«Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!» deb, (Kalomulloh Qur’oni karimning Qalam surasi 4 oyatida) marhamat qilib, makorimi axloqni takomillashtirish uchun yuborilgan Janobi sevimli Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni ulug‘lagan Parvardigori olamga behisob hamdu sanolarimiz bo‘lsin!
«Haq bo‘laturib tortishuvni tark qilgan kishi uchun jannatning chekkasida bir qasr bino qilinishiga; hazil bo‘lsa ham yolg‘onni tark qilgan kishiga jannatning o‘rtasida bir qasr bino qilinishiga; xulqi go‘zal bo‘lgan kishi uchun esa jannatning yuqorisida bir qasr bino qilinishiga kafilman» deb, (Imom Abu Dovud rivoyatlari) marhamat ila va’da etgan habibimiz, ko‘zimiz nuri, boshimiz toji Janobi sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga cheksiz salavot-shariflarimiz va salomlarimiz bo‘lsin!
QISQACHA MA’LUMOT:
Xalqaro huquq darajasida bolalar huquqlariga oid
asosiy hujjat – 1989 yil 20 noyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Bosh Assambleyasining 44/25-sonli Qarori bilan qabul qilingan Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya hisoblanadi.
Bundan tashqari, bolalarga bag‘ishlangan yana bir qator xalqaro sanalar mavjud: Butunjahon bolalar kuni (20 noyabr), Xalqaro begunoh bolalar – tajovuz qurbonlari kuni (4 iyun) va Afrika bolalarini himoya qilish kuni (16 iyun).
Har yili 1 iyun sanasi dunyo bo‘ylab Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida keng nishonlanadigan kun esa 1949 yil noyabr oyida Parij shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro demokratik ayollar federatsiyasi kongressi qarori bilan ta’sis etilgan bo‘lib, ilk bor 1950 yilda nishonlangan.
Bu sana nafaqat bolalarga quvonch ulashish, ularning yuziga tabassum baxsh etish kuni, balki har birimizga ulkan mas’uliyatni eslatib turuvchi muhim kun hamdir. Zero, bola – oilaning ko‘z nuri, qalb quvonchi, millatning kelajagi va Alloh taoloning eng buyuk ne’matlaridan biridir.
Bolalarning beg‘ubor kulgisi, samimiy nigohlari va pok qalblari insonga hayotning haqiqiy go‘zalligini his qildiradi. Shuning uchun ham har bir jamiyatning taraqqiyoti, avvalo, uning farzandlariga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchanadi.
Bolalarga mehr bergan, ularning ta’lim-tarbiyasiga ahamiyat qaratgan xalqning kelajagi ham yorug‘ bo‘ladi.
Islom dini bolalarga mehr-muruvvat ko‘rsatishni, ularni asrab-avaylashni va yaxshi tarbiya berishni eng ulug‘ amallardan biri sifatida ta’lim beradi.
Qur’oni karim va hadisi shariflarda farzandlarga nisbatan rahm-shavqatli bo‘lish, ularning haq-huquqlarini ado etish haqida ko‘plab ko‘rsatmalar berilgan.
Kalomulloh Qur’oni karim oyati karimalarida, Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflarida, sahobai kiromlarning go‘zal fe’l-atvorlarida, ulamolarimizning noyob asarlarida, ulug‘larimizning kitoblarida va dono xalqimizning dono maqollarida kelgan “Hayot” universitetida uchraydigan har xil savollarga mukammal va to‘liq, batafsil va aniq javoblar har birimiz uchun ZARUR va DARKOR bo‘lsa kerak...
Hozirgi davrda, axborot texnologiyalari o‘ta tezkorlik bilan rivojlanayotgan bir paytda, nanotexnologiya zo‘r shiddatlik bilan avjiga chiqayotgan zamonda, har xil ommaviy axborot vositalari xilma-xil ma’lumotlarni kechayu kunduz zo‘ravonlik bilan tarqatayotgan bir onda, farzandlarimiz o‘z-o‘zlari bilan yolg‘iz qolib 25 soat vaqtlarini telefon, kompyuter bilan mashg‘ul bo‘lib, bolalarimiz ular bilan “band” bo‘lib qolganlarida mazkur vazifalar va purma’noli hikmatlar jannatmakon yurtimizning, muqaddas Vatanimizning, dono xalqimizning har bir fuqarosiga qushga – havo, baliqqa – suv zarurligiday zarur bo‘lsa kerak...
Islom ta’limotida farzandlar Allohning omonati deb qaraladi. Omonatga xiyonat qilinmagani kabi, farzandlarning tarbiyasiga ham beparvo qarash mumkin emas. Halol rizq bilan boqish, yaxshi xulq-odobga o‘rgatish, ibodat va ezgulikka muhabbat ruhida tarbiyalash har bir musulmon ota-ona uchun savobli vazifadir. Chunki yaxshi farzand inson vafot etganidan keyin ham uning amal daftariga savob yozilishiga sabab bo‘ladi.
Ba’zan bir shirin so‘z, bir samimiy tabassum yoki kichikgina g‘amxo‘rlik bolaning butun hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun farzandlarimiz bilan ko‘proq suhbatlashish, ularni eshitish, dardlari va quvonchlariga sherik bo‘lish darkor. Mehr bilan ulg‘aygan bola mehribon inson bo‘lib yetishadi. Rahm-shavqat ko‘rgan farzand esa boshqalarga ham rahm qilishni o‘rganadi.
Farzandga berilgan har bir imkoniyat, har bir yaxshi tarbiya va har bir ezgu duo kelajakning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Farzandlarimizga ko‘proq vaqt ajratib, ularning qalbiga yaxshilik, halollik, mehr-oqibat va vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirish – ulug‘vor burchimiz! Chunki bolalar – bu faqat kelajak emas, ular bugungi kunimizning ham eng katta boyligidir.
Bugungi kunda bolalarni himoya qilish masalasi faqatgina moddiy ehtiyojlarni qondirish bilan cheklanmaydi.
Ayniqsa, axborot texnologiyalari rivojlangan zamonda farzandlarimizning ma’naviy olamini asrash, ularni zararli g‘oyalardan himoya qilish har bir ota-ona zimmasidagi muqaddas burch hisoblanadi.
Muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini o‘nib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish vazifasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu vazifa nafaqat biror vazifador yoki biror sohadagi mas’ullarga belgilangan, balki har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN buyuk vazifa va bugungi XXI asr zamonasida ENG KATTA vazifa, deb bilmog‘imiz lozim!
«JONLI» va «JONSIZ» tarbiya
«Agar ogohsan – shohsan,
agar shohsan – ogohsan»
Albatta, xalqimiz, jumladan, yosh avlod g‘arb fan-texnikasi, madaniyati, adabiyoti, san’atining ilg‘or jihatlarini inkor etmaydi. Biroq G‘arbda din va odobga zid bo‘lgan qarashlarning ko‘pchilikka singdirilishi oqibatida yuzaga kelgan «ommaviy madaniyat» tushunchasini g‘arb ziyolilarining o‘zi «g‘arbning muammosi» sifatida baholayotganini hamda «ommaviy madaniyat»ning ma’naviy-axloqiy tubanliklarini yoshlarimiz qancha tez anglasa, shuncha yaxshi.
Bugungi kunda tarbiya ham, ming afsuslar bo‘lsinki, ikki xil bo‘lib qoldi:
1) «jonsiz» tarbiya va 2) «jonli» tarbiya.
1) «JONSIZ» tarbiya – bu internet, kompyuter, telefon, disklar, televizor. Ming afsus va nadomatlar bo‘lsinki, bu narsalar ham ko‘p yoshlarimizni, ba’zi o‘rinlarda sal kattaroqlarimizni ham to‘g‘ri yo‘ldan, o‘z ota-onalari ne-ne mashaqqatlar chekib o‘rgatgan yo‘ldan, ota-bobolarimizdan buyuk va beqiyos meros bo‘lib kelayotgan yo‘ldan ozdirib va adashtirib qo‘ymokda. Natijada, dono xalqimiz maqolida «yaxshini sharofati, yomonni kasofati» deb aytilganidek, o‘zlari ham, oilasi ham, qarindoshlari ham, qo‘shnilari ham, do‘stlari ham, yaqinlari ham, atrofdagilari ham sarson bo‘lib, ularning kasofatlari yashab turgan mahallasiga ham, ishlab turgan ishxonasiga ham, butun el-yurtiga ham yetmoqda.
Bunday shakldagi «jonsiz» tarbiya –
MUTLAQO zid ekanligini unutmaylik!
Xorijiy telekanallarda nima namoyish etilsa yoki internetda nima targ‘ib qilinsa, barchasini qabul qilaverish aslo mumkin emas! Biz ular orasidan imon-e’tiqodimiz, an’anayu qadriyatlarimizga MOS KЕLADIGANLARINIGINA saralab olmog‘imiz shart. Bu maqsadga esa yoshlarimizga telefon, televideniye, kompyuter va internetdan oqilona foydalanish yo‘llarini o‘rgatish, ularning mazkur axborot manbalaridan foydalanishlarini nazorat qilib borish orqaligina erishish mumkin. Toki hali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarimizning beg‘ubor ma’naviyatiga jiddiy zarar yetmasin.
Mutaxassislarning tadqiqotlariga ko‘ra, AQSHda jinoyatchilarning yarmidan ko‘pi buzilgan oilalar farzandlari ekani ma’lum bo‘lgan. Ularga ota-onasining ajrashgani tufayli yetkazilgan kuchli ruhiy zarba o‘rta yosh, hatto keksalik chog‘ida ham salbiy ta’sir o‘tkazishi aniqlangan.
2) «JONLI» tarbiya – bu
Bu «jonli» tarbiyadagi ma’lumotlar esa ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishiga hamda tarbiya sohasiga daxldor har bir inson uchun, har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN beqiyos ensiklopedik manba bo‘lib xizmat qiladi.
Oiladagi bosh – bobo yoki buvi, ota yoki ona har kuni, ayniqsa juma oqshomi, bozor oqshomi kunlarida oilaviy dasturxon atrofida o‘tirganlarida oilasining har bir a’zolarini ismlarini nomma-nom aytib, har bir o‘g‘il-qizlarini, har bir kelin-kuyovlarini, har bir nevara-chevaralarini xaqlariga yaxshi tilaklar aytib, yaxshi duolar qilsalar – bu ham «jonli» tarbiyaning bir turi hisoblanadi.
Zero bunday shakldagi «jonli» tarbiyani hammalarimizning ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz avval-azaldan chin ixlos bilan, sof e’tiqod bilan, go‘zal namuna va chiroyli ibrat bo‘lib, barkamol darajada berib kelishgan.
Shunda «meni otam meni xaqimga bunday duo qilganlar», «meni onam meni bunday bo‘lishimni Xudodan so‘rar edilar» degan ongi-shuuridagi dasturxon atrofidagi surat uning ko‘z oldida doim turadi. Dasturxon atrofida, oilasi huzurida aytilgan ota-onasining umidlari, orzulari uni boshqa nojo‘ya xatti-harakatlardan tiyilishga, har kuni qo‘l ochib Yaratgandan so‘rayotgan tilaklarni eslab, mazkur tilaklarga mos kelmaydigan ishlardan saqlanishga undaydi.
Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma’naviyatiga davlatimiz rahbari Muhtaram Prezidentimiz ham: «Duo qilgan, duo olgan hech qachon kam bo‘lmaydi. Bunday joydan hech qachon baraka arimaydi» deb, yana qo‘shimcha sifatida bizlarga yengilmas kuch qilib berdilar.
Diyorimizda milliy qadriyatlar va muborak dinimizning ezgu ta’limotlari asosida oilaga doir qonun-qoidalar yanada mukammal qayta ishlandi. Xalqimizning milliy ma’naviyati, oilalarimizda amal qilinadigan tartib-qoidalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga egadir. Ular oila mustahkamligini ta’minlashda ulkan poydevor vazifasini o‘taydi.
Janob hazrat Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida marhamat qiladilar: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!».
Bu xususda shoirlarimizning ibratli so‘zlari bor:
«Birinchi g‘ishtni qiyshiq qo‘yarkan me’mor,
Osmonga yetsa ham qiyshiqdir devor».
Oilada erning mavqei balandligi, xotin ham o‘z xaq-huquqlariga egaligi, farzandlarning ota-onani hurmat qilishlarini olaylik. Ko‘p yillar davomida ota-bobolarimiz qalbiga singib ketgan ushbu milliy va diniy qadriyatlarni bugun yanada sayqallash kerakligini zamon talab etmoqda.
Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonda bema’ni xurujlar ko‘payib, ularning inson va jamiyat hayotiga salbiy ta’sirlari misli ko‘rilmagan darajada kuchayib bormoqda. Shuning uchun barchamiz ko‘zimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan bunday hamlalarga qarshi kurashmog‘imiz lozim.
Ayniqsa hozirgi yozgi ta’tillardan serma’no, sermahsul, mazmunli va unumli foydalanib,
har bir ota, har bir ona o‘z farzandiga:
uqtirib, yuqtirib, tushuntirib, singdirishimiz –
ham burchimiz, ham qarzimiz, ham farzimizdir!
XUDONING oldida ham, bandasini oldida ham, YURT-XALQIMIZ oldida ham!
Bularni hammasini bolalarimizga o‘rgatish uchun bizlarga hech qanday maxsus oliy ma’lumot ham, tegishli sertifikat ham, hech kanday qizil diplom ham kerak emas! Yoshlarimizda bu jihatlarini biz uyg‘otishimiz (!) kerak xolos. Zero shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor, ularning xamirturushlarida bor! Zero shu fazilatlarning hammasi bolalarimizning DNK larida mavjud!
Chunki bu xususiyatlarning barchasi bizlarning ota-onalarimizdan avloddan-avlodga, qon orqali o‘tib kelayapdi! “Buning qonida bor-da o‘zi!” deb yoki “olmaning tagiga olma tushadi”, “olma pishsa, tagiga tushadi” deb bejizdan-bejiz aytmaydi dono xalqimiz!
Kimning ona Vatanni sevish tuyg‘usi kuchli va imon-e’tiqodi mustahkam bo‘lsa, o‘zining o‘tmishini hurmatlab, yaxshi bilsa, «ommaviy madaniyat» tuzog‘iga tushib qolmaydi, dinu davlatimizning “xaqiqiy do‘stlari”ning qarmog‘iga ilinmaydi. Buning uchun oilada ota-onalar farzandlari bilan milliy musiqa, xalq qo‘shiq-ashulalarimizni eshitishsa, birgalikda kitob o‘qishsa, o‘qigan asarlarini birgalikda muhokama qilishsa, ularni turli sport seksiyalariga va musiqa to‘garaklariga jalb etishsa, erishilgan yutuqlari va egallayotgan tajribalariga qiziqishsa, ilm-hunar o‘rganishlarida hamnafas bo‘lishsa, yoshlarning yot g‘oyalar uchun vaqti ham, qiziqishi ham bo‘lmaydi.
Iloho o‘zlarimizni ham,
farzand-zurriyotlarimizni ham
Mehribon Parvardigorimiz O‘zi buyurgan,
Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan,
o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan,
xalqimiz xursand bo‘ladigan,
ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!
Ibrohimjon domla Inomov.
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, yurtimizda diniy ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shavkat MIRZIYOЕV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti ilk magistrlari tahsilni tamomladi
Donishmandlarning “Agar sizning rejangiz bir yillik bo‘lsa — sholi eking. O‘n yillik bo‘lsa — daraxt o‘tqazing. Agar bir asrlik bo‘lsa — farzandlaringizga ta’lim-tarbiya bering” degan hikmatli gapi bor.
Jamiyat ravnaqiga, Vatan taraqqiyotiga, xalq farovonligiga ta’lim-tarbiyachalik xizmat qiladigan boshqa biror fenomen bo‘lmasa kerak. Har bir davrning o‘ziga yarasha sarmoyadorlari, tujjorlari bo‘lgan. Lekin ularning nomlari tarix sahifalarida juda kam uchraydi, ayrimlari izsiz yo‘q bo‘lib ketgan. Lekin umrini sivilizatsiyalar taraqqiyotiga bag‘ishlagan mutafakkirlar, qomusiy allomalar, ma’rifat chirog‘i ostida elini buyuk orzular, nurafshon kunlar sari yetaklagan millat oydinlari, ulamolarning nomlari asrlar osha barhayotdir.
Prezidentimiz lavozimiga saylanishi bilanoq barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham ulkan islohotlarni boshlab berdi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim huquqiy asos bo‘ldi. Ushbu hujjatda qator ustuvor yo‘nalishlar, xususan, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va boshqa diniy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini yaxshilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, diniy ta’lim muassasalari huzurida fuqarolarga Qur’oni karimni o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish belgilangan.
Son emas, sifat muhim
Ilm dargohining ulug‘vorligi uning binolari yoki talabalari soni bilan emas, balki u yerdan yetishib chiqadigan ilmli, odobli, Vatani va millatiga sidqidildan xizmat qiladigan yetuk va salohiyatli kadrlar bilan o‘lchanadi. Yuzlab uchqunlar birgina quyoshning ziyosini to‘sa olmagani singari chinakam qadr-qiymat sonda emas, sifatdadir. Yangi O‘zbekistonda oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari faoliyatida ham asosiy mezon ta’lim sifati, ilmiy salohiyat, ma’naviy tarbiya va jamiyatga munosib xizmat qiladigan mutaxassislarni voyaga yetkazishda.
Mustaqillikning dastlabki chorak asrida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 9 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi va Toshkent islom instituti faoliyat yuritgan bo‘lsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yilda Buxoro shahrida Mir Arab oliy madrasasi, 2018 yilda Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi, 2020 yilda Termiz shahrida Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, 2024 yilda Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil etildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 4 ta oliy, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi (shundan ikkitasi ayol-qizlarga ixtisoslashgan) faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda tahsil olayotgan ikki yarim mingdan ziyod talabaga 500 ga yaqin professor-o‘qituvchi saboq berib kelmoqda.
Diniy soha xodimlarining asosiy qismini tashkil etadigan imom-xatiblarning bilim va malakalarini yanada oshirish, o‘rta maxsus diniy ma’lumotga ega imom-xatiblarni oliy diniy ma’lumotli kadrlar bilan almashtirish maqsadida 2019 yilda Toshkent islom institutida modul ta’lim tizimi joriy qilindi. Mazkur ta’lim tizimida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan imom-xatiblar tanlov asosida o‘qishga qabul qilinib, ishdan ajralmagan holda 3 yil davomida tahsil oladi. Bugungi kunga qadar bu ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 600 dan ziyod imom-xatib oliy ma’lumotga ega bo‘ldi.
Prezidentimizning 2023 yil iyun oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘i ijrosi yuzasidan 2024-2025 o‘quv yilida ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash, tor yo‘nalishlar bo‘yicha yetuk kadrlarni tayyorlash maqsadida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida magistratura mutaxassisligi tashkil etilgan edi.
Joriy yilda ilk 10 bitiruvchi “Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti” va “Hadis ilmlari” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura mutaxassisligini muvaffaqiyatli tamomladi. Yaqinda O‘zbekiston musulmonlari idorasining katta majlislar zalida magistrlarga tantanali ravishda diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, vazirlik va idoralar vakillari, taniqli ulamolar, imom-xatiblar, soha faxriylari, pedagog-o‘qituvchi va talabalar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov ilk bitiruvchilarni samimiy qutlab, tegishli pul mukofoti sertifikatlarini har bir magistrga tantanali ravishda topshirdi. Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bitiruvchilarni o‘qishini muvaffaqiyatli tamomlagani bilan muborakbod etib, katta tarixiy voqea bo‘lganini alohida ta’kidladi. Muftiy hazratlari ilk magistrlarning oylik ish haqiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 20 foiz miqdorida ustama haq to‘lab berilishini e’lon qildi. Bitiruvchi magistrlar O‘zbekiston musulmonlari idorasining markaziy apparati, Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga ishga taqsimot qilindi.
Tarix takrorlanib turadi
O‘zbekiston qadimdan buyuk allomalar, ulug‘ mutafakkirlar yurti sifatida e’zozlanadi, qadrlanadi. Tarixda yurtimiz allomalari butun dunyoga ustozlik qilgan, jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.
2024 yil 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh “Yurtingizning har qadamida ulug‘ allomalarning xoki bor. Bu zamin ilm va ulamolar yurtidir. Endi sizlarning vazifangiz ana shu buyuk merosni qayta tiriltirish va dunyoga tanitishdir”, degan edi. Haqiqatan, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida butun dunyo O‘zbekistonga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiylarga qanday talpingan bo‘lsa, bugun ham Uchinchi Renessans poydevori qo‘yilayotgan yurtimizga dunyo afkor ommasining qiziqishi tobora ortib boryapti.
Xalqimizda “Tarix takrorlanib turadi”, “Oqqan daryo oqaveradi” kabi ajoyib maqollar, naqllar bor. Chindan ham IX-XII hamda XIV-XV asrlarda yuksak aqlu zakovati, teran tafakkuri, boy ma’naviy-ma’rifiy salohiyati bilan butun dunyoni zabt etgan buyuk ajdodlarimiz singari bugun yangi O‘zbekistonda tahsil olayotgan yoshlar ham bobolarimizning munosib izdoshi sifatida tarixni takrorlashga astoydil kirishgan. Ular orasida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti magistratura yo‘nalishini tamomlagan o‘n nafar iqtidorli bitiruvchi ham bor. Ularni O‘zbekistonning yetuk mutaxassislari, Prezident kadrlari deya baralla ayta olamiz. Kelgusidagi faoliyatlariga Alloh taolodan ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Salohiddin ShЕRXONOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i
"Yangi O‘zbekiston" gazetasining 2026 yil 6 avgust sonidan