Kecha, 6 may kuni yurtimizda uzoq yillar xizmat qilib, dinimiz rivoji, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga beqiyos hissa qo‘shgan mehnat faxriylarini yo‘qlash va e’zozlash tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu xayrli tadbir doirasida tizimda ko‘p yillar faoliyat yuritgan faxriy ulamolar va xizmatchi xodimlar holidan xabar olinib, ularga Diniy idoraning maxsus minnatdorlik tabriknomalari va esdalik hadyalari topshirildi.
Mazkur e’tibor va ehtiromdan behad shod bo‘lgan keksalar o‘zlari mehnat qilgan paytdagi xotiralar hamda bugungi imkoniyatlar davri haqida to‘lqinlanib so‘zlash barobarida yurtimiz tinchligi va xalqimiz omonligini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Ta’kidlash joizki, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan 2022 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasida Faxriylar kengashi tashkil etilgan edi. Mazkur xayrli ishdan ko‘zlangan asosiy maqsad faxriylarimizning boy tajribasidan keng foydalanish bilan bir qatorda ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, sihatgohlar hamda muborak umra safariga imtiyozli yuborish kabi har jihatdan qo‘llab-quvvatlash sanaladi. Bugungi ezgu tadbir ham ana shu tizimli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Darhaqiqat, dinimizda Islom yo‘lida soch-soqoli oqargan kishilarning ko‘plab fazilatlari bayon etilgan. Jumladan, buyuk vatandoshimiz Imom Termiziy rivoyat qilgan muborak hadisi sharifda: “Bir kishi: “Ey, Allohning Rasuli! Insonlarning qaysisi afzal” – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Umri uzoq bo‘lib, amali chiroyli bo‘lgani”, deya marhamat qilganlar. Shu ma’noda, diniy sohada fidokorona xizmat qilgan faxriylarni e’zozlash, ularning maslahat va duolarini olish ham insoniylik, ham diniy qadriyatlarimizning go‘zal namunasi va savobi ulug‘ amallardandir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Buxoro viloyatida yangi jome masjidlarini barpo etish va obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov Kogon shahri va Kogon tumanida qurilayotgan ikki masjidda bo‘lib, qurilish ishlarining borishi bilan tanishdi.
Dastlab Kogon tumanidagi “Xo‘ja Ka’bul Axbor Vali” jome masjidining yangi binosida olib borilayotgan qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi. Tashrif davomida mas’ullar bilan qurilish jarayoni muhokama qilinib, ishlarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish yuzasidan tegishli tavsiya hamda takliflar berildi.
Loyihaga ko‘ra, yangi masjid xonaqohi va keng hovlisi bilan birgalikda 1000 nafardan ziyod namozxonni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Majmua tarkibida muhtasham gumbaz, zamonaviy tahoratxonalar, ma’muriy binolar, yangi darvoza, avtoturargoh hamda ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar barpo etiladi. Shuningdek, masjid hududidagi tarixiy hovuz va qadimiy quduqni restavratsiya qilish ishlari ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng Kogon shahrida barpo etilayotgan “Hazrati Bilol” jome masjidida ham qurilish ishlarining borishi o‘rganildi. Mas’ullarga qurilish sifatini yanada oshirish, me’moriy yechimlarga alohida e’tibor qaratish va ishlarni o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Loyihaga muvofiq, mazkur masjid sharqona milliy me’moriy uslubda qurilib, 900 nafar namozxonga mo‘ljallanadi. Majmuada kutubxona, omborxona, 20 kishilik tahoratxona, ma’muriy xonalar, baland gumbaz, ikki peshtoqli kirish darvozasi hamda balandligi 33 metr bo‘lgan minora barpo etiladi. Shuningdek, avtoturargoh, hovuz va yashil hududlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Qayd etilganidek, qurilish ishlari masjidlarning hisob raqamlariga tushayotgan mablag‘lar hamda saxovatpesha homiylarning xayriyalari asosida amalga oshirilmoqda.
Yangi masjidlar yurtimizda diniy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlash, aholiga munosib ibodat sharoitlarini yaratish va milliy me’morchilik an’analarini asrab-avaylashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Alloh taolo ushbu xayrli bunyodkorlik ishlarini barakali qilib, ularning muvaffaqiyatli yakun topishini nasib etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati