Savol: Ayollar namozda sajda qilganida oyoq barmoqlari uchi qiblaga qarab turishi kerakmi yoki yo‘qmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Faqihlarimiz namoz o‘qishda ayol va erkak holatlarining farqli jihatlarini bayon qilib berganlar. Masalan, ayollar namozni erkaklar kabi ovoz chiqarib o‘qimaydi, rukuda ham erkaklardek belini to‘liq bukmaydi va tizzalarini tik tutmaydi va hokazo.
Savolda so‘ralgan sajdadagi holatga kelsak, erkaklar oyoqlarini tik qilib, barmoqlarini qiblaga qaratib turadilar. Ayollar esa, oyoqlarini tik qilmaydilar, balki oyoq barmoqlarining ust tomonini yerga qo‘yib, sajda qiladilar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati