Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahri "Navro‘z" mahalla fuqarolar yig‘ini 19-uyda yashovchi Madina Qurbonovaning eski, xaroba holatdagi xonadoni ta’mirlab berildi.
Og‘ir sharoitda yashab kelgan oilaning uyi qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Uy egalari bu quvonchli lahzada samimiy xursandchilik bildirib, duolar qilishdi.
Mazkur xayrli ishlar saxovatli insonlarning ehsonlari sabab amalga oshirilmoqda
Alloh taolo marhamat qiladi:
"Yaxshilik qilsangiz — o‘zingiz uchundir." (Isro surasi, 7-oyat)
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytganlar:
"Rahm qilganlarga Rahmon ham rahm qiladi."
Shu kabi ezgu ishlar orqali yana ko‘plab oilalarning hayotiga nur kirib bormoqda.
Siz ham yaxshilikka sababchi bo‘ling!
O‘ZINGIZ XOHLAGAN YO‘NALISHNI TANLANG VA EHSON QILING!
manba:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati