Hadis ilmi maktabining 2-bosqich talabalari buyuk muhaddis Imom Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziyning mashhur «Sunani Termiziy» asarini muvaffaqiyatli tamomlab, ushbu muborak ilm silsilasining ijozalarini (shahodatnomalarini) qo‘lga kiritdilar.
Kitobning yakuniy xatm tadbiri ramziy ma’noda Termiz shahrida, Imom Termiziy rahmatullohi alayh qo‘nim topgan tabarruk ziyoratgohda bo‘lib o‘tdi. Unda institut o‘qituvchisi, doktor Saloh Iso hamda Hadis kafedrasi mudiri Mahmudjon domla Abdurahmonov so‘zga chiqib, hadis ilmining fazilati va muhaddislar merosini o‘rganishning ahamiyati haqida qimmatli fikrlar bildirdilar.
Xatm jarayonida fan o‘qituvchilari Beknazar Muhammad Shakur va Abdulhay Xushvaqtov «Sunani Termiziy» kitobining so‘nggi hadislarini sharhlab, talabalarga ilmiy va tarbiyaviy tavsiyalar berdilar.
E’tiborlisi, tadbir davomida kelgusi o‘quv yilida ushbu asarni o‘qishi rejalashtirilgan 1-bosqich talabalari ham kitobni boshlab berishdi. Shu tariqa, ilm silsilasi uzilmasdan davom etib, bir guruh kitobni xatm qilgan bo‘lsa, yangi avlod uni o‘rganishga kirishdi.
Alloh taolo ushbu muborak kitobdan olingan ilmlarni manfaatli qilib, muhaddislar merosini kelgusi avlodga yetkazish yo‘lidagi xizmatlarni barakali qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Jahon tibbiyot jurnallarida (Annals of Internal Medicine, The British Medical Journal) chop etilgan yirik ilmiy tadqiqotlarda surrogat onalikning sog‘liq uchun bir qancha salbiy tomonlari isbotlangan.
Ilmiy kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, surrogat onalarda homiladorlik va tug‘ruq asoratlari oddiy ayollarga nisbatan 3 baravar yuqori bo‘ladi. Qolaversa, tug‘ruqdan keyin bachadondan kuchli qon ketishi va infeksiya tushish xavfi sezilarli darajada ortadi.
Surrogat onaning organizmi o‘ziga mutlaqo begona bo‘lgan (genetik aloqasi yo‘q) embrionni qabul qilgani sababli, immun tizimi reaksiya beradi. Buning natijasida qon bosimining xavfli darajada ko‘tarilishi ko‘p kuzatiladi.
Surrogat homiladorlikda jarrohlik amaliyoti orqali tug‘ruq ko‘p hollarda oldindan rejalashtiriladi, bu esa ichki a’zolarning chandiqlanishiga va bachadon yirtilishi xavfiga olib keladi.
Embrion bachadonga o‘rnashishi uchun surrogat onaga juda ko‘p miqdorda sun’iy gormonlar yuboriladi. Bu jigar, buyrak faoliyatiga zarar yetkazadi.
Surrogat onalikda bolalar ko‘pincha 37-haftaga yetmay, vaqtidan oldin tug‘iladi. Chala tug‘ilish oqibatida go‘daklarning vazni normadan past bo‘ladi va ularning o‘pka hamda boshqa a’zolari to‘liq rivojlanmaydi.
Ilmiy jihatdan bola surrogat onaning genini olmasa ham, homiladorlik davrida surrogat onaning turmush tarzi, stresslari va sog‘lig‘i bolaga bevosita ta’sir qiladi.
Bola tug‘ilgan zahoti uni 9 oy davomida ko‘tarib yurgan, yurak urishini eshitib o‘sgan onasidan (surrogat onadan) ajratib olinadi. Bu chaqaloq uchun ham, tuqqan ayol uchun ham kuchli ruhiy stress (psixologik jarohat, trauma) keltirib chiqaradi.
Germaniya, Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Norvegiya, Avstriya, Shveysariya, Finlyandiya, Estoniya, Slovakiya, Xitoy, Yaponiya kabi davlatlarda bu amaliyot qonunan taqiqlangan. Ispaniyada hatto xorijga borib surrogat ona xizmatidan foydalanish ham jinoyat sanaladi.
Islom shariatida surrogat onalik (xoh u pul evaziga bo‘lsin, xoh bepul) qat’iyan taqiqlangan va harom sanaladi. Bu bo‘yicha Butunjahon Islom Fiqhi Akademiyasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasining fatvolari mavjud.
Davron NURMUHAMMAD