“Mazhab” so'zi arab tilida “yo'l”, “yo'nalish”, shar'iy istilohda esa “diniy masala bo'yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo'li” ma'nolarini bildiradi.
Hanafiy mazhabi ahli sunna val jamoa yo'nalishining to'rt fiqhiy mazhablari orasida asrlar osha ergashuvchilarining ko'pligi, mustahkam asoslari va qulayligi bilan ajralib turadi.
Hanafiylik mazhabi faqat Imom Abu Hanifaning ijtihodlari asosidagina shakllanmagan. Abu Hanifa rahmatullohi alayh Iroq fiqhiy maktabining yorqin vakili hisoblanadi. Iroq fiqhiy maktabi asoslari Kufada yashagan Hazrati Ali roziyallohu anhu, Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu boshliq bir ming besh yuzdan ortiq sahobaga tayanadi.
Abu Hanifa rahmatullohi alayh mujtahid (oyat va hadislardan hukm chiqarishga salohiyati bor, etuk olim) darajasidagi ko'plab shogirdlari hamrohligida o'z davrlarida paydo bo'lgan deyarli barcha fiqhiy masalalarni tizimli ravishda echimini topib, hattoki hali sodir bo'lmagan faraziy masalalarga ham echim topganlar. Shu tariqa kelajak avlodga juda katta fiqhiy meros xazinasini qoldirdilar.
Imom A'zam Abu Hanifaning o'zlariga xos ijtihod yo'llari mavjud bo'lib, u kishi buni quyidagicha ta'riflaydilar: “Men hukmlarni Qur'ondan olaman. Agar Qur'ondan topa olmasam, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislaridan olaman. Agar Qur'ondan ham, Rasulullohning hadislaridan ham topa olmasam, sahobalardan xohlaganimning fatvosini olaman, xohlamaganimni olmayman. Keyin ularning so'zlaridan chiqmayman. Ammo tobeinlarga kelsak, masalan, Ibrohim an-Naxa'iy, Sha'biy, Hasan, Ibn Sirin, Said ibn Musayyablardek, mening ham ularga o'xshab ijtihod qilishga haqqim bor”.
Demak, Imom A'zam rahmatullohi alayhning hukm chiqarishda tutgan yo'llari quyidagi hadisga muvofiq bo'lgan:
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni yamanliklarga islomni o'rgatish uchun yuborganlar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu jo'nab ketayotgan paytlarida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam u kishini to'xtatib, shunday deganlar:
“U erda sizga biror masala duch kelsa, qanday qilib hukm chiqarasiz?” deb so'radilar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu: “Allohning kitobi ila”, deb javob berdilar. Rasuli Akram sollallohu alayhi va sallam: “Allohning kitobidan topa olmasangiz-chi?” deb so'radilar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu: “Rasulullohning hadislari bilan”, deb javob berdilar. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: “Rasulullohning hadislaridan ham topa olmasangiz-chi?” deb so'radilar. Shunda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu: “Qarab turmasdan fikrim ila ijtihod qilaman”, dedilar.
Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam bu javoblardan g'oyat mamnun bo'ldilar va: “Rasulullohning elchisini Rasulullohni rozi qiladigan narsaga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo'lsin”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Moturidiya aqidasi asoslari. Aqidaning lug'aviy ma'nosi – bir narsani haq deb bilib, qalbda mahkam tutmoqlikdir. Aqidaning aqoid ilmi istilohidagi ma'nosi esa, musulmonlar haq va to'g'ri deb ishonib, e'tiqod qiladigan masalalardir.
Rasullar ummatlarini, avvalo, sof aqidaga, ya'ni Alloh taoloning borligi, birligini tasdiq etish, unga noloyiq bo'lgan barcha sifatlardan pok ekaniga ishonish, oxirat kuni, hisob-kitob, jannat-do'zax haqligiga imon keltirishga da'vat etganlar.
Barcha payg'ambarlarning aqidasi bir bo'lib, shariatlari har xil bo'lgan. Aqidani qalbga mustahkam o'rnatib olish va qalb undan hech qachon gumon qilmasligi hamda unga haqiqiy ishonishi kerak. Aqidasiz kishining hayoti hayot emas. Aqidasiz umr juda og'ir va ma'nosizdir. Aqida bilan o'tgan umr esa juda yaxshi, lazzatli va ma'noli bo'ladi.
Darhaqiqat, aqida bu – Islomning asosiy poydevori bo'lib, uning sahih va sog'lom bo'lishi o'ta muhimdir. Zero, aqida birligi jamiyatdagi birlikka sabab bo'ladi, odamlarning maslaklari va g'oyalari bitta bo'lgani uchun ham o'zaro ixtilofga borishmaydi.
Muqaddas Islom dinimizdagi yagona va eng to'g'ri aqida bu – ahli sunna val jamoa aqidasidir. Zero, kishining aqidasi to'g'ri bo'lsa, uning yuradigan yo'li to'g'ri bo'ladi. Aqidasi to'g'ri bo'lgan odam yaxshiliklarning eshigini ochguvchi, yomonliklarning eshigini yopguvchi kalit singaridir. Saodat asrining buyuk vakillari bo'lmish sahobalar ham o'z aqidalarida mustahkam bo'lib, ularni dunyoning hech bir narsasi chalg'ita olmagan. Jumladan, Hazrati Ali karramallohu vajhahuning Alloh taologa bo'lgan ishonchi shunchalik kuchli ediki, hech bir narsa uning imoniga xalal bera olmas edi. U zot o'z imoni xususida bunday degan: “Agar parda ko'tarilib, Allohning jamolini ko'rsam ham, imonim zarracha ko'paymaydi”.
Ammo kishining aqidasi buzuq bo'lsa, u qilgan amallarning ko'pligi unga foyda bermaydi. Sog'lom aqida bilan bajarilgan ozgina amalning savobi buzuq aqida bilan bajarilgan ko'plab amallarning savobidan ustun bo'ladi. Zero, ulug' allomalarimizdan biri So'fi Ollohyor: “Aqida bilmagan shaytona eldur, Agar ming yil amal deb qilsa eldur”, deb juda ham to'g'ri aytgan.
Chust tumani "Kattabog'" jome masjidi imom xatibi Mahmud Jalolov
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda amalga oshirilgan o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.
U Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelgan davrdagi vaziyat bilan bugungi holat o‘rtasida katta farq borligini ta’kidladi.
"Shavkat Miromonovich O‘zbekistonga rahbarlik qilishni boshlaganida vaziyat butunlay boshqacha edi. Buni O‘zbekiston fuqarolari ham, biz ham juda yaxshi bilamiz. Shu sababli u mamlakatni rivojlanish yo‘liga qo‘yish hamda davlatning iqtisodiy jihatlarini noldan shakllantirish uchun katta kuch bilan ishlashiga to‘g‘ri keldi", — dedi Ilhom Aliyev.
Ozarbayjon rahbari sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ishlarga ham to‘xtaldi.
"Bugun biz butunlay boshqacha O‘zbekistonni ko‘rib turibmiz — jahon hamjamiyatining juda hurmatga sazovor a’zosiga aylangan O‘zbekistonni. Sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar juda tezkor va samarali hal etilmoqda", — dedi u.
Ilhom Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar va islohotlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik loyihalari uchun ham muhim zamin yaratgan.
"Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasi tomonidan O‘zbekiston uchun qilingan ishlar va bu islohotlar bo‘lmaganida, birorta ham hamkorlik loyihasini amalga oshirishning imkoni bo‘lmasdi", — dedi Ozarbayjon Prezidenti.
Shuningdek, u Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelguniga qadar ikki mamlakat o‘rtasida birorta ham qo‘shma loyiha bo‘lmaganini ta’kidladi.
Ayni paytda tomonlar o‘zaro tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Ilhom Aliyev bu ko‘rsatkichni uzoq muddatli orzu emas, balki yaqin ikki yilda amalga oshadigan natija sifatida baholadi.
"Bugun biz 1 milliardlik tovar aylanmasi haqida gaplashyapmiz. Bu qandaydir uzoq muddatli orzu emas, yaqin ikki yilda amalga oshadigan ishdir", — dedi u.
Ozarbayjon rahbari ikki tomon iqtisodiyoti ehtiyoj sezayotgan sohalardagi investitsiya loyihalari va o‘zaro sarmoyalar ham muhokama qilinganini qayd etib, bunday hamkorlik ikki davlatning parallel ravishda rivojlanishi natijasida yuzaga kelganini qayd etdi.