Sabr qiling, sizga yetsa ofat,
Kuting, ortidan tezda kelar baxt.
Bir tajriba qilib ko‘ring: Bomdod namozini o‘qiganingizdan so‘ng o‘n-o‘n besh daqiqa qiblaga qarab tavoze’ bilan o‘tiring, zikr va duoni ko‘paytiring. Allohdan go‘zal, muborak, baxtiyor kun so‘rang. Undan bugungi kuningizga muvaffaqiyat, yomonlik va mushkul ishlardan panoh so‘rang. Bu kuningizga keng rizq va uning yaxshiligini tilang. Chunki rizq, shodlik va yaxshilik Allohdangina so‘raladi. Alloh nasib qilsa mana shu kun siz uchun bugungi manfaatli, muborak va go‘zal kuningiz uchun kafil bo‘ladi.
Agar siz biror amalni bajarsangiz, tavoze’ bilan o‘tirib xushovoz va ta’sirli qorining qiroatini tinglasangiz qalbingizdagi xiralik, shak va gumonlar yuvilib ketadi. Shunda siz go‘zal va qalbingiz xotirjam bo‘lganini his qilasiz.
Shu’la: Qila olmaydigan ishlaringiz tufayli g‘am yemang. Buning o‘rniga qila oladigan ishlaringizni yanada go‘zal bajarishga harakat qiling.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati