Buxoro shahridagi «Abu Bakr as-Siddiq» jome masjidida gapirish va eshitishida nuqsoni bo‘lgan fuqarolar uchun "Farzand tarbiyasi va himoyasi — katta mas’uliyat" mavzusida ma’rifiy suhbat bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda masjid imom-noibi Dilshod domla Hodiyev ishtirokchilarga mavzuning diniy va ijtimoiy ahamiyatini tushuntirib berdi. Ma’lumotlar imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga malakali surdo tarjimon Dilfuza A’lamova tomonidan imo-ishora tilida mahorat bilan yetkazildi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan aqida, fiqh va kundalik ijtimoiy hayotga doir savollariga atroflicha javob oldilar.
Tadbir yakunida Buxoro viloyati vakilligi tomonidan qatnashchilarga bayram tuhfalari ulashildi.
Alloh taolo bunday xayrli va savobli ishlarni bardavom aylab, ehson sohiblaridan rozi bo‘lsin!
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati