Shu yilning 20 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Diniy idora bo‘lim boshliqlari va mas’ul xodimlari ishtirokida Qurbon hayitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni munosib o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, viloyatlar va Toshkent shahar vakilliklari, yurtimizdagi tuman-shahar bosh imom-xatiblari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida muhtaram Prezidentimizning Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan Muftiy hazratlari bilan telefon orqali muloqotlari, hojilarning ko‘tarinki kayfiyati haqida so‘z bordi.
Shundan so‘ng ulug‘ ayyom — Qurbon hayiti namozini yurtimizda uyushqoqlik, yuqori tartib-intizom va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Muftiy hazratlarining joylarga yetkazilgan ko‘rsatma va tavsiyalariga amal qilish, masjidlarning bayram tadbirlariga shaylik holatini ko‘zdan kechirish, namozxonlar uchun xavfsizlik va sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilgan holda barcha shart-sharoitlarni yaratishga e’tibor qaratildi.
Masofaviy yig‘ilishda ulug‘ ayyom arafasida mehr-muruvvat va saxovat tadbirlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada hududlardagi ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy jihatdan dalda bo‘lish yuzasidan imom-xatiblarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, yurtimizdagi qabriston va ziyoratgohlarni obodonlashtirish, tozalik ishlarini kuchaytirish hamda atrof-muhitni tartibga keltirish bo‘yicha uyushqoqlik bilan hasharlar tashkil etish zarurligi qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi Hikmatulloh domla Abiyevga padari buzrukvorining vafoti munosabati bilan ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhumning barcha solih amallarini husni qabul aylasin, jannati Firdavsdan joy ato qilsin, rahmatiga olsin.
Marhumning ahli bayti va yaqinlariga go‘zal sabr, sabrlariga ajrlar ato etsin. Musibatlari o‘rnini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun!
«Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz U Zotga qaytamiz».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi