Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z huzurlarida Aqra’ ibn Hobis Taymiy o‘tirganida Hasan ibn Alini o‘pdilar. Shunda Aqra’:
"Mening o‘nta bolam bor. Ulardan birortasini o‘pganim yo‘q", dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga nazar soldilar-da, so‘ng:
"Rahm qilmaganga rahm qilinmas", dedilar (Imom Buxoriy, imom Abu Dovud, imom Termiziy rivoyati).
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati