Ta’lim muassasasi direktori K.Islamov hamrohligida mehmonlar dastlab o‘quv jarayonlari, dars sifati va talabalar bilimini oshirishga qaratilgan metodik yondashuvlar bilan yaqindan tanishdilar. Shundan so‘ng bitiruvchi kurs talabalari bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi. Uchrashuv davomida bo‘lajak mutaxassislarga ularning ishga taqsimoti, faoliyat boshlaydigan masjid va muassasalardagi vazifalari hamda kasbiy mas’uliyati yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Tashrif yakunida mutaxassislar tomonidan ta’lim sifatini yanada oshirish, tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish hamda talabalar uchun sharoitlarni takomillashtirish bo‘yicha muhim tavsiyalar bildirildi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2025-2026 o‘quv yilida mazkur ta’lim muassasasini 24 nafar talaba tamomlab, diniy-ma’rifiy sohada o‘z xizmat faoliyatini boshlash arafasida turibdi.
“Imom Termiziy” O‘MITM
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV