Yurtimizda milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ko‘rsatish, muqaddas qadamjolarni obod etish hamda aholi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasidagi xayrli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, "9 may — Xotira va qadrlash kuni" hamda yaqinlashib kelayotgan muborak Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan 2026 yil 7 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyati vakilligi tasarrufidagi masjidlar, ziyoratgohlar va qabristonlarda umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan tashkil etildi.
«Poklik — iymonning yarmidir» degan hadisi sharif mazmuniga muvofiq ravishda o‘tkazilgan ushbu tadbirda diniy soha xodimlari, imom-xatiblar va mahalla faollari faol ishtirok etib, xonaqohlar, tahoratxonalar hamda ziyoratgohlar hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirdilar.
Bu kabi ezgu tadbirlar atrof-muhit musaffoligini ta’minlash bilan birga, jamiyatda hamjihatlik, bag‘rikenglik va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Namanganda ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda.
“Mehr-saxovat” ma’rifiy tadbiri doirasida soha xodimlari shahardagi 125 ta xonadonga tashrif buyurib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdilar. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida ko‘rsatilgan ushbu ko‘mak ko‘ngillarga iliqlik, yuzlarga tabassum ulashdi.
Dildan kechgan samimiy suhbatlar va ko‘tarilgan duolar yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati