Savol: Mayyitni qabrga qo‘yayotganda “Ala millati Rasulillah” deyiladi. Shuni “Ala ummati Rasulillah”, deyish kerak emasmi? Chunki Qur’oni karimda “Millati Ibrohim” deb, ya’ni “millat” so‘zi Ibrohim alayhissalomga nisbatlanib keladi.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mayyitni qabrga qo‘yishda “Bismillah va ala millati Rasulillah” deyiladi. “Ala ummati” deyilmaydi.
Bu ibora hadisi shariflarda shu lafzlar bilan kelgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar roziyallohu anhum mayyitni qabrga shunday deb qo‘yganlar.
Bu yerdagi “millat” so‘zidan etnik kelib chiqishi bir bo‘lgan insonlar guruhi tushunilmaydi. Balki din, shariat, yo‘l degan ma’nolar nazarda tutiladi.
Bu haqida Abu Mansur Moturidiy rahimahulloh “Bismillah va ala millati Rasulillah” iborasi “Biz bu mayyitni Alloh taoloning nomi bilan hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shariatiga ko‘ra dafn qildik”, degan ma’noni anglatadi, deganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Namozda yeyish va ichish namozni buzadi deyilgan. Misol uchun tishlar orasida qolib ketgan non ushog‘i yoki go‘shtni yutib yuborish namozni buzadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Faqihlar tishlar orasida qolib ketgan no‘xat va undan kattaroq hajmdagi taom qoldiqlarini yeyish yoki yutib yuborish namozni buzishini ta’kidlaganlar.
Demak, tishlar orasida qolib ketgan qoldiqning hajmiga qaralar ekan. Agar u kamida o‘rtacha no‘xatdek bo‘lsa, namozni buzadi, undan kichik bo‘lsa, buzmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi