Kecha, 6 may kuni yurtimizda uzoq yillar xizmat qilib, dinimiz rivoji, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga beqiyos hissa qo‘shgan mehnat faxriylarini yo‘qlash va e’zozlash tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu xayrli tadbir doirasida tizimda ko‘p yillar faoliyat yuritgan faxriy ulamolar va xizmatchi xodimlar holidan xabar olinib, ularga Diniy idoraning maxsus minnatdorlik tabriknomalari va esdalik hadyalari topshirildi.
Mazkur e’tibor va ehtiromdan behad shod bo‘lgan keksalar o‘zlari mehnat qilgan paytdagi xotiralar hamda bugungi imkoniyatlar davri haqida to‘lqinlanib so‘zlash barobarida yurtimiz tinchligi va xalqimiz omonligini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Ta’kidlash joizki, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan 2022 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasida Faxriylar kengashi tashkil etilgan edi. Mazkur xayrli ishdan ko‘zlangan asosiy maqsad faxriylarimizning boy tajribasidan keng foydalanish bilan bir qatorda ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, sihatgohlar hamda muborak umra safariga imtiyozli yuborish kabi har jihatdan qo‘llab-quvvatlash sanaladi. Bugungi ezgu tadbir ham ana shu tizimli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Darhaqiqat, dinimizda Islom yo‘lida soch-soqoli oqargan kishilarning ko‘plab fazilatlari bayon etilgan. Jumladan, buyuk vatandoshimiz Imom Termiziy rivoyat qilgan muborak hadisi sharifda: “Bir kishi: “Ey, Allohning Rasuli! Insonlarning qaysisi afzal” – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Umri uzoq bo‘lib, amali chiroyli bo‘lgani”, deya marhamat qilganlar. Shu ma’noda, diniy sohada fidokorona xizmat qilgan faxriylarni e’zozlash, ularning maslahat va duolarini olish ham insoniylik, ham diniy qadriyatlarimizning go‘zal namunasi va savobi ulug‘ amallardandir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati