O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi hamda Respublika qon quyish markazi hamkorligida O‘zbekiston musulmonlari idorasida ko‘chma qon yig‘ish xayriya tadbiri tashkil etildi.
“Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostida o‘tkazilayotgan beg‘araz donorlik aksiyasida Diniy idora xodimlari faol ishtirok etib, qonga muhtoj va bemor bolajonlar salomatligi yo‘lida o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdi. Xalqimizga xos mehr-muruvvat va saxovat ramzi bo‘lgan ushbu tadbir jamiyatda insonparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Maxmudova boshchiligidagi partiya faollari O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga Idora xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar, boy kitob fondiga ega kutubxona hamda ma’naviy-ma’rifiy ko‘rsatuvlar tayyorlanadigan zamonaviy media studiya faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda ma’naviyat, ma’rifat, ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash va aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini rivojlantirish yo‘lida hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Partiya rahbariyati insonparvarlik aksiyasini yuqori saviyada tashkil etishda yaqindan ko‘maklashgan va unda faol ishtirok etgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati hamda jamoasiga samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida diniy-ma’rifiy sohada samarali faoliyat yuritayotgan, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash va yoshlarni yot g‘oyalardan asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh soha xodimlari taqdirlandi.
Tadbirda Qumqo‘rg‘on tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Z.Eshqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularning el-yurt osoyishtaligi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishdagi xizmatlarini yuqori baholadi.
Marosimda fidoyi soha xodimlariga tuman hokimligining tashakkurnomalari va bayram esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati