O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan Namangan viloyatidagi imom-xatiblar o‘rtasida sportning milliy kurash turi bo‘yicha musobaqa yuqori saviyada tashkil etildi.
Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan bellashuvlarda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan diniy soha xodimlari faol ishtirok etib, mardlik, halollik hamda sportga xos go‘zal fazilatlarni namoyon etdi.
Tadbirda Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulloh domla Samadov ishtirok etib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va milliy qadriyatlarimizni ulug‘lashda bu kabi musobaqalarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Shuningdek, bunday tadbirlar soha xodimlari o‘rtasida o‘zaro jipslik va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Qiziqarli va murosasiz kechgan bahslar yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. Bu kabi xayrli va manfaatli tadbirlar imom-xatiblarning ham jismonan, ham ma’nan chiniqishlarida muhim bosqich bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati