Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ba’zilar Qur’oni karim oyatlari tilovati bilan muolaja qilish mumkinligi va bu Kitobda Alloh taolo va’da qilgan shifo xususiyatlari borligi haqida shubhalanib, quyidagi savollarni beradi.
Oyatlar tilovati qanday shifo bo‘lishi mumkin? Qur’oni karim tilovat qilingandagi ovoz boshqa ovozlardan qanday farq qiladi?
Albatta, bu savollar egalarini faqat ilmiy yo‘l bilan berilgan javobgina qoniqtiradi.
Qur’oni karim oyatlarining Alloh taoloning izni bilan shifo bo‘lishda va ta’sir etish quvvatida barcha narsalardan ajralib turuvchi bir necha sabablari bor. Quyida ayrimlarini sanab o‘tamiz:
1. Qur’oni karimda insonlar yozgan kitoblarda umuman topilmaydigan o‘ta nozik hamohanglik borligi.
Darhaqiqat, undagi har bir kalima va harflar aniq va mustahkam tarzda tartib topgandir. Alloh taolo aytadi:
﴿الر كِتَابٌ أُحْكِمَتْ آَيَاتُهُ ثُمَّ فُصِّلَتْ مِنْ لَدُنْ حَكِيمٍ خَبِيرٍ﴾
"Alif, Lom, Ro. (Bu) oyatlari mustahkam (qat’iy) qilingan, so‘ngra hikmat egasi va (hamma narsadan) xabardor bo‘lmish Zot tomonidan batafsil bayon etilgan Kitobdir" (Hud surasi, 1-oyat).
Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, ushbu tartib yetti va uning takrorlanishi ustiga qurilgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
﴿وَلَقَدْ آَتَيْنَاكَ سَبْعًا مِنَ الْمَثَانِي وَالْقُرْآَنَ الْعَظِيمَ﴾
"Darhaqiqat, Biz Sizga yetti takrorlanuvchi (yetti oyatli «Fotiha» surasi)ni va ulug‘ Qur’onni ato etdik" (Hijr surasi, 87-oyat).
Jismimizdagi har bir zarrani o‘rganadigan bo‘lsak, u yetti (tabaqa) qatlamdan iborat (ilmiy isbotlangan). Bu ham Allohning izni bilan oyatlarning jismimizga shifo bo‘lib ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlaydi. Shuning uchun ham, kishi o‘ziga yoki boshqa kishiga dam solmoqchi va duolarni o‘qimoqchi bo‘lsa yetti marta takrorlaydi.
Fotiha surasining ajablanarli jihati, اللَّه lafzidagi ا, ل va ه harflari ushbu surada 49 marta takrorlanadi. Bu son 7 ni 7 ga ko‘paytmasidan kelib chiqishi ma’lum. Yuqorida ushbu surani yetti takrorlanuvchi deb nomlanishini aytib o‘tdik. Go‘yoki, Alloh taolo 7 raqamiga ishora qilib, ushbu surani shifo quvvati yanada ziyoda bo‘lishi uchun yetti marta takrorlashga ko‘rsatma bergandek. Vallohu a’lam.
2. Qur’on oyatlari tilovati tovushlarining o‘zaro ravon va mutanosibligi.
Qur’on oyatlarini tinglaganda uning oyatlari inson so‘zi bo‘lgan har qanday she’r yoki nasrdan butkul farq qiluvchi ekanini his etiladi. Alloh taolo aytadi:
﴿وَرَتَّلْنَاهُ تَرْتِيلًا﴾
"va uni tartili[1] bilan (ravon) o‘qib berdik" (Furqon surasi, 32-oyat).
Ushbu ravon va mutanosiblik inson bosh miyasi faoliyatiga juda muvofiq keladi. Chunki Alloh taolo borliqdagi har bir narsalarni o‘ziga xos, tebranuvchi qilib yaratgan. Qur’oni karim tilovati inson bosh miyasi hujayralarining harakatini mo‘tadillashtiradi. Alloh taolo aytadi:
﴿فِطْرَةَ اللَّهِ الَّتِي فَطَرَ النَّاسَ عَلَيْهَا لَا تَبْدِيلَ لِخَلْقِ اللَّهِ ذَلِكَ الدِّينُ الْقَيِّمُ وَلَكِنَّ أَكْثَرَ النَّاسِ لَا يَعْلَمُونَ ﴾
"Insonlarni o‘sha asosda yaratgan Allohning yaratuvchiligini (anglangiz!) Allohning yaratishiga o‘zgartirish yo‘q. Eng to‘g‘ri din shudir, lekin ko‘p odamlar (buni) bilmaslar" (Rum surasi, 30-oyat).
Fitrat so‘zi iymon ya’ni, Alloh taolo bandalarini iymon uzra yaratgan. Boshqa bir lug‘atda fitrat - “tug‘ma xususiyat” ma’nosida ham keladi. Agar inson ruhan tushkunlikka tushsa, yoki kasal bo‘lsa, mana shu “tug‘ma xususiyat” ya’ni uning tabiatida o‘zgarish sodir bo‘lgan hisoblanadi. Uni asl holatiga qaytarish va muvozanatini tiklashda bosh miya hujayralarini “sog‘lom” tovush to‘lqinlari bilan oziqlantirish lozim bo‘ladi. Bu borada Qur’oni karim eng afzal vasiladir. Qur’onni tilovat qilinganda tovush tebranishlari bosh miya hujayralari o‘rtasidagi muvozanatni tiklaydi. Chunki, Qur’oniy tovush to‘lqinlari tebranishida o‘ziga xos mutanosiblik bor. Alloh taolo aytadi:
﴿أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآَنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا﴾
"Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar" (Niso surasi, 82-oyat).
Mana, o‘n to‘rt asr o‘tayotgan bo‘lsada, ilohiy mo‘jiza – Qur’oni karim oyatlarida keltirilgan ma’lumotlarda birorta xato jumla topilgani yo‘q, topilmaydi ham. Falakiyot, koinot, hayvonot, nabotot, ilohiyot va tabiiyotga doir oyatlarning naqadar to‘g‘ri ifoda etilgani kun sayin o‘z tasdig‘ini topib kelmoqda.
Xususan, Qur’on oyatlarida, hattoki, harflarida ham bir-biriga zidlik, o‘zgaruvchanlik yo‘q. Undagi muvozanat kasalliklarga shifodir. Oddiy bir inson bemorga xushxabar aytsa, uni quvontirib, kasalligini unittiradimi? Demak, albatta, Qur’on tilovati zaif hujayralarni tetiklashtirib, bemorning immunitetini oshiradi.
3. Har bir oyatlar cheksiz ma’nolarga egaligi. Qur’on cheksiz ma’nolarga ega. Unda turli ma’nolar ichida barcha kasalliklarga muolaja bo‘luvchi ma’nolarni ham topamiz. Qur’on oyatlari insonning faqat ruhi va nafsi bilan bog‘liq kasalliklarni muolaja qilibgina qolmay, uning jismoniy kasalliklarini ham davolaydi.
Alloh taolo marhamat qiladi:
﴿لَوْ أَنْزَلْنَا هَذَا الْقُرْآَنَ عَلَى جَبَلٍ لَرَأَيْتَهُ خَاشِعًا مُتَصَدِّعًا مِنْ خَشْيَةِ اللَّهِ وَتِلْكَ الْأَمْثَالُ نَضْرِبُهَا لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ﴾
"Agar Biz ushbu Qur’onni biror tog‘ uzra nozil qilganimizda edi, albatta, u (tog‘)ni Allohning qo‘rquvidan o‘zini xor tutgan va yorilib ketgan holida ko‘rgan bo‘lur edingiz. Biz bu misollarni odamlarga zora ular tafakkur qilsalar, deb keltirmoqdamiz" (Hashr surasi, 21-oyat).
Ya’ni Qur’oni karimning qanchalik og‘ir mas’uliyat va ibrat manbai ekani, undagi ilohiy ta’limot shunchalik ta’sir kuchiga egaki, oyatdagi “tamsil”, ya’ni tasviriy misolga ko‘ra, agar biror tog‘ga ong ato etilib, unga shu Kitob tushirilganida hatto, tog‘ ham toqat qila olmay, uning mas’uliyatidan qo‘rqib yorilib ketadigan bo‘lsa, biz aqlli insonlar nega bu muqaddas kitob va ilohiy xitobga beparvolik qilamiz, deb tafakkur qilsinlar, demoqchi vallohu a’lam.
Agar هَذَا الْقُرْآَنَ iborasidan maqsad undagi biz bilgan har bir oyat, kalima va harflar biror tog‘ga nozil qilinganda edi, u Allohning Kalomi og‘irligidan, qo‘rquvdan parchalanib mayda-mayda bo‘lib ketgan bo‘lardi. Shuning uchun, biz Qur’on nafaqat nafsiy illatlarni yo‘qotadi, balki jismoniy kasalliklarga ham shifo bo‘ladi deymiz.
4. Amaliy tajribalar. Qur’on o‘n to‘rt asrdan ziyod vaqt mobaynida bugungi kunimizgacha millionlab insonlarga shifo bo‘layotgani Allohning Kalomi barcha kasalliklarga muolaja qilishda ta’sirga ega ekaniga eng katta dalil bo‘ladi.
Qancha-qancha tuzalmas kasallikka uchrab tibbiy muolaja kor qilmay, Qur’oni karim bilan shifo topganlar bor. Bunda albatta, mo‘min kishi uning shifo ekaniga ishonishi lozim. Chunki, shifo topishda ishonch katta ahamiyatga ega. “Tabibga ishonch - yarim shifodir” deyiladi. Barcha dardlarga shifo beruvchi Alloh bo‘lsa, Unga qanday ishonmaslik mumkin?
Alloh taolo insonni yaratib, uning yashashi va harakatlanishi uchun a’zolarini go‘zal tarzda tartiblagan. Agar ushbu tartibga nuqson yetsa, inson ruhan va jismonan charchab, bosh miya hujayralarida o‘zgarish sodir bo‘ladi. Yana tabiiy holatni qaytarish uchun esa, unga Qur’on tilovati bilan ta’sir qilish lozim.
Har bir go‘dak sog‘lom fitrat uzra dunyoga keladi. Uning tanasidagi barcha hujayralar mo‘tadil muvozanatda tebranib turadi. Vaqt o‘tishi bilan atrofdagi voqealar, tanasi kirlanishi va turli kasalliklarga chalinishi uning hujayralari tartibi o‘zgarishiga salbiy ta’sir qiladi. Qur’oni karim uning tartibini asl holatiga qaytaradi.
"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li
[1] Tartil – bu Qur’onni dona-donalab, aniq va ravon o‘qish. Bu yerda Jabroil alayhissalomning o‘qib berishi ko‘zda tutilgan.
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati