Xayrli ishlar Samarqand viloyatida ham izchil davom ettirilmoqda. Ayni maqsadni ko‘zlagan holda, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Nursultonxon domla Abdumannonov Bulung‘ur tumanidagi “Olomon” jome masjidida bo‘lib, bu yerda tashkil etilgan navbatdagi xayriya tadbirida ishtirok etdi.
Ma’rifiy suhbat va ehson dasturxoni shaklida o‘tgan ushbu marosimga 200 nafar nuroniy otaxon va ko‘makka muhtoj fuqarolar taklif etildi.
Tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj 20 ta oilaga maxsus hadya va moddiy yordamlar topshirilib, ularning ko‘ngli shod etildi.
Samimiy ruhda kechgan suhbatlar davomida xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va o‘zaro ko‘mak kabi yuksak insoniy fazilatlarning ahamiyati yana bir bor ta’kidlanib, yurt tinchligi va el farovonligi uchun duolar qilindi.
Sammuslim.uz
Surxondaryo viloyati hokimi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida boshlangan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostidagi ezgulik chellenji davom etmoqda.
Mazkur ezgu tashabbus doirasida Qumqo‘rg‘on tumanida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, e’tibor va ko‘makka ehtiyojmand oilalarning 51 nafar farzandlariga maktab o‘quv qurollari va so‘mkalar topshirildi.
Xususan, ushbu ezgu tadbir Qumqo‘rg‘on tumani "Shah Mashrab" jome' masjidida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili R.Abdullayev, Surxondaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri D.O’roqov, tuman Bosh imom-xatibi H.Zayniyev hamda tumandagi barcha masjid imom-xatiblari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Bunday ezgu tashabbuslar orqali yurtdoshlarimizga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularning og‘irini yengil qilish, muammolariga yechim topish hamda xonadonlarga bayramona kayfiyat ulashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Zero, inson qadri, mehr-oqibat va saxovat bor joyda ezgulik bardavom bo‘ladi.
Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi Axborot xizmati