O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan yurtimizda milliy sport turlarini keng targ‘ib qilish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda jismoniy faollikni oshirishga qaratilgan muhim tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, milliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan kurash sportini ommalashtirish maqsadida diniy soha vakillari o‘rtasida musobaqalar tashkil etilayotgani ahamiyatlidir.
Jumladan, Farg‘ona viloyatida diniy soha xodimlari ishtirokida kurash bo‘yicha musobaqaning viloyat bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi. Unda turli yosh va vazn toifalaridagi ishtirokchilar bellashib, o‘z mahorat va jismoniy tayyorgarliklarini namoyon etdilar. Musobaqalar qizg‘in va murosasiz tarzda kechib, ishtirokchilarning g‘alabaga bo‘lgan intilishi, matonati va sportga bo‘lgan muhabbati yaqqol namoyon bo‘ldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ularga diplomlar hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Fursatdan foydalanib, musobaqaning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan barcha g‘oliblarni samimiy muborakbod etamiz. Ularning keyingi bosqichlarda ham yuqori natijalarga erishib, viloyatimiz sharafini munosib himoya qilishlarini tilab qolamiz.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy-ma’rifiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimizni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Kirish nutqida mamlakatimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, jamiyatda tinchlik-totuvlik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va fidoyi xodimlarning munosib hissasi haqida alohida ta’kidlandi.
Tantanali tadbir davomida diniy-ma’rifiy sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yurtimizda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini olib borishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi yurtdoshlarga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Esdalik nishonlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zokirovlar ishtirok etdilar.
Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning tinchligi va barqarorligiga, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va e’tirof ramzidir.
Tadbir yakunida taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi ezgu faoliyatlarini yanada sidqidildan davom ettirishlarini ta’kidladilar.
Barcha mukofot sohiblarini samimiy muborakbod etamiz!
Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati