Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2026   |   22 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:59
Xufton
21:35
Bismillah
09 Iyun, 2026, 22 Zulhijja, 1447

Yoshligimni saqlab qoldim

08.06.2026   10134   1 min.
Yoshligimni saqlab qoldim

Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadi: «Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsa-da, tetik, ko‘zlari ravshan, hatto tishlari ham soppa-sog‘ edi. U kishidan buning sababini so‘raganimda:“Yoshlikda a’zolarimni gunohlardan asragandim, qariganimda ham Alloh taolo ularning xizmatidan mahrum etmadi”, deb javob berdi».

Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham qayiqdan sakrab tushardi. U kishini ko‘rganlar: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganida, ustoz: “Biz a’zolarimizni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedi.

Hasan Basriy rahmatullohi alayh 90 yoshdan oshgan bo‘lsa-da, dalada ishlardi. Buni ko‘rganlar: “Hali ham yosh yigitdek mehnat qilasiz. Bunga qanday erishgansiz?” deb so‘rashdi.

Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedi.

“Yoshligini saqladi” degan iboradan zinodan uzoq bo‘lish tushuniladi. Chunki zino umrni qisqartiradi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kiber xavfsizlik va internetdagi aldovlardan ehtiyot bo‘lish

09.06.2026   3051   2 min.
Kiber xavfsizlik va internetdagi aldovlardan ehtiyot bo‘lish

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taolo insonga aql, ilm va texnologiya ne’matlarini ato etdi. Bu ne’matlardan yaxshilik yo‘lida foydalanish bandaning vazifasidir. Ammo bugungi kunda internet tarmoqlarida firibgarlik, aldov, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash va boshqalarning molini nohaq yo‘l bilan qo‘lga kiritish kabi jinoyatlar kengayib bormoqda.

Qur’oni Karimda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Bir-birlaringizning mollaringizni nohaq yo‘l bilan yemanglar" (Baqara surasi, 188-oyat).

Internet orqali bank kartalarini buzish, soxta havolalar yuborish, odamlarning pullarini firib bilan tortib olish ushbu oyatda qaytarilgan nohaq ishlar jumlasidandir.

Yana Alloh taolo deydi: "Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o‘z egalariga topshirishingizni buyuradi" (Niso surasi, 58-oyat).

Insonning shaxsiy ma’lumotlari, parollari va elektron hisoblari ham omonat hisoblanadi.

Ularni himoya qilish va boshqalarning ma’lumotlariga tajovuz qilmaslik musulmonning burchidir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kim bizlarni aldasa, bizdan emas" (Imom Muslim rivoyati).

Internetda yolg‘on reklama berish, soxta savdo qilish, odamlarning ishonchini suyiste’mol qilish ushbu hadis tahdidiga kiradi.

Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Musulmon — boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishidir" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bugungi kunda inson faqat qo‘li bilan emas, balki telefoni, kompyuteri va internet orqali ham zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun haqiqiy musulmon boshqalarning mol-mulki va ma’lumotlariga ziyon yetkazmaydi.

Rivoyat qilinishicha, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu davlat molidan foydalanishda shunchalik ehtiyotkor edilarki, shaxsiy ishlari uchun davlat chirog‘ini o‘chirib qo‘yar edilar. Bu voqea musulmon kishi o‘z haqqi bo‘lmagan narsaga hatto arzimas darajada ham ko‘z olmasligi lozimligini o‘rgatadi.

Aziz yoshlar! Internetda noma’lum havolalarga kirmang, parollaringizni boshqalarga bermang, soxta sovrinlar va tez boyish va’dalaridan ehtiyot bo‘ling. Texnologiyadan ilm, ma’rifat va halol rizq uchun foydalaning.

Alloh taolo barchamizni internet fitnalari, firibgarlik va jinoyatlardan asrasin. Texnologiyalarni insonlarga manfaat yetkazish yo‘lida ishlatuvchilardan qilsin. 

Abdulloh Muhiddinov,
Namangan shahar “Yoqubboy hoji” jome masjidi imom noibi 

MAQOLA