoh bermoqdalar.
“Qiyomat kuni kimning hisob-kitobi taftish qilinsa, azoblanmay qolmaydi”, degan lafzlariga bandalarda yanglishishlar ko'p uchrashi, kim taftish qilinsa, afv etilmasligi va do'zaxga kiritilishini bayon etmoqdalar.
Demak, qiyomat kuni hisob-kitob ikki ko'rinishda bo'ladi:
1) amallar ko'rsatilib, tanbeh beriladi. Bu hisob engil o'tib, uning uchun azob berilmaydi;
2) munoqasha hisob-kitobi. Bu – qiyin va qattiq hisob, azobdan xoli bo'lmaydi. Boisi, bu bandaning xatolari ustidagi taftish bo'lib, jamiki gunohlaridan so'roq qilinadi. U har bir yomonligi uchun javob beradi.
Abbod ibn Abdulloh ibn Zubayr aytadi: «Oysha onamiz roziyallohu anhoning bunday deganini eshitdim: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan engil hisob haqida so'radim. U zot alayhissalom: “Qiyomat kuni (amal daftari) beriladi va unga kichik gunohlarini namoyish qiladilar”, deb javob berdilar».
Kimning hisob-kitobi oson bo'ladi?
Abu Hotim va Hokim rahimahumalloh Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Kimning yaxshiliklari yomonliklaridan ko'p bo'lsa, shu kishi hisob-kitobsiz jannatga kiradi. Kimning yaxshiliklari yomonliklari bilan teng kelsa, engil hisob qilinadi. So'ngra jannatga kiritiladi. Kimning gunohlari yaxshiliklaridan ziyoda kelsa, ana o'sha o'z nafsini halok etibdi”. Shafoat ham shu singari bo'ladi.
Ibn Umar roziyallohu anhumo rivoyat qilgan hadisda: «Sizlardan biringiz Rabbisiga yaqin keltiriladi. Hatto orada hech qanday to'siq bo'lmaydi. Unga: “Shu, shu narsalarni qilding”, deydi. Banda gunohlariga iqror bo'ladi. So'ngra Alloh aytadi: “Sen uni sendan dunyoda berkitdim. Bugun esa seni mag'firat qilaman”», deyilgan.
Hadisda Oysha onamizning fazilati, ta'limga va o'rganishga harisligi; hisob-kitob, qiyomat kunidagi azob, odamlarning hisob-kitoblari turliligi; tolibi ilmning o'ziga noaniq bo'lgan narsani so'rab bilishga haqliligi; olim odam o'ziga qilingan murojaatni chin ko'ngildan qabul etishi; Nabiy alayhissalomga o'xshab so'rovchiga tushuntirib berishning vojibligi bayon etilgan.
Mansur O'ROLOV,
Sergeli tumani “No'g'ayqo'rg'on” masjidi imom noibi
"Hidoyat" jurnalidan
Savol: Men Turkiya davlatida avtomashinalarni yuvish xizmati (avtomoyka)da ishlayman. Ba’zan taksi haydovchilarining mashinalarini yuvganimizda ichida mijozlarning buyumlari va pullari tushib qolgan bo‘ladi. Shu pullarni o‘zimizga olsak bo‘ladimi yoki taksichiga berishimiz kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazkur buyum va pullar sizning ham, taksichining ham mulki emas, balki o‘z egasining mulkidir. Shuning uchun egasiga qaytarish lozim. Buning uchun siz topilmani taksichining o‘ziga qaytarib berasiz va u haqiqiy egalarini topish chorasini ko‘radi. Egasidan beruxsat ishlatib yuborishi gunoh hisoblanadi.
Zayd ibn Xolid al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim yo‘qolgan narsani tanitmay o‘ziniki qilib olsa, zalolatga ketuvchidir”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Hozirgi vaqtda unutib qoldirilgan buyumlarning egasini topishning turli yo‘llari mavjud. Unutib qoldirilgan narsalar buyum va pul singari chirib, aynib qolmaydigan narsalar bo‘lsa, egasi chiqqunicha o‘zida saqlab turadi va egasini topishga jiddiy kirishadi.
Egasini topishdan butkul umidi uzilgan vaqtda o‘zi muhtoj bo‘lsa, sadaqa o‘rnida o‘ziga ishlatishi, boy bo‘lsa, faqirlarga egasining nomidan sadaqa qilib yuborishi lozim bo‘ladi.
Keyinchalik egasi topilib qolsa, holatni tushuntiradi. Agar egasi rozi bo‘lsa, sadaqaning savobi unga bo‘ladi. Egasi rozi bo‘lmay, narsasini talab qilsa, qiymatini to‘lab beradi va qilingan sadaqaning savobi ana shu taksichining o‘ziga bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.