Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi hamda “Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat yurtimizda islomshunoslik, hadisshunoslik va manbashunoslik sohalaridagi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, boy milliy-ma’naviy merosimizni chuqur o‘rganish hamda yosh avlodni milliy qadriyatlar va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash maqsadida tuzildi.
Hamkorlik doirasida birgalikda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlari tashkil etish, tarixiy manbalar va qo‘lyozmalarni o‘rganib, ularni ilmiy tavsiflash hamda keng targ‘ib qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, tadqiqotchilar va talabalar uchun o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amaga oshirish orqali milliy merosimizni xalqaro miqiyosda keng namoyish etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ushbu kelishuv ilm-fan va ma’rifat yo‘lidagi izchil hamkorlikni yanada mustahkamlash, boy ilmiy-ma’naviy xazinamizni asrab-avaylash hamda uni xalqimizga tizimli yetkazish borasida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati