Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam dunyoning avvalidan oxirigacha yashab o‘tgan va yashab o‘tishlari kelajakda taqdir qilingan barcha zohid zotlarning hammalaridan ko‘ra zohidroqlari edilar. Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga Tihoma tog‘i kattaligicha oltin, kumush, zumrad u kishi bilan doimo hamroh yurishligi sharti bilan taklif etilganda ham qabul qilmadilar, aytdilarki:
“Yo‘q, Allohim, men bir kun och, bir kun to‘q yurishni istayman” (Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Bayhaqiy rivoyati).
Shuningdek, hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Menga Uhud tog‘i kattaligicha oltin berilganda ham meni bu narsa quvontirolmaydi. Mabodo uch kun o‘tib bu boylikdan bir dirhamcha qolguday bo‘lsa, u ham bo‘ynimdagi qarzimni o‘tashlik uchun qolgan bo‘lardi xolos” (Zayd ibn Vahbdan rivoyat qilingan, Buxoriy rivoyati)
Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlarida dunyo boyligidan nimadir saqlashni xush ko‘rmasdilar. Hatto Uhud tog‘ichalik oltinlari bo‘lgan taqdirda ham barchasini musulmonlarga tarqatib bergan bo‘lardilar. O‘zlarida esa qarzlarini to‘lashgagina kifoya qiladigan miqdorni saqlagan bo‘lardilar xolos.
Shuningdek, hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam musulmonlar e’tiborini ishq haqiqatiga qaratar ekanlar, hech bir bandaning ko‘ngli to Alloh Rasuli sollallohu alayhi vasallamning muhabbati bilan limmo-lim bo‘lmaguncha va bu sevgini boshqa hamma narsaga bo‘lgan muhabbatdan ustun qo‘ymagunicha iymonda kamolga yetisholmasligini uqtirardilar:
“Sizdan birortangiz men unga ota-onasidan, bolasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, mo‘min bo‘la olmaydi” (Anas ibn Molikdan ikki shayx va Nasoiy rivoyat qilgan).
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarga dunyoni muhabbati inson qadrini yerga urishligini, xo‘rlab ochko‘z qilib qo‘yishligini atroflicha tushuntirib o‘tganlar. Haqiqatda inson bolasining ko‘zi dunyo boyligiga hech qachon to‘ymaydi.
Jumladan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Odam bolasi, ikki vodiy to‘la mol-dunyosi bo‘la turib, mol-dunyo to‘la uchinchi vodiyni orzu qiladi. Uchinchisini qo‘lga kiritgandan so‘ng to‘rtinchisini tilay boshlaydi. Odam bolasining ko‘zini tuproqdan o‘zga narsa to‘ldirolmaydi” (Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Shuningdek, Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam mo‘min kishi o‘zining iffatu hurmatini saqlashligini, dunyoga to‘qlik, behojatlik va baparvolik nazari bilan qarashligini yaxshi ko‘rar edilar. Allohning Rasuli sallallou alayhi vasallam yana aytdilarki:
“Chindan ham sadaqa, odamlarning kiri va gunohlarining yuvindisidir” (Abdulmuttalib ibn Robi’adan rivoyat qilingan, Muslim rivoyati).
Hazrati Payg‘ambarimizning bu muborak so‘zlarida mo‘min kishi shaxsiyatini qanchalar oliyjanob, aziz, sharmu hayoli, o‘zgalar qo‘liga qaramaydigan bo‘lishi lozimligi haqida oydin ishoralar bor.
Shuningdek, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yana ta’lim berar edilarki, agar mo‘min kishining nazari – ko‘zi to‘q bo‘lsa Allohning muhabbatiga, odamlarning muhabbatiga bemalol, osonlikcha erisha oladi. Chunki odamlar o‘z qo‘llaridagi molu dunyodan umidvor bo‘lgan kimsani, hech qachon yoqtirmaydilar. Chunonchi, marhamat etdilar:
“Dunyodan yuz o‘girgin, Alloh sevadi. Odamlar qo‘lidagi narsadan umidvor bo‘lma, odamlar sevishadi” (Abul Abbos Sahl ibn Sa’idiydan rivoyat qilingan, Ibn Moja rivoyati).
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati