frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ne’matni qabul qiling va uning shukrini keltiring

28.04.2026   11919   1 min.
Ne’matni qabul qiling va uning shukrini keltiring

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Shukr etilmas qancha ne’matlar,
Baxtsizlik ostida jim kelarlar.

 

Allohning ne’matlari uchun Unga shukr va ibodat qilib haqqini ado eting. Suvdan ichishingiz va poklanishingiz uchun ishlating, Quyoshning nuri va issiqligidan rohatlaning, Oyning ziyosidan zavqlaning hamda dengizlar va tabiat manzaralaridan rohat oling va gunohlarni kechiruvchi Zotga shukr qiling. Alloh sizga bergan ne’matlardan foydalaning, lekin zinhor kufroni ne’mat qilib noshukrlik qilmang. Alloh taolo aytgan ushbu toifadan bo‘lib qolmang:

﴿يَعْرِفُونَ نِعْمَةَ اللَّهِ ثُمَّ يُنْكِرُونَهَا وَأَكْثَرُهُمُ الْكَافِرُونَ﴾

“Ular Allohning ne’matini tanirlar, keyin esa, inkor qilurlar. Ularning ko‘plari kofirlardir” (Nahl surasi, 83-oyat).

Ne’matlarni inkor etishdan saqlaning. Atrigulning tikonlariga qarashdan oldin uning go‘zalligiga boqing. Quyosh issig‘idan shikoyat etishingizdan oldin uning nuridan foydalanishingizni eslang. Tun zulmatidan nolishingizdan avval uning tinch va osudaligini yodga oling. Ne’matlarga so‘kinib yomon ko‘z bilan qarashning nima keragi bor?! Ularning belgilangan yo‘lini o‘zgartirish bilan nima foyda topasiz?! Sizga berilgan ne’matlarni go‘zal holda qabul qiling va Allohga hamd ayting!

Shu’la: Xato yo‘ldan to‘g‘ri yo‘lga o‘tish uzoq, ammo juda go‘zal sarguzashtdir.

Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Banklar va mikromoliya tashkilotlari o‘z faoliyatini islomiy bank faoliyatiga o‘zgartirishi mumkin

11.08.2026   25179   2 min.
Banklar va mikromoliya tashkilotlari o‘z faoliyatini islomiy bank faoliyatiga o‘zgartirishi mumkin

Adliya vazirligi Mikromoliya tashkiloti va bank faoliyatini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3656-1, 01.08.2026 y.), xabar bermoqda huquqiyaxborot Telegram kanali.

Mazkur idoraviy hujjat "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida" 2026 yil 27 martdagi O‘RQ–1126-son Qonunga muvofiq ayrim kredit tashkilotlari faoliyatini o‘zgartirishning quyidagi tartib-taomillarini belgilaydi:

  • mikromoliya tashkilotini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankiga o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankni faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankiga o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankini mikromoliya tashkilotiga o‘zgartirish;
  • bankni faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirish.

Shuningdek, o‘z faoliyatini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirishga faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki haqli.

Mikromoliya bankini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) olish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mikromoliya banki binolarida shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq qulay shart-sharoitlar yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasi mavjud bo‘lishi kerak.

Tashabbus Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish iqtisodiyotga depozitlar va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar ko‘rinishida taxminan 1 milliard dollar jalb qilishi mumkin. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2035 yilga borib O‘zbekiston ushbu tizim ishga tushirilgandan beri dunyoda islom moliyasining eng tez o‘sishini namoyish etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari