Bismillahir Rohmanir Rohiym
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning davrlarida barcha musulmonlar o‘zlari bilmagan masalalarni Rasulullohdan so‘raganlar. Sahobai kiromlar davrida olim sahobalardan yosh sahobalar ta’lim olishdi. Shu zaylda, shar’iy ilmlarda ma’lum darajaga yetmagan kishilar muayyan ulamolarning yo‘llarini tutishlari an’anaga aylanib, fiqhiy mazhablar ko‘payib bordi. Chunki, Alloh taolo O‘zining kalomida bunday degan: “Bas, agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasidan to‘rt yirik mazhab: hanafiylik, molikiylik, shofeiylik va hanbaliylik ajralib chiqdi va ularning mazhablari musulmonlar ommasi tomonidan “fiqhiy mazhablar” deb e’tirof etildi.
Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo (ittifoq) qilganlar. Dalil sifatida quyidagi olimlarning so‘zlarini keltiramiz:
Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh o‘zlarining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” nomli kitobida bunday degan: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda yuqori martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlari haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi”.
Imom Badriddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.
Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida bunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor”.
Imom Samhudiy so‘zlarini davomida bunday deydi: “Bir mazhabda yurishda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor:
“Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Demak, mazhabga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi”.
Mashhur alloma Abdulhay Laknaviy hazratlari “Majmuatul fatovo” kitoblarida Shoh Valiyulloh Dehlaviyning quyidagi so‘zlarini keltirganlar: “Hindiston va Movarounnahr yurtlarida shofeiylarni ham, hanbaliylarni ham, molikiylarni ham mazhabi tarqalmagan, boshqa mazhab kitoblari ham yetib kelmagan. Shuning uchun ushbu diyorlarda yashovchi, ijtihod darajasiga yetmagan kishilarga Abu Hanifa mazhabiga ergashish vojib bo‘ladi. Makkada va Madinada yashovchi kimsalarga unday emas. Chunki u yerda barcha mazhablarni topish imkoniyati bor”.
Yuqoridagi yetuk ulamolarning bu mavzudagi fatvo va xulosalarini ko‘plab keltirish mumkin. Bundan bizning yurtimizda faqatgina Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhabiga amal qilish lozim ekani ma’lum bo‘lmoqda. Allohga hamdlar bo‘lsinki, bir necha asrlardan beri ota-bobolarimiz mazkur mazhabga og‘ishmay amal qilib kelmoqdalar.
Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz o‘zlari ilmiy ko‘nikma hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar.
Mashhur ulamolarimizdan Doktor Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh “Mazhabsizlik Islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’atdir” nomli kitobida hozirgi mazhabsizlarning voqeligini izohlab bunday deganlar: “Shubhasiz ular (ya’ni, mazhabsizlar)ning hammalari bevosita Qur’on va sunnatdan hukm olishni da’vo qiladilar. Ular o‘zini huddi sanad, dalillar va roviylarning bilimdoni va tadqiqotchisidek tutsada, aslida biz ana shu odamlarning orasida butunlay savodsizlarining ko‘p guvohi bo‘ldik”.
Demak, musulmonlarning birligi, ibodatlarning mukammalligi, jamiyatning tinchligi uchun yurtimiz musulmonlari Imomi A’zam rahmatullohi alayhning mazhablariga ergashishlari lozim va lobud.
Abdulatif Otajanov,
Yangiqo‘rg‘on tumani “At-Termiziy” jome masjidi imom-xatibi.
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati