frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Shaytonga yordamchi bo‘lmang!

07.05.2026   13813   2 min.
Shaytonga yordamchi bo‘lmang!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga bir kishining ko‘p xamr (may) ichayotgani haqida xabar yetdi. Shunda u zot u kishini sharmanda qilmadilar, nomini oshkor qilmadilar va la’natlamadilar ham...

Balki unga qisqa, ammo ma’nosi ulkan bir maktub yozdilar:

«Men seni Undan o‘zga iloh bo‘lmagan Allohga hamd aytishga chaqiraman. U gunohni mag‘firat qiluvchi, tavbani qabul etuvchi, azobi qattiq va ehsoni keng Zotdir. Undan o‘zga iloh yo‘q va qaytish Uning huzurigadir».

Haligi kishi maktubni qayta-qayta o‘qir ekan, tinmay yig‘ladi, qalbi larzaga keldi, gunohining naqadar og‘irligini angladi va Allohga chin dildan tavba qildi.

Bu xabar Hazrati Umarga yetganda, atrofidagilarga dedilar:

«Agar bir birodaringizni toyilganini ko‘rsangiz, mana shunday yo‘l tutinglar. Uni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llanglar, Alloh taologa tavba qilishini so‘rab duo qilinglar va unga qarshi shaytonga yordamchi bo‘lmanglar».

Xulosa shuki... Din insonlarni sharmanda qilish yoki yiqilganlarning sonini ko‘paytirish uchun kelmagan. Balki din — qalbi siniqlarni tiklash, qaytish eshigini ochish va gunohkorni yanada pastga urish uchun emas, balki uni qutqarish uchun qo‘lidan tutish uchun kelgandir.

Qanchadan-qancha qattiq so‘zlar borki, tavba eshigini yopib qo‘ygan va qanchadan-qancha rahm-shafqat bilan aytilgan so‘zlar borki, bir qalbning hidoyatiga sabab bo‘lgan...Alloh taolo: «Odamlarga yaxshi gaplar ayting» degan (Baqara surasi, 83-oyat).

Zero, birgina shirin so‘z bir insonni qutqarib qolishi va birgina yomon so‘z esa yangi bir shaytonni paydo qilishi mumkin.

Yo Allohim! Bizni yaxshilik eshigining kalitlari, yomonlik eshigining qulflari qilgin... Bandalaringga qarshi bizni shaytonga yordamchi qilib qo‘ymagin.
 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga 6,5 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurdi

14.07.2026   2888   1 min.
Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga 6,5 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurdi

2026 yilning yanvar­–iyun oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda 6 million 565 ming 410 nafar chet el fuqarosi tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, sayyohlar oqimi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 million kishiga yoki 24,9 foizga oshgan.


Sayyohlarning eng ko‘pi qo‘shni davlatlardan kelgan. Tashriflar soni bo‘yicha Qirg‘iziston yetakchilik qilmoqda – 1 875 332 kishi. Keyingi o‘rinlarni Qozog‘iston (1 553 688) va Tojikiston (1 471 670) egallagan. 
 

Shuningdek, turistlar soni bo‘yicha kuchli o‘nlikka Rossiya (585 558), Afg‘oniston (238 925), Xitoy (223 479), Turkmaniston (164 211), Turkiya (95 466), Hindiston (26 450) va Germaniya (22 294) kirdi.

Mutaxassislarning fikricha, turizmining o‘sishi O‘zbekistonning sayohat yo‘nalishi sifatida jozibadorligi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari