Saudiya Arabistonining Islom, da'vat va irshod ishlari vazirligi Mavritaniyada har yili o'tkaziladigan Qur'on va Sunnati nabaviya tanlovining barcha ishtirokchilariga 300 000 ga yaqin Qur'on nusxasi tarqatilishini e'lon qildi.
Mazkur musobaqa Saudiya Arabistoni Islom, da'vat va irshod ishlari vazirligi hamda Mavritaniya Islom va ta'lim-tarbiya ishlari vazirligi, Qur'oni karimni yodlatish xayriya markazlari hamkorligida o'tkazib kelinmoqda.
Ushbu 300 000 dona Qur'on kitobi Madinadagi Qirol Fahd majmuasi tomonidan chop qilingan.
Kitoblarning ma'lum qismi shu yilning 10 mart kuni yakunlangan Qur'oni karim va sunnati nabaviya musobaqasi ishtirokchilariga taqdim qilindi. Kitoblarining qolgan qismi esa Mavritaniyadagi Qur'oni karimni yodlatish bo'yicha faoliyat olib boruvchi xayriya markazlari va jamiyatlarida tahsil olayotgan talabalarga hadya etiladi.
Ushbu Qur'oni karim nusxalarining 250 minggi Qur'oni karimning Varsh rivoyatidagi Nofe' qiroati va yana 50 ming nusxasi esa Qolun rivoyatidagi Nofe' qiroatidan iborat. Hadya etilgan bu Qur'oni karim nusxalari mavritaniyalik qoriyalarning Nofe' qiroatida o'qishlarini osonlashtiradi.
O'MI Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati