frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Kamondan o‘q otish

23.04.2026   18713   2 min.
Kamondan o‘q otish

Uqba ibn Alidan rivoyat qilinadi: Samoma ibn Shafiy Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan eshitgan. U zot aytadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbarda:

﴿وَأَعِدُّوا لَهُمْ مَا اسْتَطَعْتُمْ مِنْ قُوَّةٍ﴾

Imkoningiz boricha kuch-quvvatni tayyorlab qo‘yingiz(Anfol surasi, 60-oyat).

Ogoh bo‘linglar quvvat otishlikdir, ogoh bo‘linglar quvvat otishlikdir, ogoh bo‘linglar quvvat otishlikdir” deganlarini eshitganman (Imom Muslim rivoyati).

Ushbu hadisda Payg‘ambaralayhissalom otishni va otish asboblarini o‘rganishga undaganlar. Ulamolar bu hadis sharhida kishi o‘zini, oilasini va vatanini himoya qilish maqsadida otishni va harbiy mashqlarni o‘rganishi lozimligini ta’kidlaganlar.

Kamondan o‘q uzish yoki harbiy mashqlar kishini jismonan chiniqtiradi va irodasini toblaydi.

Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobalar orasida kamondan o‘q uzish, kurash, yugurish va boshqa turli jismoniy mashqlarni bajarish musobaqalarini o‘tkazib, unda o‘zlari ham ishtirok etganlar.

Salama ibn Akva’ roziyallohu anhu aytadlar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir guruh kamondan o‘q uzib musobaqalashayotgan musulmonlar oldidan o‘tdilar. Ularga: “Otinglar! Bani Ismoil. Otalaringiz mergan bo‘lgan. Otinglar! Men Bani fulon bilanman”, dedilar. Shunda ikki guruhdan biriqo‘lidagini tutib (to‘xtab) qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nimaga otmayapsiz?” dedilar.Ular: “Siz ular tomonda bo‘lsangiz qanday otamiz?” deyishdi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Otinglar! Men barchangiz bilan birgaman”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadis guruhlarga bo‘linib, musobaqalar o‘tkazish, ularga muxlislik qilish joizligini ko‘rsatadi.

Sahobalar oralarida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning amakilari Hamza ibn Abdulmuttalib eng merganlardan bo‘lganlar.

Adiy ibn Xotim roziyallohu anhu ko‘proq ovga qiziqqanlar va mohir ovchi bo‘lganlar. Shuning uchun, u zot ko‘proq ovchilikka oid hadislarni rivoyat qilganlar.


"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bog‘otda "Erali eshon bobo" masjidi yangi binosi ochildi (fotolavha)

05.08.2026   31400   1 min.
Bog‘otda

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi "Erali eshon bobo" jome masjidi zamonaviy asosda qayta qurilib, mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirildi. 
 

Masjidning ochilish tantanasida Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev, Bog‘ot tumani hokimi Jahongir Nazarov, viloyat va tuman bosh imom-xatiblari, soha mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.


Marosim Qur’oni karim tilovati bilan boshlanib, yangi masjidning el-yurtimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirish, aholi o‘rtasida ezgulik va ma’rifatni mustahkamlashga xizmat qilishini so‘rab duolar qilindi. Shuningdek, ushbu bunyodkorlik ishlariga hissa qo‘shgan saxovatpesha insonlar haqqiga ezgu tilaklar bildirildi.


Ma’lumot o‘rnida, barcha zamonaviy talablarga javob beradigan va zarur sharoitlar yaratilgan mazkur jome masjid bir vaqtning o‘zida 1000 nafar namozxonni qabul qilish sig‘imiga ega.


Alloh taolo ushbu muborak masjidni qiyomatga qadar Qur’on tilovati, ibodat va ma’rifat ziyosi taraladigan qutlug‘ dargohlardan qilsin! 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Bog‘otda Bog‘otda Bog‘otda Bog‘otda Bog‘otda
O'zbekiston yangiliklari