Bugun, 8 may kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida tahsil olayotgan bosh imom va imom-xatiblar uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Markazning ochilish marosimida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani bilan ham e’tiborlidir. Zero, Davlatimiz Rahbari o‘z nutqida: "Bu dargohda islom merosini chuqur o‘rganish, diniy xodimlar va imom-xatiblarning malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ishlarini tashkil etish, o‘ylaymanki, maqsadga muvofiqdir", — deya ta’kidlagan edi.
O‘quv jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov hamda boshqa professor-o‘qituvchilar tomonidan olib borildi.
Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilar "Davlat va din munosabatlari", "Ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida axloqiy me’yorlar", "Fiqh ilmining metodologik asoslari va zamonaviy yondashuvlar" kabi mavzular asosida o‘z bilim va malakalarini oshirdilar.
Mazkur o‘quvlar diniy-ma’rifiy sohada faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, jamiyatda ma’rifat va bag‘rikenglik muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida diniy-ma’rifiy sohada samarali faoliyat yuritayotgan, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash va yoshlarni yot g‘oyalardan asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh soha xodimlari taqdirlandi.
Tadbirda Qumqo‘rg‘on tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Z.Eshqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularning el-yurt osoyishtaligi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishdagi xizmatlarini yuqori baholadi.
Marosimda fidoyi soha xodimlariga tuman hokimligining tashakkurnomalari va bayram esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati