Bugun, 30 aprel kuni O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi Diniy idora raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi raisining o‘rinbosari, akademik Rafiq Muxametshovich boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yangi ochilgan oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari hamda Qur’on kurslari faoliyati alohida e’tirof etildi.
O‘z navbatida, akademik Rafiq Muxametshovich Qozon islom universiteti diniy ta’lim yo‘nalishida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish, xususan, o‘quv dasturlari va adabiyotlarini almashish yuzasidan muhim takliflarini ilgari surdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro aloqalarni tizimli va bosqichma-bosqich rivojlantirishga kelishib oldilar.
Do‘stona uchrashuv yakunida o‘zaro hadyalar almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Avval xabar berilganidek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining zamonaviy kutubxonasi kitobxonlar, tadqiqotchilar va talabalar uchun o‘z eshiklarini rasman ochdi. Axborot-kutubxona xizmatlaridan samarali foydalanish uchun quyidagi qoida va tartiblar belgilangan:
Kutubxonadan foydalanish 14 yoshdan boshlab rasmiylashtiriladi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun quyidagi hujjatlardan biri taqdim etilishi lozim:
Pasport yoki ID-karta;
Istiqomat qilish guvohnomasi;
Haydovchilik guvohnomasi.
Eslatma: 14–16 yoshdagi foydalanuvchilar tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma hamda ota-onasi yoki vasiylarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari asosida a’zo bo‘lishlari mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tgan kitobxonlarga 2 yil muddatga amal qiluvchi maxsus ID-karta taqdim etiladi.
Kutubxona haftaning quyidagi kunlarida foydalanuvchilarni qabul qiladi:
Dushanba – Juma: 09:00 dan 22:00 gacha
Shanba: 09:00 dan 18:00 gacha
Yakshanba: Dam olish kuni
Markaz kutubxonasi bir vaqtning o‘zida 310 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatish salohiyatiga ega bo‘lib, quyidagi makonlarni o‘z ichiga oladi:
Ilmiy va xorijiy adabiyotlar zallari hamda olimlar xonasi;
Kovorking hududi va individual ishlash joylari;
Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus xona;
Ochiq havoda mutolaa qilish uchun yashil maydon.
Kitobxonlar uchun kutubxonaning 40 mingdan ortiq bosma nashrlari, 3 mingdan ziyod nodir qo‘lyozma va toshbosma manbalari hamda mahalliy va xalqaro elektron bazalar orqali 10 milliondan ortiq raqamli resurslardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Tadqiqotchilar uchun sensor panellar, infokiosklar, ovozdan xoli kabinalar va kitoblarni sterilizatsiya qilish uskunalari xizmat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati