18 may — Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida islom sivilizatsiyasi tarixi va muqaddas maskanlar bilan bog‘liq noyob artefaktlarning maxsus ko‘rgazma-taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Markazning jahon islom merosini o‘rganish, asrab-avaylash va uni keng jamoatchilikka zamonaviy formatlarda namoyish etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Ko‘rgazmaning eng muhim jihaatlaridan biri — Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i asosida YEXHT va London politsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan maxsus tadbirlar davomida aniqlanib, O‘zbekistonga olib kelingan noyob madaniy boyliklarning jurnalistlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali ravishda ochilganidir.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida bugungi kungacha qariyb 2 mingga yaqin madaniy boyliklar yurtimizga qaytarilgan bo‘lib, Qurbon hayiti arafasida xalqimizga taqdim etilayotgan bu bebaho tuhfalar katta ma’naviy ahamiyat kasb etmoqda.
Ko‘rgazmada islom olamining eng muqaddas maskanlari bilan bog‘liq, yuksak qadriyatga ega bo‘lgan nodir yodgorliklar namoyish etilmoqda. Ularning markaziy eksponatlaridan biri — 1880 yilga mansub, muqaddas Ka’ba eshigining metall iplar bilan tikilgan tarixiy pardasi bo‘lmish “Burqa”dir.
Shuningdek, jamoatchilik e’tiboriga Ka’ba kisvasining bir qismi — “Xizom” hamda 1900 yilga oid Madinai Munavvaradagi Ravza maqbarasi yopinchig‘i taqdim etildi. Ekspozitsiyadan Ka’baning shimoliy qismi tomiga o‘rnatilgan zarhal suv oqizgich — “Mizob ar-Rahmon”, “Muhammad” va “Alloh” yozuvlari tushirilgan badiiy pannolar hamda 1793–1795 yillarda ko‘chirilgan, islom xattotlik san’atining nodir namunasi hisoblangan “Daloil al-xayrot” va “Al-hizb al-a’zam” asarlaridan iborat noyob duo kitobi ham o‘rin oldi.
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan madaniy merosni izlash va Vatanga qaytarish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar amalda o‘z ifodasini topmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada muhim ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida jahonning turli davlatlaridagi auksion uylari va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan yurtimizga oid osori-atiqalarni aniqlash va sotib olish ishlarini izchil davom ettirmoqda.
Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazkur taqdimot nafaqat markaz ekspozitsiyasini boyitadi, balki xalqimizning boy tarixi, ma’naviy merosi va bag‘rikenglik an’analarini keng targ‘ib qilishga, madaniy merosni asrab-avaylab, kelajak avlodga yetkazish hamda yoshlarda tarixga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida islom tarixi, qo‘lyozma merosi, manbashunoslik, raqamlashtirish va madaniy yodgorliklarni zamonaviy ilmiy usullar asosida o‘rganishga qaratilgan qator yirik tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularning umumiy xususiyati — tarixiy merosni faqat saqlash yoki namoyish etish emas, balki uni birlamchi manba sifatida qayta o‘rganish, turli fondlarda tarqoq holda saqlanayotgan materiallar o‘rtasidagi ilmiy bog‘lanishlarni aniqlash va yangi tadqiqot masalalarini shakllantirishdir. Markazda amalga oshirilayotgan “114 Qur’on” loyihasi ana shu yondashuvning eng noyob va metodologik jihatdan muhim namunalaridan biri hisoblanadi, xabar bermoqda iccu.uz.
Loyihaning yangiligi 114 ta nodir mus'hafni bir joyga jamlash bilan cheklanmaydi. Uning asosiy ilmiy konsepsiyasi Qur’oni karimning 114 surasini turli asrlar, hududlar va qo‘lyozma maktablariga mansub 114 tarixiy nusxa orqali yagona tizimda taqdim etish va qiyosiy o‘rganishga asoslangan. Shu orqali bir xil muqaddas matnning qariyb o‘n to‘rt asr davomida turli madaniy muhitlarda qanday kitobiy shakllarga kirgani, xat uslublari, bezak tizimi, materiallar, kitob tayyorlash texnologiyasi va tarjima an’analarida qanday o‘zgarishlar yuz bergani kuzatiladi. Ilk Qur’on qo‘lyozma an’analaridan Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Oltin O‘rda, Temuriylar, Boburiylar, Safaviylar va Turkiston xonliklari davrigacha bo‘lgan manbalarning bir korpusda qiyoslanishi loyihani an’anaviy katalog yoki ekspozitsiya doirasidan chiqaradi.
“114 Qur’on” doirasida har bir qo‘lyozma mustaqil tarixiy-ilmiy manba sifatida o‘rganiladi. Paleografiya uning xat xususiyatlari va yozuv uslublarining rivojini, kodikologiya qo‘lyozmaning qog‘oz yoki pergamenti, hajmi, muqovasi va kitob tuzilishini, san’atshunoslik tazhib, ornament va kompozitsiya maktablarini, tarixiy tilshunoslik esa tarjima qatlamlari va leksik xususiyatlarni tahlil qilish imkonini beradi. Kolofonlar, bag‘ishlovlar, egalik qaydlari va boshqa belgilar orqali qo‘lyozmaning yaratilgan muhiti, xattoti, buyurtmachisi va keyingi harakat tarixi tiklanadi. Shu jihatdan mus'haf bu loyihada faqat diniy yodgorlik emas, balki bir vaqtning o‘zida tarix, til, san’at, kitobat texnologiyasi va madaniy aloqalarni o‘rganish uchun ko‘p qatlamli manbaga aylanadi.
Loyihaning alohida ahamiyatli yo‘nalishlaridan biri — turkiy va forsiy satrma-satr tarjimali Qur’on qo‘lyozmalarini tadqiq etishdir. Xususan, Qoraxoniylar va Xorazm muhiti bilan bog‘liq tarjimali nusxalar Qur’onshunoslikdan tashqari tarixiy tilshunoslik uchun ham muhim ma’lumot beradi. Ularda saqlangan leksika, grammatik shakllar va tarjima usullari turkiy yozma tilning qadimgi bosqichlarini, islomiy tushunchalarning mahalliy til muhitiga qanday kirib kelganini va keyingi til jarayonlarini o‘rganish imkonini yaratadi. Bu esa “114 Qur’on”ni faqat qo‘lyozmalar tarixi emas, balki Markaziy Osiyoda diniy tafakkur, til va kitobat madaniyatining o‘zaro ta’sirini tadqiq etuvchi keng ilmiy platforma sifatida namoyon qiladi.
Tadqiqotning yana bir muhim xususiyati — uning xalqaro manbalar geografiyasi bilan bog‘liqligidir. O‘zbekiston va tarixiy Movarounnahr bilan bog‘liq ko‘plab nodir Qur’on qo‘lyozmalari bugun Istanbul, Parij, London, Dublin, Mashhad, Nyu-York va boshqa shaharlardagi yirik muzey va kutubxonalar fondlarida saqlanmoqda. Shu bois loyihada qo‘lyozmaning hozirgi saqlanish joyi emas, balki uning kelib chiqishi, yaratilgan ilmiy-madaniy muhiti, xattotlik an’anasi va tarixiy aloqalari asosiy mezon sifatida qaraladi. Loyiha O‘zbekiston, Fransiya, Turkiya va Avstriyaning Qur’onshunoslik, qo‘lyozmashunoslik, paleografiya va islom san’ati sohalaridagi olim hamda mutaxassislarini yagona ilmiy jamoa atrofida birlashtirdi. Ularning ishtirokida dunyoning turli muzey va kutubxona fondlarida saqlanayotgan mingdan ortiq nodir mus'hafga oid ilmiy ma’lumotlar va raqamli tasvirlar ko‘rib chiqilib, tarixiy, matnshunoslik va badiiy ahamiyati yuqori bo‘lgan namunalar saralab olindi. Bunday xalqaro hamkorlik turli mamlakatlarda tarqoq holda saqlanayotgan qo‘lyozmalarga oid manbalarni yagona metodologiya asosida qiyosiy o‘rganish imkonini bermoqda.
Loyihaning ilmiy natijalari Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’oni karim zalida ham o‘z ifodasini topadi. Hazrati Usmon Mus'hafi markaziy o‘rin egallagan mazkur makonda turli davrlarga mansub Qur’on nusxalarining tarixiy ketma-ketlikda taqdim etilishi tashrifchiga alohida nodir asarlarni ko‘rishdan ko‘ra kengroq imkoniyat — Qur’on kitobati madaniyatining asrlar davomidagi rivojini yaxlit jarayon sifatida anglash imkonini beradi. Shu ma’noda “114 Qur’on” loyihasi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy modelini aniq namoyon etadi: dunyo fondlariga tarqalgan manbalarni izlash, aniqlash, qiyosiy tahlil qilish, ilmiy tavsiflash, raqamlashtirish va zamonaviy muzey talqini orqali jamoatchilikka yetkazish yagona tadqiqot jarayoniga birlashtirilmoqda. Loyihaning haqiqiy noyobligi ham ana shunda — 114 qo‘lyozma bir joyga emas, bir ilmiy g‘oya va yagona tadqiqot tizimi atrofiga birlashtirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati