frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

"Haj – 2026" mavsumida qancha ziyoratchi ulug‘ ibodatni ado etdi?

03.06.2026   18402   1 min.

Saudiya Arabistonining rasmiy statistika idorasi (General Authority for Statistics) ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilgi Haj mavsumida butun dunyodan jami 1 million 707 ming 301 nafar ziyoratchi haj amalini ado etdi. Ularning 1 million 546 ming 655 nafari xorijdan kelgan mehmonlar bo‘lsa, 160 ming 646 nafarini Saudiya Arabistoni fuqarolari va rezidentlari tashkil qildi.

Muborak ibodatni ado etganlarning 893 ming 396 nafari erkaklar, 813 ming 905 nafari esa ayollardir.

Xorijlik ziyoratchilarning asosiy qismi, ya’ni 1 million 485 ming 729 nafari muqaddas zaminga samolyotda yetib kelgan. Shuningdek, 54 ming 429 nafar ziyoratchi avtomobil yo‘llari, 6 ming 497 nafari esa dengiz orqali borgan.

Millionlab insonlar bir vaqtning o‘zida yig‘iladigan bunday ulkan tadbirni boshqarish dunyodagi eng katta tashkiliy jarayonlardan biri hisoblanadi. Shu bois, Saudiya rasmiylari oxirgi yillarda Haj ziyoratini raqamli boshqaruv, xavfsizlik va logistika jihatidan yanada tizimlashtirishga, ziyoratchilarga maksimal qulayliklar yaratishga katta e’tibor qaratmoqda.

Alloh taolo barcha hojilarimizning ziyoratlarini qabul aylab, yurtimizga sog‘-salomat qaytib kelishlarini nasib qilsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Imom Buxoriy" ordeni — yuksak ehtirom ramzi!

28.08.2026   14252   2 min.

Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.

Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!

Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan  O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.

Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.

Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.

Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.

Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).

Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.

Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari